08:13 / 25.09.2019
3 996

Hind xazorasi (sivilizatsiyasi) qanchalar qadimiy?

Hind xazorasi (sivilizatsiyasi) qanchalar qadimiy?
Hind xazorasi eng qadimiy xazoralardan biridir. Kohinlar hind olimlari hisoblangan. Hindlar hayotni dinsiz tasavvur qila olmas, ular sig‘inmagan mavjudotning o‘zi yo‘q edi. Bid’at-xurofotga to‘la dinda, ozroq bo‘lsayam, umuminsoniy yaxshilik ham bor edi.

Falakiyot ilmi
Osmon ilmi yulduzlarni o‘rganishdan boshlangan. Miloddan avvalgi 425 yilda ilk falakiyotga oid kitob yozildi, Farhamiro o‘z asarini “Tabiat qonunlarining mukammal majmuasi” deb nomlaydi. Kitob ma’lumotlarida yunonlarga suyanganini e’tirof qiladi.

Hind astronomi Ariabxata quyosh va oy tutilishini, yer quyosh atrofida aylanishini, yer yumaloqligi va har kuni o‘z o‘qi atrofida aylanishini aytadi. U yevropalik olimlardan ancha oldin shunday degan: “Yulduzlar olami sobitdir, yer aylanib turgani uchun yulduzlar sharqdan chiqadi va g‘arbga botadi”. Ariabxatadan keyin shogirdi Brahman Jubta hind falakiyoti fanini tartibga soldi. Hindlar yilni o‘n ikki oyga, har bir oyni o‘ttiz kunga, har kunni o‘ttiz soatga bo‘lardi. Har besh yilda bir oy ziyoda qilinardi, oy va quyosh tutilishini yaxshi bilardi. Ular yerning tortishish kuchi haqida ma’lumotga ega edi (Uilyam Dyuyurant. “Qissatul xazora”).

Handasa va matematika
Ariabxata, Brahman Jubta va Bahoskoro falakiyot kabi algebra fani bilimdonlari edi. Hind matematiklari Leonard Eylerdan ancha oldin bu fan masalalarini yechishgan. Yevropadan qariyb ming oldinda yurardi, masalalar she’riy uslubda yod olinardi (Uilyam Dyuyurant. “Qissatul xazora”).

Miloddan bir necha yuz yillar avval hindlar uchburchak tomonlarini o‘lchashni bilishar, yunonlardan ta’sirlangan Ariabxata nisbiy o‘lchovlardan ham xabardor edi. U yunonlar bilmagan burchak yig‘indilaridan boxabar bo‘lgan, bu qoidalarni o‘z kitobida bayon qilgan (McDonalds. “Tarixul hindil qadim”).

Kimyo fani
Kimyo rivojlanishiga ikki sabab bor edi: biri tabobat bo‘lsa, ikkinchisi, ishlab chiqarishdir. Hindlarda qadimdan temirni eritib quyish, teri oshlash, oyna va sement ishlab chiqarish yaxshi rivojlangan edi.

Miloddan avvalgi ikkinchi asrdayoq, Nagardjuna simob haqida kitob yozadi. Unda simob xususiyatlari haqida so‘z yuritadi. Milodiy oltinchi asrda hindlarda ishlab chiqarish sohasida kimyo ancha taraqqiy etgan edi. Ohakchilik, bug‘lash, payvandlash, issiqliksiz yorug‘lik ishlab chiqarish, og‘riq qoldiruvchi kukunlar sanoati, mineral tuz ishlab chiqarishda hindlar juda mohir edilar. Po‘latga ishlov berish shu daraja taraqqiy etgan ediki, hatto hukmdor Yuris Iskandarga tilla yo kumush emas, po‘lat sovg‘a qiladi. Boshqa xazoralar hindlardan ko‘plab kimyo ixtirolarini o‘rgangan (Uilyam Dyurant. “Qissatul xazora”).

Hind tibbiyoti
Miloddan avvalgi oltinchi asrlarda hind tabiblari tana a’zolari vazifalarini, mushak-bo‘g‘inlarni, singan suyaklarni tiklashni, limfa tizimi, asab tolalari, yog‘ qatlamlari, qon aylanish tizimini yaxshi bilishgan.

Hind tabiblari ham Arastu kabi yurak – his-tuyg‘u markazi deb xato tushungan. Ular asab tolalari yurakdan chiqadi deb bilishgan. Hindlar hazm faoliyatini daqiq tushungani bois oshqozonga tushgan ozuqa ezilib, shira holatiga o‘tib, so‘ngra qonga o‘tishini aniqlagan.

Miloddan avvalgi 500 yillarda Atriyo va Ezmon ota spermasi mustaqil bola hosil qiladi, deb o‘ylagan. Ular to‘ydan oldin yigitlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan, “Moni” mazhabi peshvolari ikki kasalning turmush qurishiga faol qarshilik qilishgan.

Hindlar naslni tartibga solish haqida ma’lum ma’lumotlarga ega bo‘lgan, hayzdan keyin o‘n ikki kungacha xomila bo‘lmaydi, deb o‘ylashgan. Homila o‘g‘il-qizligi gohida taomlanishga bog‘liq, deb bilishgan.

