20:10 / 15.09.2019
4 607

Kleopatraning 4 vorisi: malikaning halokatidan so‘ng bolalariga nima bo‘lgan?

Kleopatraning 4 vorisi: malikaning halokatidan so‘ng bolalariga nima bo‘lgan?
Kleopatraning hayoti va murakkab taqdiri haqida ko‘plab kitoblar yozilgan, bir necha o‘nlab filmlar suratga olingan. Ammo Misrning so‘nggi qirolichasi haqidagi hujjatli asarlarning aksariyati Kleopatraning fojiaviy ravishda o‘z joniga qasd qilishi bilan tamomlanadi va uning bolalari borasida deyarli hech bir so‘z yuritilmagan. Ko‘pchilik, qirolichadan 4 merosxo‘r — uch o‘g‘il va bir qiz qolganini bilmasa kerak. Onasining o‘limidan so‘ng ularning hayoti qanday kechgani haqida ma’lumotlar berishga harakat qilamiz.

1. Ptolemey XV
Vaholanki o‘sha davrdagi Rimning rasmiy hujjatlari va hatto Sezarning shaxsiy vasiyatnomasida ham bu haqida bir og‘iz so‘z aytilmagan bo‘lsada, uning otasi Gay Yuliy Sezar edi. Zamondoshlar taxtning yosh vorisi va Buyuk Rim qo‘mondoni tashqi ko‘rinishlarida o‘xshashliklarni payqashgan, Sezar o‘z do‘stlari davrasida uni o‘z o‘g‘li deb tan olganini ba’zilar tasdiqlagan.

Tarixchilar shunga aloqador bo‘lgan uning tug‘ilgan sanasi borasida ham bahslashishadi: ayrimlar eramizdan avvalgi 47-yilni nazarda tutishadi, boshqalar esa voris 44-yilda, Sezarning o‘limidan so‘ng tug‘ilgan degan fikrni ilgari suradi. Rimdagi navbatdagi davlat to‘ntarishi va Sezarning o‘limidan so‘ng Kleopatra o‘g‘li bilan Misrga qaytganidan bir muncha vaqt o‘tib Ptolemey XV Misr taxtining merosxo‘ri deb e’lon qilinadi. Ibodatxonalarda Kleopatra uning regenti sifatida tasvirlangan bareleflarni uchratish mumkin.

Ammo unga Misrning to‘laqonli hukmdori bo‘lish nasib etmagan. Tez orada taxt qo‘ldan ketishini his qilgan Kleopatra to‘ng‘ich farzandini himoya qilish uchun uni Aleksandriyadan uzoqqa yuboradi va o‘g‘li mamlakat chegarasidan o‘ta olib, fitnalar tinguncha omon qolishiga umid qiladi. Biroq qochish rejasi amalga oshmaydi. Yosh yigitchani ham Misr, ham Rim taxtining talabgori, demakki o‘zining raqibi sifatida ko‘rgan Oktavian Avgust qo‘lga tushirib qatl qildiradi.

Rim imperatori Kleopatraning faqatgina to‘ng‘ich o‘g‘lini ta’qib qilgani va boshqa bolalariga tegmagani ham uning otasi Gay Yuliy Sezar bo‘lganini tasdiqlaydi.

2. Aleksandr Gelios
Kleopatraning ikkinchi o‘g‘li o‘zining egizak singlisi bilan birgalikda eramizdan avvalgi 40-yilda dunyo yuzini ko‘radi. Uning otasi Kleopatra bilan nikoh tuzgan Rim sarkardasi va konsul Mark Antoniy edi. Onasining o‘limi paytida u 10 yoshga ham to‘lmagandi. Aleksandriya bosib olingandan so‘ng Oktavian Avgust uni ham asirga oladi va Rimdagi triumf vaqtida asosiy o‘lja sifatida namoyish etiladi.

Keyinchalik u o‘z otasining qarindoshlari qo‘liga tarbiyalash uchun yuboriladi va erta o‘lim topadi.

3. Kleopatra Selena II
Kleopatraning boshqa bolalariga nisbatan aynan qizi yetarlicha uzoq va aytish mumkinki baxtliroq umr kechirgan. Misrning so‘nggi malikasining Mark Antoniydan bo‘lgan qizi ham onasi vafot etganidan keyin xuddi egizak akasi singari Rim triumfi qatnashchisiga aylanadi va Rim konsulining qarindoshlari tomonidan tarbiya qilinadi. Ammo qizning omadi kelgan: u Mavritaniya qiroliga turmushga chiqib Rimni omonlikda tark etgan.

Yuba II Rim ta’siri ostidagi Mavritaniya davlati hukmdori bo‘lsa ham, uning hududlari Rim toj-u taxti uchun kurashlar va harbiy to‘ntarishlardan yetarli darajada uzoqda joylashgandi. Mavritaniya malikasi Kleopatra Selena qirolga Ptolemey ismli voris hadya qilgan va 45 yoshida olamdan o‘tgan. Kleopatraning nevarasi Misr imperiyasining so‘nggi hukmdorlariga mansublik belgisi sifatida Misr Qiroli nomini olgan.

4. Ptolemey XVI Filadelf
Kleopatraning kenjasi ham Mark Antoniyning o‘g‘li bo‘lgan va ko‘p jihatdan o‘zining tug‘ishgan akasi taqdirini takrorlagan. U ham akasi va opasi bilan birgalikda asirlikka tushib triumf vaqtida Rim ko‘chalaridan og‘ir zanjirlar bilan bog‘langan holda olib o‘tiladi. O‘sha vaqtda 6 yoshda bo‘lgan bolakay otasining qarindoshlari tarbiyasida bo‘lgan, ammo balog‘at yoshiga yetmay bevaqt o‘lim topgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kleopatraning 4 vorisi: malikaning halokatidan so‘ng bolalariga nima bo‘lgan?