21:13 / 25.09.2019
2 362

BMT vakili: «Maxsus xizmatlarga va prokuraturaga keng vakolat berib yuborilgan» (video)

BMT vakili: «Maxsus xizmatlarga va prokuraturaga keng vakolat berib yuborilgan» (video)
BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan Toshkentda mehmon bo‘lib turibdi.

BMT vakili bugun, 25 sentyabr kuni Xalqaro press-klubda ham mehmon bo‘ldi va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sasha Graumannga so‘z berildi.

«Bizning tashkilotda inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi tashkil etilgan. Unda 44 xil turdagi mandatlar bo‘lib, ular turli mamlakatlarga tashrif buyurishadi. Tashrif mobaynida o‘sha yerdagi vaziyatlar o‘rganiladi. Bundan tashqari, ekspertlar bilan uchrashib turli tadbirlarda qatnashishadi. O‘tgan yili O‘zbekistonga inson huquqlari Oliy komissar, din ishlari bo‘yicha maxsus komissar ham tashrif buyurgandi.

Hurmatli Garsiya-Sayan 18 sentyabr kuni O‘zbekistonga keldi. U turli darajadagi mulozimlar bilan uchrashdi, bu uchrashuvlarda sudyalar, advokatlar mustaqilligi bo‘yicha suhbatlar olib borildi. Shu munosabat bilan Toshkent, Samarqand va Farg‘onada uchrashuvlar o‘tkazildi», deya Sasha Graumanning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shundan so‘ng so‘z maxsus ma’ruzachiga berildi.

«O‘zbekiston sudyalar va advokatlarni huquqini himoya qilishda muhim qadamlarni qilishgan. Bu borada ba’zi qiyinchiliklarga ham duch kelingan. Bu borada juda muhim yana ham yordamchi qarorlar va harakatlar amalga oshirish kerak. Biz davlat tashkilotlari, sud mutasaddilari, mahalliy hokimiyat vakillari, advokatlar, turli nodavlat tashkilotlar va bugun sizlar bilan uchrashib turibmiz. Bugun O‘zbekiston prezidenti bilan ham juda konstruktiv uchrashuvni amalga oshirdik.

Hukumat bu borada qilayotgan ishlarini e’tirof etish lozim. Ijobiy jihatlar bor. Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar oliy maktabi kabi muassasalar tashkil topgani kabi qadamlar tashlangan. Bu sudyalarning prokurorlardan mustaqil tarzda faoliyat yuritib, asta-sekin oqlov hukmlari ham chiqarilishiga ta’sir etmoqda. 2016 yilda bor-yo‘g‘i 6ta oqlov hukmi qayd etilgan bo‘lsa, bu yilning o‘zida 500tadan ortiqni tashkil qildi.

Sud qarorlari ommaga berilishi korrupsiyaning oldini oluvchi holatlardan hisoblanadi. Bir masalada turli sudyada turlicha qarash bo‘lsa, bu korrupsiyani keltirib chiqaradi. Bu jarayonlar shaffof tarzda yo‘lga qo‘yilishi kerak. Shunga qaramay, bir qator masalalar o‘z yechimini kutmoqda va ular juda ham muhim. Bulardan eng asosiysi 6tasini sanash mumkin.

Birinchidan, davlat xavfsizlik xizmatining butun jamiyatda, institutlarda, adliya, sud tizimidagi ishtiroki masalasi bo‘lib, bu albatta tarixiy sabablarga ega. Bu bir necha o‘n yillar tashkilotlar shu asosda ish olib borgan. Buni to‘g‘ri qarorlar qabul qilgan holda o‘zgartirish kerak. Bu o‘z-o‘zidan o‘zgarmaydi. Bu jamiyat evolyutsiyasi natijasida o‘zgarib boradi.

Ikkinchisi, inson huquqlari va qonun ustuvorligini islohotlar davrida aynan sudyalarni tayyorlashda e’tibor qaratish kerak. Bu ishni qisqa va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan qadamlar bilan amalga oshirish kerak. Bunday qadamlarni Konstitutsiyada aks ettirish kerak. Ya’ni, inson huquqlari ahamiyatli jihat va O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha bitimga imzo chekkan. Bu vaqtda men inson huquqlariga rioya etyapmanmi, qarorlarim bunga muvofiqmi degan savolni berish kerak. Bunday yondashish Konstitutsiyaning bir moddasi sifatida kiritish muhim hisoblanadi.

