Zelenskiy va bugungi Ukraina: umidlar oqlanadimi? (1-maqola)

  • 03 oktyabr 2019, 09:13
  • 792
  • Dunyo
  • Zelenskiy va bugungi Ukraina: umidlar oqlanadimi? (1-maqola)
    Foto: korrespondent.net
    Ukrainani turli yillarda – Ukraina sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Leonid Kravchuk (1991-1994), partiyasiz Leonid Kuchma (1994-2005), «Bizning Ukraina» partiyasidan Viktor Yuщenko (2005-2010), «Mintaqalar partiyasi»dan Viktor Yanukovich (2010-2014), shuningdek Pyotr Poroshenko (2014-2019) boshqardi.

    Joriy yil bo‘lib o‘tgan saylovlarda 39 ta nomzod qatnashdi. Ikkinchi turda 73,2 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozongan va 2019 yil maydan hokimiyatga kelgan, Ukrainaning 41 yoshli yangi prezidenti Vladimir Zelenskiy qator islohotlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Bu ukrain xalqi tomonidan ham, yaqin va uzoq qo‘shnilari tarafidan ham katta umidlar va ishonch bilan kutib olinmoqda.

    Oxirgi yillarda ukrainalik yetakchilar yo‘l qo‘ygan xatolar, Qrimning qo‘ldan chiqishi, mamlakat sharqidagi urush, Donbassda ikki mustaqil davlatning yuzaga kelishi, iqtisodiy tanazzul xalqni juda charchatgan va ishonchsizlik muhitini yuzaga keltirgan edi.

    Shunday sharoitda yangi rahbarning intilishlari va sa’y-harakatlari aholida katta umid uchqunlarini uyg‘otmoqda. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra aholining 70 foizi yangi prezident faoliyatidan rozi, 11 foizi norozi va 18 foizi bu savolga o‘z fikrini aniq belgilay olmagan.

    Foto: interfax.ru
    U saylovdan oldin prezidentlik lavozimini faqat 1 muddat egallashini, Donbassda o‘t ochishni batamom to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishni, bosib olingan hududlarni Ukrainaga qaytarishini va Rossiyadan yetkazilgan zarar o‘rnini qoplatishini, deputatlarni daxlsizlik huquqlaridan mahrum etishini, iqtisodiyotning shaffofligini ta’minlashini, Ukrainaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazishini, harbiylarning maoshlarini keskin oshirishini, yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini yangilashini va’da qilgan.

    U mamlakatda biznesni ochish uchun bir soat, xorijga chiqish pasportini olish uchun 15 daqiqa kifoya qilishini bildirgan. Shifokor va o‘qituvchilarning oyligi katta bo‘lgan, korrupsionerlar «real muddat» oladigan, qariyalarga munosib pensiya to‘lanadigan, kommunal to‘lovlardan infarkt bo‘lmaydigan bir jamiyat qurishini ham aytgan edi.

    Parlamentdan ko‘ngil to‘q

    Zelenskiy hokimiyatga kelgach, kutib ham o‘tirmasdan parlamentni tarqatib yubordi. 2019 yil 21 iyulda Radaga bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda uning partiyasi to‘liq g‘alaba qozondi. Parlamentda «Xalq xizmati» fraksiyasi 254 nafar a’zoga ega bo‘ldi.

    Partiya rahbari Dmitriy Razumkov parlament spikeri etib saylandi. Qonunchilik organida oddiy ko‘pchilikni tashkil qilish uchun 226 deputat bo‘lsa kifoya edi. Demak, Zelenskiy endi qonun chiqaruvchi hokimiyatdan ko‘nglini to‘q qilaversa ham bo‘laveradi. Mustaqil Ukraina tarixida ilk bor hukmron partiya boshqa siyosiy kuchlar bilan birlashmasdan ko‘pchilik huquqiga ega bo‘ldi.

    Endi prezident hatto konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini ham qiynalmasdan qabul qilishi mumkin. Hozirgi holatda u impichment xavfi yoki boshqa noxushliklarni sezmasligi mumkin.

