OAV: Nodira Qodirova ishi bo‘yicha deputatning o‘zi qanday ko‘rsatma bergani ma’lum

  • 03 oktyabr 2019, 07:36
  • 1 789
  • Dunyo
  • OAV: Nodira Qodirova ishi bo‘yicha deputatning o‘zi qanday ko‘rsatma bergani ma’lum
    Turkiyada hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining parlamentdagi deputati, iste’fodagi general Shirin Unal 9 kun oldin ro‘y bergan voqea yuzasidan hamon sukut saqlamoqda. 23 sentyabr oqshomida uning Anqaradagi uyida o‘zbekistonlik Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilgandi.

    OdaTV prokuraturadagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Unal o‘sha kunning o‘zidayoq huquq organlariga voqea yuzasidan tushuntirish bergan. Ammo u oddiy politsiya ofitseriga emas, bosh prokuror o‘rinbosariga ko‘rsatma berishni xohlagan va bosh prokuror o‘rinbosari o‘sha oqshom generalning uyiga kelgan.

    Shirin Unal o‘z ko‘rsatmasida, jumladan, shunday degani aytilmoqda:

    «Qizimdek bo‘lib qolgan Nodira Qodirovaning xatti-harakatlari oxirgi 2-3 oyda o‘zgarib qolgandi. U bir yig‘lab, bir kuladigan bo‘lib qolgach, uni shifokorga olib borishgan va ruhiy muolaja boshlashgan edi».

    Lekin, ta’kidlash joiz, marhumning akasi Muhammad Ali singlisida psixologik davolanishga ehtiyoj bo‘lmagani, u universitetga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lganini aytgandi.

    Nashrga ko‘ra, Unal voqealar rivojini quyidagicha hikoya qilib bergan:

    Yotoqxonasidagi shkafda to‘pponcha yo‘qolib qolganini payqagach, bu haqda qizidan so‘ragan. Qizi to‘pponchani ko‘rmaganini aytgach, deputat qizi bilan birga Nodiraning xonasiga chiqib, undan ham so‘ragan. Bu savolni eshitgan Qodirovaning harakatlarida bezovtalanish sezilgan, u o‘z xonasidagi shkaf tortmalarini ochib: «Qarang, yo‘q-ku. Sizning narsangiz bilan mening nima ishim bor», degan.

    Shundan so‘ng deputat: «Qara, akangga telefon qilaman. Unga javob berasan», degan va telefonini olish uchun pastki qavatga tushgan. Shu paytda Nodira Unalning qizini xonadan itarib chiqarib, eshikni ichkaridan qulflab olgan. Qizning «buyoqqa keling, dada, tezroq» deganini eshitgan deputat zinadan chiqishda o‘q ovozini eshitgan.

    So‘ng ular eshikni buzishga uringanlar. Ocha olmagach, politsiyaga chaqirishgan. Tez orada yetib kelgan politsiyachilar eshikni sindirib ochishgan. Bu vaqtda Nodira hali hayot bo‘lgan, uni darhol kasalxonaga olib chiqib ketishgan.

    Manba xabariga ko‘ra, politsiya Qodirovaning xonasidagi barcha ashyolarni, jumladan uning kundaliklarini ham olib ketgan. Ma’lum bo‘lishicha, generalning uyida uchta qurol bo‘lgan, ba’zi chalkashliklarga ayni shu omil sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Uydagi barcha shaxslarning barmoq izlari olingan.

    Barcha, shu jumladan Shirin Unalning to‘shakda yotgan xotini ham ko‘rsatma bergan. Faqat, bu uyda xizmatchilik qilib kelgan boshqa bir o‘zbekistonlik ishchi turk tilini bilmasligi bois o‘sha vaqtning o‘zida tarjimon topishning imkoni bo‘lmagani va undan ikki kun o‘tgach ko‘rsatma olingani aytilyapti.

    Prokuraturadagi manba, shuningdek, sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi ataylab tez olingani haqidagi gumonlarni inkor etib, barcha jarayonlar belgilangan tartibda amalga oshirilganini ma’lum qilgan.

    Shirin Unal esa, xabar qilinishicha, Qodirovaning akasi aytayotgan iddaolardan hayron. Deputat marhumning Laylo Niyozova ismli dugonasi borligini umuman bilmasligini ham qo‘shimcha qilgan.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » OAV: Nodira Qodirova ishi bo‘yicha deputatning o‘zi qanday ko‘rsatma bergani ma’lum