14:25 / 30.09.2019
6 416

Prezidentning o‘g‘liga qarashli 25 ta mashina kimoshdida sotildi (foto)

Prezidentning o‘g‘liga qarashli 25 ta mashina kimoshdida sotildi (foto)
Foto: «Joinfo»
Shveysariya hukumati Ekvatorial Gvineya prezidentining o‘g‘lidan olib qo‘yilgan mashinalarni Jenevada auksionga qo‘ydi, deb yozadi "Xabar" nashri.
Yigirma beshta mashina 27 million dollarga sotildi.

«Lamborghini Veneno» Foto: WDRB
«Bonhams» uyi tomonidan sotuvga qo‘yilgan 25 ta lot orasida 2014 yilda chiqarilgan «Lamborghini Veneno» superkari ham bor edi, u xaridorga $8,4 mln.ga tushdi», — deya ta’kidlagan holda AP ushbu turkumdagi mashinalar bor-yo‘g‘i 9 dona ishlab chiqarilganiga e’tiborni qaratdi.

Foto: WDRB

Foto: WDRB

Foto: WDRB
Mashinalar sotuvidan tashkilotchilar 18 million dollar ishlashni xom-cho‘t qilishgandi. Yakunda tushum salkam 10 million dollar ko‘p bo‘ldi. O‘zi sotuvga qo‘yilgan mashinalar noyob modellar edi, qolaversa, ko‘pi yolchitib minilmagan ham ekan. Faqat 1998 yili chiqarilgan zirhlangan «Rolls-Royce Silver Spur»ga jiddiy ta’mirga muhtojligi uchun 87 mingdan ko‘p berishmadi.

Kimoshdi savdolariga 2019 yilning fevralida, Jeneva prokuraturasi davlat mablag‘larini maqsadsiz ishlatish va pullarni o‘zlashtirish bo‘yicha Ekvatorial Gvineya prezidentining o‘g‘li — Teodoro Ngema Obiang Mangu ishini yopganidan so‘ng ruxsat berilgan. Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra, tergovi ketayotgan shaxs agarda yetkazilgan zararni qoplab bersa, prokuratura ishni yopishi mumkin.

Teodoro Ngema Obiang Mangu. Foto: «Joinfo»
Prezidentning o‘g‘li — 50 yoshli Teodoro Ngema Obiang Mangu 2016 yilning iyunidan beri Ekvatorial Gvineya vitse-prezidenti hisoblanadi.

Teodoro Obiang Ngema Mbasogo. Foto: «TUT.by»
Ota, ya’ni prezident alohida mavzu: Teodoro Obiang Ngema Mbasogo 1979 yili harbiy to‘ntarish uyushtirib, o‘z amakisi — Fransisko Masias Ngema Biyogoning diktatorlik rejimini ag‘darganidan beri mamlakatni uzluksiz boshqarib kelyapti. O‘shanda u 37 yoshda edi, hozir 77 yoshda — uncha-muncha monarxga ham 40 yil mamlakatni boshqarish nasib etavermaydi.

Ma’lumot uchun: Ekvatorial Gvineya — mitti davlat: hududi — 28 ming kvadrat kilometr, aholisi — 1 million kishi ham chiqmaydi. 1990-yillarning boshlarida davlat katta neft eksporti evaziga aholi jon boshiga YaIM bo‘yicha Afrikada yetakchi o‘ringa chiqib oldi (2015 yilda aholi jon boshiga YaIM — 11056 AQSh dollari). Biroq bu «qora oltin»dan tushgan daromadlar hammaga teng taqsimlanayotganini anglatmaydi, aholisining katta qismi ichimlik suvi yetishmasligidan qiynaladi, mamlakatda bolalar o‘lim ko‘rsatkichi juda yuqori: 20 foizi besh yoshga ham to‘lmay vafot etadi. Inson taraqqiyoti indeksida mamlakat 2015 yili jahonda 138-o‘rinda qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Prezidentning o‘g‘liga qarashli 25 ta mashina kimoshdida sotildi (foto)