    Foto: ria.ru
    Hozir parlamentdagi qolgan partiyalar nihoyatda zaif desa ham bo‘ladi. Xususan, «Muxolif platforma – hayot uchun» fraksiyasiga 44 deputat (yetakchisi Yuriy Boyko), sobiq prezident Pyotr Poroshenkoning «Yevropa hamjihatligi» partiyasi 27 deputat (Artur Gerasimov), «Batkivщina» partiyasi 25 deputat (Yuliya Timoshenko), «Golos» 17 deputatdan (Sergey Raxmanin) iborat.

    Ularning barcha ovozlarini bir joyga jamlasa ham hukmron partiyaning yarmicha bo‘lmaydi. Radada shuningdek, 20 nafar mustaqil nomzoddan iborat «Kelajak uchun» alohida guruhi shakllantirilgan. Ularga Viktor Bondar va Taras Batenko yetakchilik qilmoqda.

    Zelenskiy Bosh vazir lavozimiga, o‘z ofisi rahbarining o‘rinbosari, huquqshunos Aleksey Goncharukni tayinladi. Ichki ishlar vazirligiga amaldagi Arsen Avakov qolgan bo‘lsa, tashqi ishlar vaziri etib, Vadim Pristayko saylandi.

    Shu bilan birga Zelenskiy deputatlik daxlsizligini qonun yo‘li bilan bekor qildi. Endi ular Oliy Radaning ruxsatisiz ham jinoiy javobgarlikka tortilishi va hibsga olinishi mumkin.

    Bundan tashqari, amaldagi prezident deputatlar sonini keyingi parlament saylovlaridan boshlab 450 nafardan 300 nafarga tushirish rejasini ham bildirgan. Chunki sobiq Ittifoq tarqalayotgan paytda 45 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan davlatda endilikda, ayrim hududlar ajralib chiqqach va chetga chiqib ketuvchilar ko‘paygach, 32 million kishi yashamoqda.

    Yangi rahbariyat uchun nufuz soniga mos ravishda deputatlar soni ham kam bo‘lishi maqsadga muvofiq ko‘rilmoqda.

    Rossiya va Qrim

    Ukrainaning tashqi siyosatida eng og‘riqli masalalardan biri bu, shubhasiz, qo‘shni Rossiya bilan aloqalarni qayta tiklash bo‘lib qolmoqda. Rasmiy Kiyevning nazdida «katta og‘a» Qrimni kuch bilan egallab olgan va ular o‘rtasidagi munosabat endi iliqlashishi dushvor.

    2014 yil martda o‘tkazilgan referendumda Qrimda 96,77 foiz va Sevastopolda 95,6 foiz saylovchilar Rossiya tarkibiga kirishga ovoz berishgani aytilgandi.

    Dunyoning ko‘plab davlatlari – AQSh, Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Kanada va Yaponiya referendum natijalarini tan olmaydi va uni ruslar kuch bilan bosib oldi, deb hisoblaydi. Afg‘oniston, Venesuela, Kuba, Nikaragua, Suriya, Qozog‘iston, Shimoliy Koreya esa Qrim ruslarga tegishli, deb biladi.

    Foto: krymr.com
    Ammo Ukraina, avvalgidek, uni o‘z yeri deb atamoqda va «Rossiya tomonidan vaqtinchalik egallab turilibdi», deb qaraydi. Kreml esa Qrim aholisi demokratik yo‘l bilan BMT nizomi va xalqaro huquqqa muvofiq, Rossiya bilan qo‘shilishga ovoz berganini uqtiradi. Putin Qrim masalasi uzil-kesil yopilganini va u butun umr Rossiyaniki bo‘lib qolishini aytmoqda.

    Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi 2015 yil 25 oktyabrdan buyon uzilgan. Shu sababli faqat temir yo‘l va avtobuslar orqali qatnovlar amalga oshirilmoqda. Bu esa aholiga katta qiyinchilik tug‘dirmoqda.

    Eng qizig‘i, Ukrainaning tashqi savdosida eng yirik hamkori Rossiya bo‘lib, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 10 millliard dollardan oshgan edi. Joriy yilda esa bu borada Xitoy birinchi o‘ringa chiqib oladigan ko‘rinadi.

