Zelenskiyga Rossiya dushmanmi? (2-maqola)

  • 03 oktyabr 2019, 20:46
  • 876
  • Dunyo
  • Zelenskiyga Rossiya dushmanmi? (2-maqola)
    Foto: delo.ua
    Ukrainada joriy yil bo‘lib o‘tgan saylovlarda 39 ta nomzod qatnashdi. Ikkinchi turda 73,2 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozongan va 2019 yil maydan hokimiyatga kelgan Ukrainaning 41 yoshli yangi prezidenti Vladimir Zelenskiy qator islohotlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Bu ukrain xalqi tomonidan ham, yaqin va uzoq qo‘shnilari tarafidan ham katta umidlar va ishonch bilan kutib olinmoqda...

    Boshlanishi: Zelenskiy va bugungi Ukraina: umidlar oqlanadimi? (1-maqola)

    Rossiya dushmanmi?
    Ukraina prezidenti avvalgi hamkasblaridan farqli ravishda Rossiyani o‘zi uchun dushman deb atagani yo‘q edi. Ammo shu kunlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh Assambleyasida chiqish qilib, Rossiyani bosqinchilikda aybladi.

    Bosh vazir Aleksey Goncharuk esa Rossiyani bosqinchi deb hisoblashini, ammo Ukraina hukumati eng katta qo‘shnisi – Rossiya bilan pragmatik aloqalar o‘rnatish rejasi borligini bildirdi.

    G‘arb ekspertlarining fikricha, Ukrainaning o‘z qardoshlari – Rossiya bilan har qanday yaqinligi uni Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilish imkoniyatlarini shunchalik kamaytirib yuboradi. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari Ukraina manfaatlari deb, Rossiyaga nisbatan iqtisodiy saksiyalarni uzoq muddat davomida saqlab qolish niyati ham yo‘q.

    Hozirgi bosqichda, albatta, Rossiya bilan til topishish muhim. Chunki, uni dushman atab ziddiyatga borish Ukraina uchun yaxshilik bilan tugamasligi muqarrar.

    G‘arb davlatlarining e’lon qilingan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina chegarasida 80-90 ming rus askarlari, 1800 tank, 2400 BTR bor. Bundan tashqari, Qrimning o‘zida ruslarning yirik harbiy bo‘linmalari joylashtirilgan. Kerak bo‘lsa, bunga qo‘shimcha ravishda RFning Janubiy harbiy okrugning yuz minglab askarlari, 8 ming tanki, artilleriya qurollari jangovar shay holatda va qisqa vaqtda kerakli joyda paydo bo‘lishi mumkin.

    Foto: delo.ua
    Qolaversa, Donbass va Luganskda 35-40 ming jangarilar bor. Bu kuchlar birlashsa, nafaqat Ukraina, balki butun NATOning Yevropadagi kuchlariga qarshi kurashishga qodirligi aytilmoqda. Shunday sharoitda Ukrainaning Rossiya bilan harbiy to‘qnashuvi uning mag‘lubiyatiga xizmat qiladi, xolos.

    Umuman olganda, Rossiya agar Ukraina tomonidan aniq kafolat bo‘lmasa, uning hududidagi urush olovini hech qachon to‘xtatishga shoshmasligi aniq. Chunki Ukrainadagi harbiy ziddiyat uzluksiz davom etar ekan, uning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishi uchun asosiy to‘siq bo‘lib qolaveradi. Bu esa rasmiy Moskvaning manfaatlariga juda mos keladi.

    Rossiya bilan iliqlik haqida gap ketib turganda Ukraina bosh vazirining Yevropa Ittifoqiga integratsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dmitriy Kuleba MDH davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha tanqidiy fikri Zelenskiyning tashqi siyosatda tizimli va aniq bir strategiya asosida ish olib borayotganidan dalolat beradi. «MDH – bu omadsizlar klubi. Shu sababli shaxsan men uchun bu yopiq tarix. Biz Yevropa Ittifoqiga, albatta, a’zo bo‘lib kiramiz».

