09:40 / 30.09.2019
2 992

Afg‘onistonda saylov komissiyasi a’zolari o‘g‘irlab ketildi

Afg‘onistonda saylov komissiyasi a’zolari o‘g‘irlab ketildi
“Tolibon” harakati jangarilari Afg‘onistonning Parvon viloyatidagi saylovlar vaqtida saylov komissiyasi a’zolari va kuzatuvchilarni o‘g‘irlab ketishdi. Jami 15 kishi o‘g‘irlangan. Bu haqda Ariana News nashri xabar berdi.

Nashr xabarni berishda Afg‘oniston mustaqil saylov komissiyasining Parvon viloyatidagi markazi rahbari Abdulqahhor Vahob Sofiyga iqtibos keltirgan. “Jangarilar saylov komissiyasining 7 xodimini, komissiyaning saylovlardagi shikoyatlar bo‘yicha a’zosi va 7 kuzatuvchini o‘g‘irlab ketishdi”, deb ma’lum qilgan Sofiy.

Bu vaqtda viloyat gubernatori matbuot kotibi Vohid Shahkar saylov komissiyasining 8 xodimi saylov uchastkalaridan uylariga qaytayotganlarida o‘g‘irlab ketilganlarini ma’lum qilgan.

Uning aytishicha, qabilalar oqsoqollari o‘g‘irlanganlarni ozod qilishda vositachilik qilishmoqda. “Agar toliblar ushbu shaxslarni ozod qilishdan bosh tortsa, hukumat harbiy kuch qo‘llaydi”, deb aytgan Shahkar.

28 sentyabrda Afg‘onistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda 15 nomzod ishtirok etdi. Saylovlarning dastlabki natijalari haqida hali ma’lumot berilmadi.

“Tolibon” saylov markazlari, saylov komissiyalari xodimlari va huquq-tartibot idoralariga hujum qilib, saylovlarni to‘xtatish bilan tahdid qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonda saylov komissiyasi a’zolari o‘g‘irlab ketildi