    Ukraina milliy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning birinchi choragida mamlakatning savdo aylanmasi Xitoy bilan 2,55 milliard, Rossiya bilan 2,34 milliard, Germaniya bilan 1,65 milliard, Polsha bilan 1,47 milliard va Belarus bilan 1,08 milliard dollarni tashkil qilmoqda.

    Donbass muammosi – «na urush, na tinchlik»

    2014 yil aprelda Ukraina hukumatida davlat to‘ntarishi yuz berib, Yanukovich hokimiyatdan chetlashtirilgach, Donbassda ayirmachi kuchlar o‘zini mustaqil deb e’lon qildi. Bu Qrimdan keyin ikkinchi kuchli zarba bo‘ldi. Ularga qarshi boshlagan harbiy operatsiyasi ukrain armiyasi uchun muvaffaqiyatsiz tugadi va shu vaqtga qadar BMT ma’lumotiga ko‘ra, 13 ming kishi bu urushning qurboni bo‘ldi. Bu hududlarda hozir ikkita mustaqil davlat paydo bo‘lgan va ular istagan vaqtda o‘z hududlarini qurolli ravishda kengaytirish uchun intilib qolishi mumkin.

    Donbassdagi qarama-qarshilikka nuqta qo‘yish maqsadida 2014 yil 6 iyunda Normandiyaning Shato-de-Benuvil shahrida Germaniya, Fransiya, Rossiya va Ukraina rahbarlari uchrashuvi bilan «Normandiya formati» boshlangan edi. O‘sha yili 16-17 oktyabrda Milan shahrida ushbu format majlisida Ukrainaning Lugansk va Donetssk viloyatlari ayrim tumanlariga konstitsiyaviy alohida maqom berish haqida qonun muhokama etildi.

    2015 yil 11-12 fevralda Belarus poytaxtida to‘rt davlat yetakchilari ishtirokida muzokaralarda «Minsk bitimi» izolandi. Ammo 2016 yil oktyabrda Berlindagi so‘nggi qo‘shma uchrashuvdan keyin «to‘rtlik» faoliyati amalda to‘xtab qoldi. 2018 yildagi Aaxen muzokaralariga Putin bormadi.

    Lekin davlat rahbarlari vaqti-vaqti bilan telefon muloqotlari va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari orqali Minsk bitimini bajarish masalalarini muhokama qilib turishadi. Ularda mojaro hududida YeXHTning monitoring imkoniyatlarini kengaytirish va tinchlikparvar kuchlarni kiritish, hududdan og‘ir texnikalarni olib chiqib ketish, o‘t ochishni to‘xtatish, Donbassda mahalliy saylovlarni o‘tkazish, asirlarni almashish, minalardan tozalash, gumanitar muammolar yechimlari haqida so‘z boradi. Bu orada Donbassga alohida maqom beruvchi qonunning kuchga kirishiga doir «Shtaynmayer formulasi» e’lon qilindi.

    Bu formula Germaniya sobiq tashqi ishlar vaziri (hozirda prezident) Frank-Valter Shtaynmayer tomonidan 2016 yilda e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, YeXHT standarlariga mos holda mahalliy demokratik saylovlar o‘tkazish va mintaqaga o‘zini o‘zi boshqarish bo‘yicha bosqichma-bosqich «alohida maqom» berish ko‘zda tutiladi. Nemis tomonining ta’rificha, bu Minsk kelishuvlarini amalga oshirishga qaratilgan tashabbusdir. Biroq YeXHT standartlari xorijiy qo‘shinlar va yollanma askarlar bo‘lgan hududda saylov o‘tkazishni man qiladi. Shu sababli Donbassning taqdiri hanuzgacha hamon osilib qolmoqda, har kuni begunoh insonlar qurbon bo‘layapti.

    29 mayda Zelenskiy Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot o‘tkazib, Minsk kelishuvlarini jonlantirish masalasini ko‘tardi. 17-18 iyunda esa u Parij va Berlinga rasmiy tashriflari chog‘ida bu masalani kun tartibidagi asosiy mavzu qilib belgiladi.

    29 iyunda Osakadagi G20 sammitida Angela Merkel va Vladimir Putin «Normandiya formati»ni davom ettirishga kelishib olishdi. Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron buni bajonidil xohlamoqda. 11 iyul Vladimir Zelenskiy va Rossiya prezidenti Putin o‘rtasidagi ilk telefon suhbatida ham tomonlar roziligini bildirdi. Demak, to‘rtlik allaqachon kelishib olishgan, faqat vaqti va joyi aniqlansa kifoya.