    Vashington uzoqda, lekin barchadan yaqinroq
    AQSh Rossiyani tiyib turish, Yevropa qit’asiga mahkamroq o‘rnashish niyatida Ukrainani o‘ziga og‘dirib olgani aniq. Shu bois oxirgi 5 yil mobaynida bir milliard dollardan ortiq harbiy yordam ko‘rsatdi. Oq uy asosiy e’tiborini xavfsizlik va mudofaa sohalariga qaratayotgani boisi ham shudir.

    Ukraina yetakchisi AQSh bilan ajoyib aloqalarga egaligini, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy himoya qilib kelayotgani, tez orada yana 400 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatayotgani uchun Vashingtondagi do‘stlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

    Zelenskiy G‘arbdagi qaysi bir siyosatchi bilan uchrashmasin, Ukrainada tinchlik to‘liq tiklanmaguniga qadar Rossiyaga nisbatan xalqaro sanksiyalarni saqlab qolishi kerakligini eslatib kelmoqda.

    Shu bilan birga, AQSh ma’muriyati Ukrainaga iqtisodiy yordam ko‘rsatishni yevropalik ittifoqchilariga – Fransiya va Germaniya yelkasiga ilib qo‘yishga urinmoqda. Bu hatti-harakatidan keyin Rossiya agar qat’iyroq harbiy harakatlarni boshlab yuborsa, AQSh bevosita voqealar rivojiga aralashadimi-yo‘qmi, degan shubha ham kelib chiqmoqda.

    Qolaversa, Tramp 2014 yilda «Katta sakkizlik»dan chiqib ketgan Rossiyani yana ushbu formatga qaytarish kerakligi haqida bayonot berdi. Zelenskiyni esa imkon qadar Rossiya bilan yaqinroq bo‘lishga chorlamoqda. Putin haqida butun prezidentlik davrida birorta nojo‘ya fikr bildirmadi.

    Vladimir Zelenskiy 23-26 sentyabrda BMTning Bosh Assambleyasida ishtirok etish doirasida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan ham muloqot o‘tkazdi. Biroq kutilmaganda hozir Tramp oldida yangi muammo chiqdi. U avvalroq Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lajak saylovlarda o‘zining asosiy raqibi bo‘lmish Jozef Baydenning o‘g‘liga (besh yil davomida Ukrainadagi yirik gaz kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan) nisbatan jinoyat ishi ochishni tayinlagan.

    Foto: eurointegration.com.ua
    Boshida sal kulguli tuyulgan bu fikrlar endilikda demokratlar tomonidan haqiqiy siyosiy dastakka aylantirilmoqda. Ular Trampni bo‘lakjak saylovlarda o‘z raqibini obro‘sizlantirish, o‘yindan chiqarib yuborish uchun o‘zga davlat yetakchisini qo‘rqitishda ayblashmoqda. Buni impichment qo‘llash uchun asosiy dalil sifatida ko‘rsatishayapti.

    Dastlab, kongress tergov boshlab, Zelenskiy va Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatini to‘liq hajmda jaomatchilikka oshkor qilish talabini qo‘ydi. U matbuotda e’lon qilingach, Trampga impichment e’lon qilishga chog‘lanishmoqda. Hozircha 155 nafmar kongressmen bu rejani ma’qullamoqda. Ular safiga yana 70 nafar hamkasblari qo‘shilsa, Tramp juda og‘ir vaziyatda qoladi. Garchi impichmentchilar mag‘lubiyatga uchraganda ham siyosiy fonning o‘zi bo‘lajak bahslarda unga haddan tashqari ziyon yetkazishi aniq. Bu mojaro yo‘q joydan Zelenskiyni noqulay vaziyatga tushirib qo‘ydi.

    Telefon qo‘ng‘irog‘i chog‘ida Zelenskiyning Fransiya va Germaniyaning Ukrainaga yetarlicha yordam bermayotganini tanqid ostiga olgani ham ko‘hna qit’a siyosiy markazlarida katta norozilikni keltirib chiqardi va uni ko‘rnamaklikda ayblashmoqda.

    Aslida Yevropa Ittifoqi 2014 yildan buyon mamlakatga jami 3,3 milliard yevro makromoliyaviy yordamlar ko‘rsatgan, 2014-2016 yillarda yana 3 milliard yevro Yevropa investitsiya bankidan kredit sifatida, 2014-2017 yillarda Yevropa rekonstruksiya va taraqqiyot bankidan 3,5 milliard yevro sarmoyalar sifatida taqdim etilgan.