Hind tibbiyotida yozilgan ilk kitob “Atrofo – Faydo” asaridir. Kitobda kasalliklar ro‘yxati bilan birga davosi haqida ham yozilgan, lekin hindlar sehr va azayimxonlikdan ko‘p foydalanardi. Hind tibbiyoti sehrgarlikning bir qismi edi. Tabiblar sehrgarlikni ham o‘rganar, ruhiy ta’sir qilish bahonasida afsungarlik avjiga chiqqan paytlari ham bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan sehrgarlik kamayib, haqiqiy tabobat kuchaydi.

“Atrofo – Faydo” kitobining “Aju – Faydo” nomli ilovasi ham bo‘lib, “umrni uzaytirish ilmi” ma’nosini anglatadi. Hind tabobati kasallik sababini to‘rt unsurning (havo, suv, balg‘am, qon) iztirobidan izlagan. Zamonaviy hind tibbiyotida ham qadimiy tibbiyoti asorati bor. G‘arb tabiblari hind tabobatiga havas qilishadi, chunki giyoh bilan davolashdan hindlar mohirona foydalanadi. “Raj – Faydo” kitobida mingdan ortiq giyohlar nomi bor. Giyoh bilan davolovchi tabiblar bahavo bog‘-rog‘larda istiqomat qilishgan.

Hind tibbiyotidagi eng mashhur ismlardan biri, bu – Sushruta. U miloddan oldingi beshinchi asrda yashagan. Ikkinchisi, Sharoka, milodiy ikkinchi asrda yashagan. Sushruta Varanasi shahrida ustozlik qilgan. Sanskrit tilida kitoblar yozgan, ularda kasallik sifatlari, davolash yo‘llari, to‘g‘ri ovqatlanish, go‘daklarni oziqlantirish, tug‘ruq, hammom bilan davolash, dorilar haqida bahs yuritiladi. Sharoka “Samxita”ni (tibbiyot ensiklopediyasi) yozgan, u hozirga qadar hind tibbiyoti manbasi hisoblanadi. Unda Gippokrat fikriga yaqin shunday jumlalar bor: “Bemorlarni o‘z manfaatingiz uchun davolamang, dunyo shahvatini qondirish uchun ham vosita qilib olmang! Oliy maqsadingiz azoblanayotgan insonga yordam berish bo‘lsin! Shu bilan siz insoniyat uchun qayg‘urgan bo‘lasiz” (Uilyam Dyurant. “Qissatul xazora”).

Hind tabobatidagi uchinchi mashhur shaxs Fajbihata (milodiy 625) tibbiyotda nasriy va nazmiy ijod qilgan. To‘rtinchisi, Bahofomisro (milodiy 1550) simobning shifobaxsh jihatlarini tavsiflagan. Uning kitoblari Yevropa bilan hindlar orasidagi bog‘liqlik borligiga ishora qiladi.

Sushruta jarrohlik amaliyotlaridan bir nechtasini tavsiflagan, ko‘z suvi, churra, qovuq toshlari, ona qornidan bolani yorib olish haqida ma’lumot bergan. Shuningdek, 120 dan ortiq jarrohlik asboblari haqida so‘z yuritadi. Brahmanlar jasadni yorishdan qaytarsa-da, Sushruta yosh jarrohlarga ta’lim uchun ruxsat bergan. Quloqni yamash va burun to‘g‘rilash amaliyotlarini qilgan, Garson yozadi: “Qadimiy hindlar katta amaliyotlarning deyarli barchasini qila olishgan, faqatgina arteriya qon tomirlarini tika olishmagan”.

Sushruta jarrohlik qoidalarini ishlab chiqqan, jarohat o‘rnini tutun bilan dizinfeksiya qilishni tavsiya qilgan, og‘riq qoldiruvchi sharobdan (narkoz) foydalanishgan.

Sushruta bemorga tashxis qo‘yishning bir necha yo‘llari haqida ham yozadi. Yurak urishini eshitib ko‘rish, siydik analizi orqali tashxis qo‘yish hozirgi kunda ham keng tarqalgan. Tibet tabiblari esa faqat siydik analizi bilan tashxis qo‘yardi.
Hind tibbiyotida kasalga yetti kun ro‘za tutish buyurilgan. Shu vaqt oralig‘ida bemor sog‘lig‘i yaxshilanmasa, hammomga tushirilgan. So‘ng alohida ovqatlanish buyurilib, qon oldirish tavsiya qilingan.

Hindlarda zaharga qarshi dorilari bilan mashhur edi. 550 yillardayoq kasallikka qarshi emlash bor edi, Yevropada esa o‘n sakkizinchi asrda emlash paydo bo‘ldi. Hind tabibiga nisbat beriladigan kitobda shunday yozilgan: “Sigir yelinidagi xusnbuzar suyuqligidan olib, tirsak bilan katf oralig‘iga ukol qilinadi, suyuqlik qonga aralashgach, suvchechak isitmasi paydo bo‘ladi” (Uilyam Dyuyurant. “Qissatul xazora”).

«Islom va olam» kitobidan

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hind xazorasi (sivilizatsiyasi) qanchalar qadimiy?