    Foto: rt.com
    «Biz urushni to‘xtatishimiz va o‘z hududimizni qaytarib olishimiz kerak. Buning yagona yo‘li – diplomatiya. Uning qudratli va amaliy quroli – aynan sanksiyadir, – deydi Zelenskiy o‘z fikrini bildirib. – Men bu uchrashuv nihoyat amalga oshishini kutmoqdaman. Mamlakatimizda urush ketayotganida biz siyosatchilar nahotki uch-to‘rt yilda bir marotaba uchrasha olmaymiz. Biz bunchalik ko‘p kuta olmaymiz. Chunki har kuni farzandlarimiz qurbon bo‘lmoqda. Urushga nuqta qo‘yish, barcha ukrain hududlarini bosqinchilardan ozod qilish asosiy missiyamiz bo‘lib qoladi. Muloqot orqali ishni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin».

    Zelenskiy formatga istiqbolda Buyuk Britaniya va AQShni ham jalb qilish niyatida. Hozir rasmiy Kiyev Donbassdagi urushni yakunlash uchun bu yerda hal qiluvchi pozitsiyaga ega bo‘lgan Rossiyaga G‘arb davlatlari qo‘li bilan kuchli bosim o‘tkazishga urinmoqda. Chunki uni kuch bilan yakka o‘zi qaytara olmasligini yaxshi biladi. Shu bilan birga Donbass bo‘yicha Putinga yon berishni istamaydi.

    Ammo Yevropa davlatlari Moskva bilan munosabatlari asta-sekin iliqlashtirib, sanksiyalar bilan bog‘liq taranglik yumshayapti. Chunki sanksiyalar rasmiy Moskvani iqtisodiy boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ya olmadi. Yevropaliklar esa bu masalani avvalgiday qizg‘in ko‘tarmay qo‘yishdi.

    Sobiq prezident Kuchma esa Zelenskiyga oson emasligini, u boshqaruvda kamida «uchta siyosatchi» bilan kurashishiga to‘g‘ri kelishini aytdi.
    Donbassga alohida maqom berish bo‘yicha Konstitsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasini Zelenskiy hozircha rad etmoqda.

    Ammo asirlar almashuvi boshlangani ijobiy hodisa, deb baholanmoqda. Yaqinda Ukraina tashqi ishlar vaziri Vadim Pristayko ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashayotgani haqida ochiq bildirdi. Har ikki tomon ham tinchlikni tiklash masalasida bo‘yicha murosa yo‘lini qidirmoqda va asirlar «barchaga barcha» formatida almashilmoqda.

    Foto: 112.ua
    Jumladan, 7 sentyabrda Rossiya va Ukraina «35ga 35» sxemasi asosida asirlarni ozod etdi. Ruslar Kerch bo‘g‘ozida qo‘lga olingan 24 nafar harbiy asir – ukrain dengizchilari va 11 nafar siyosiy mahbuslarni o‘z ona vataniga qaytardi. Ular o‘z navbatida 12 nafar rus fuqarolarini va 23 nafar Donbass Xalq Respublikasi fuqarolarini qo‘yib yubordi. Asirlar afv etilgan holda ozodlikka chiqarildi.

    Tez orada yangi va ko‘lamdor almashuvlarga kirishiladi. Hozir mustaqil bo‘lib olgan Donetsk va Lugansk viloyatida 227 nafar ukrainalik asirlar saqlanmoqda. Yana 113 nafar kishi Rossiya va Qrim qamoqxonalarida murakkab ahvolda qolishgan.

    Zelenskiy asirlar almashuvini «Minsk jarayonlari»da nazarda tutilgan o‘t ochishni to‘xtatish yo‘lida muhim qadam va Rossiya bilan muloqotni tiklashning zarur sharti hisoblanadi.

    Davomi bor.
    A.Hasan o‘g‘li, xalqaro sharhlovchi

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Zelenskiy va bugungi Ukraina: umidlar oqlanadimi? (1-maqola)