18:15 / 16.09.2019
3 323

Krishtianu Ronaldu marhum otasining videosini ko‘rib, yig‘lab yubordi

Krishtianu Ronaldu marhum otasining videosini ko‘rib, yig‘lab yubordi
Krishtianu Ronaldu Britaniyaning ITV telekanali mehmoni bo‘lib, taniqli jurnalist Pirs Morgan bilan bir soatga yaqin vaqt mobaynida suhbat qurdi.

Suhbat davomida Ronalduga marhum otasining videointervyusidan uni maqtagani aks etgan qismini qo‘yib berishdi. Bu videoni oldin hech qachon ko‘rmaganini aytgan Krishtianu ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

«Bu videoni endi ko‘rishim. Oldin ko‘rmaganman. Ko‘zlarimga ishonmayapman.
Intervyu hazil-kulgi bilan kechadi, deb o‘ylagandim. Yig‘layman, deb o‘ylamagandim. Lekin bu tasvirlarni avval hech qachon ko‘rmaganman. Bu kadrlarni o‘zimga olvolishim kerak, oilamga ko‘rsataman...»
– deydi u.

Qayd etish kerak, hujumchining otasi – portugaliyalik bog‘bon Joze Dinis Aveyru kenja o‘g‘li 20 yoshligida alkogolizm va jigar xastaligidan vafot etgan.

«[Sovrinlar yutayotganimni] oilam ko‘ryapti, onam, akalarim, hatto katta o‘g‘lim ko‘rib boryapti. Lekin otam... u hech narsani ko‘rmadi. Yosh olamdan o‘tdi...» – deb xotirladi Ronaldu.

Asosiy kasbi bog‘bonlik bo‘lgan Joze Dinis Aveyru ma’lum vaqt Portugaliyaning «Andorinya» klubida xo‘jalik menejeri bo‘lib ishlagan va bu vaqt davomida o‘g‘li shu klubning havaskor bolalar jamoasida o‘ynagan. U 2005 yilda, 52 yoshda vafot etganida Ronalduning «MYu»ga kelganiga ikki yil bo‘lgan edi.

«Otamni yuz foiz yaxshi bilmayman. U ko‘p ichardi. Biron marta dildan suhbat qurmaganmiz. Buni eslash og‘ir», – dedi Ronaldu.
«Yuventus» hujumchisi, shuningdek, jinsiy tajovuzda ayblangani mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, iyul oyida AQSh prokuraturasi amerikalik model Ketrin Mayorganing Ronalduga nisbatan da’vosi yuzasidan futbolchiga ayblov e’lon qilishni rad etgan edi.

«Ular sening sha’ning bilan o‘yin qilishadi. Bunga duch kelish og‘ir – yoqtirgan qizing bor, oilang bor, bolalaring bor... Qadr-qimmating bilan o‘yin qilishgani yomon.

Esimda, bir kuni uyda televizor ko‘rib o‘tirgandim. Yangiliklarda men haqimda gap ketayotgan paytda farzandlarim zinadan tushib kelishayotganini eshitib qoldim. Uyalganimdan boshqa kanalga oldim. Kichik Krishtianu otasi haqida yomon narsalarni gapirishayotganini ko‘rmasin dedim. O‘sha paytda o‘zimni juda yomon his qildim»
, – deydi u.

Shu bilan birga, Ronaldu ma’shuqasi Jorjina Rodrigesga bir kun kelib albatta uylanishini ham ta’kidladi.
«Shubhasiz, kun kelib turmush quramiz. Oyim ham shuni xohlaydi», – deb qayd etdi u.

Ma’lumot uchun, 34 yoshli futbolchining ikki o‘g‘il va ikki qiz farzandi bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Krishtianu Ronaldu marhum otasining videosini ko‘rib, yig‘lab yubordi