Uchinchisi, bu prokurorlarni keng vakolatlarga ega bo‘lishi bilan bog‘liq. Bu albatta, uzoq yillar davomida sudyalar, bizga guvohlar aytganidek, prokurorlar tomonidan tayyorlagan qarorlarni shundayligicha sud qaroriga ko‘chiradigan bo‘lib kelgan. Maslahat bergan bo‘lar edimki, bu prokuraturaning keng qamrovli funksiyalarini qayta ko‘rib chiqish kerak. Ularning ayniqsa jinoiy ishlardagi vakolatlari, ya’ni sud ishlarida, tergov va surishtiruv ishlaridagi ishtiroklari cheklanishi lozim.

To‘rtinchisi, sohada institutsional jihatlarga e’tibor qaratish kerak. Oliy sudyalar kengashi kuchaytirilishi kerak. Yana bir nechta yo‘nalishni takomillashtirish mumkin. Siyosiy kuchni kafolatlarini ta’minlash lozim. Buning uchun sudyalar kengash a’zosi bo‘lganida o‘z hamkasblari tomonidan saylanishi lozim. Sudya bo‘lmagan boshqa a’zolar esa turli xil tarmoq a’zolari bo‘lishi kerak. Buning yagona formulasi yo‘q. Hammada o‘ziga yarasha ustuvor bo‘lgan holatlar va kamchiliklar mavjud.

Beshinchisi, Fuqarolik jamiyati va sudyalar shaffof tarzda ish olib borishi kerak. Ya’ni bu yerda hech kim o‘z vakolatini suiiste’mol qilishi kerak emas.

Oltinchisi, advokatlar bilan bog‘liq. Bizning mamlakatda (Peru – tahr.) keragidan ortiq advokat mavjud. Bizning aholi ham deyarli 33 millionga yaqin. Poytaxtimizning o‘zida 70-80 ming nafar atrofida advokat faoliyat olib boradi. O‘zbekistonda esa bor yo‘g‘i 4 mingta advokat mavjud. Ya’ni, bu borada ham salbiy fikrlar bo‘lishi mumkin. Advokatlar kam ham, ko‘p ham bo‘lishi kerak emas. Ular yetarli miqdorda bo‘lishi kerak. Ular fuqarolarni himoya qilishlari kerak.

Buning uchun ko‘proq advokat kerak. Yangi yuridik institutlar kerak. Bu albatta investitsiya talab qiladi. Butun O‘zbekistonda bor yo‘g‘i bitta yuridik institut bor. O‘ylaymanki, shunday muassasalarni targ‘ib qilish kerak. Bundan tashqari, advokatlarning avtonomligi, ya’ni mustaqilligini ta’minlash lozim. Advokatlar palatasi kerak emas. Ya’ni, ularning o‘zi a’zolik, hay’at a’zoligi masalalarini hal etishi kerak. Bunga ularning o‘zi saylashi kerak. Bu saylov jarayoniga davlat tashkilotlari tomonidan hech qanday ta’sir o‘tkazish kerak emas.

Bilamizki, advokatlar palatasi hay’atida adliya vazirligi vakillari ham bor. Bu ham o‘zgarar balki. Bundan tashqari, kvalifikatsion tashkilotlar, hay’atlar bor. Ular hammasi advokatlar tomonidan boshqarilishi lozim. Biz advokatlardan shikoyatlar ham oldikki, ular doimo o‘z himoyasidagi shaxslar bilan uchrasha olmaydi. Lekin, vaqtincha saqlash joylarini borib ko‘rganimizda sharoitlar borligini ko‘rdik. Advokatlar o‘z himoyasidagi shaxslarga yordam berishi kerak.

O‘rganishlarimizdagi ba’zi kamchiliklarga siyosiy qarorlar bilan yechim topsa bo‘ladi. Bu oxirgi 3 yildagi jarayondir. O‘ylaymanki, yordamchi shunday qarorlar ham qabul qilinadi. Sudyalar va advokatlarning mustaqilligi bo‘yicha ishlar davom etmas ekan maqsadga erishib bo‘lmaydi», deya ta’kidladi BMT maxsus ma’ruzachisi.

Garsiya-Sayan o‘z ma’ruzasidan so‘ng, yig‘ilganlarning savollariga javob berdi. Huquq faollari va jurnalistlar o‘z qiziqqan masalalarida savollar berishdi.
BMT maxsus ma’ruzachisi bundan oldin prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » BMT vakili: «Maxsus xizmatlarga va prokuraturaga keng vakolat berib yuborilgan» (video)