    Yaqin yillarda qit’adagi boshqa moliya muassasalari bilan subsidiya va qarzlar shaklida Ukrainadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15 milliard yevro ajratishi haqida va’da qilinayotgan edi. Bu esa Yevropaga integratsiyaga jarayonlariga yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

    Iqtisodiy masalalar...
    Ukraina birinchi prezidenti Leonid Kravchukning ma’lum qilishicha, mamlakat yetakchilarining asosiy xatosi – mamlakatning barcha mintaqalari manfaatlarini birdek hisobga olmasliklari bo‘lgan.

    Zelenskiy bu xatoni to‘g‘irlash niyatida. Ukraina g‘arbiy va sharqiy hududlarida o‘rtasida doim ham farq saqlanib qolgan. Ammo oxirgi yillarda oradagi tafovut kuchayib, ichki bo‘linish vujudga keldi. Barcha gubernatorlar iste’foga chiqarildi, lekin iqtisodiy blok muvozanatlashgan siyosat olib bora oladimi – bu noaniq.

    Hozirda asosiy muammolardan yana biri – bu Ukrainaning haddan tashqari katta davlat qarzlaridir. Ukraina moliya vazirligi davlat va kafolatlangan davlat qarzlari miqdori 82 milliard dollarni tashkil etayotganini bildirdi.

    Kiyevga faqatgina qarzning foizlarini yopish uchun har yili 17-20 milliard dollar zarur bo‘ladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi hozir Ukrainaning tashqi qarzini qoplash uchun 2020 yilda 16,8 milliard dollar, 2021 yilda 18,5 milliard dollar qarz bermoqda. E’tibor bering, faqatgina qarzni yopish uchun ko‘rsatilayotgan yordamning miqdori qanchalik katta. Hozir davlat byudjetining muqarrar inqirozidan Xalqaro valyuta jamg‘armasi qarzlari qutqarib turibdi.

    Foto: argumentua.com
    Bu aholiga qanday naf beradi. Hech qanday albatta. Qaytanga xalqaro tashkilot siyosiy bosim va talablarni ilgari surish bilan ovora. Gaz va boshqa kommunal to‘lovlarni oshirish bo‘yicha hukumat oldiga qo‘yilayotgan talab – birinchi majburiyatdir. Agar tariflar ko‘tarilmasa, demak xalqaro kredit ham berilmaydi va mamlakat defolt bo‘ladi. Kommunal tariflarning muttasil oshib borishi esa aholini qattiq norozi qilmoqda va bir kun bayroq ko‘tarib Zelenskiyga qarshi chiqishi mumkin.

    Rossiyaning Yevropaga gaz tranziti masalasi ham hanuzgacha hal qilinmadi. Oqibatda keyingi yili 3 milliard dollarlik foyda yo‘qotilishi mumkin. Ziddiyat tufayli ruslar Yevropaga Ukraina orqali tranzit miqdorini yil sayin kamaytirib bormoqda. Natijada ukrainlar arzon gaz importidan ham mahrum bo‘lib qolmoqda. Ko‘mirga boy Donbassning qo‘ldan ketishi esa dard ustiga chipqon bo‘ldi. Ukraina endi ko‘mirni Kolumbiya yoki AQShdan necha ming kilometr dengiz osha olib kelishga majbur bo‘layapti.

    Shunday bo‘lsa-da hukumat optimizm ruhi bilan yashamoqda. «2016 yildan buyon iqtisodiyot yiliga 2,5-3,3 foiz miqdorida o‘smoqda. 2014 yildagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin yalpi ichki mahsulot 16 foizga tushib ketdi. Yangi hukumat iqtisodiyotni erkinlashtirish, keng ko‘lamli xususiylashtirish va xorijiy sarmoyalar hisobiga o‘sishini 5 yil davomida 40 foizga oshirishni ko‘zlamoqda», – deydi yangi bosh vazir Vladimir Groysman.

    Davomi bor.
    A.Hasan o‘g‘li, xalqaro sharhlovchi

    Manba: Xabar.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Zelenskiyga Rossiya dushmanmi? (2-maqola)