23:35 / 03.10.2019
3 036

Zelenskiy mustaqil prezidentmi yoki oligarxning qo‘g‘irchog‘i? (3-maqola)

Zelenskiy mustaqil prezidentmi yoki oligarxning qo‘g‘irchog‘i? (3-maqola)
Ukrainada joriy yil bo‘lib o‘tgan saylovlarda 39 ta nomzod qatnashdi. Ikkinchi turda 73,2 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozongan va 2019 yil maydan hokimiyatga kelgan Ukrainaning 41 yoshli yangi prezidenti Vladimir Zelenskiy qator islohotlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Bu ukrain xalqi tomonidan ham, yaqin va uzoq qo‘shnilari tarafidan ham katta umidlar va ishonch bilan kutib olinmoqda...

Boshlanishi: Zelenskiy va bugungi Ukraina: umidlar oqlanadimi? (1-maqola)
Davomi: Zelenskiyga Rossiya dushmanmi? (2-maqola)

Ona tilim – jon tilimmi?
Shuningdek, Zelenskiy xalqning ma’naviy asoslarni saqlab qolishga ham urg‘u bermoqda. Ukrainani qudratli kinematografiya davlatiga aylantirish niyatida.

Xabaringiz bor, Ukrainada 16 iyulda ukrain tilining davlat tili sifatidagi rolini kuchaytirish haqida qonun kuchga kirgan edi. Bunga respublikada istiqomat qilayotgan polyak, rumin va venger millatlarining huquqlarini cheklovchi hujjat deb qaralmoqda.

Milliy ozchilik vakillari o‘rta ta’limni o‘z tilida 2023 yilga qadar olishlari mumkin, shundan keyin esa barchasi ukrain tiliga o‘tiladi. Bundan keyin davlat tilini barcha amaldorlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, harbiy xizmatchilar, ta’lim, tibbiyot vakillari, advokatlar, notariuslar, davlat muassasalari va kommunal xizmatlar xodimlari bilishga majbur. Davlat tele- va radiouzatish, xizmat ko‘rsatish sohalarida ukrain tilidan to‘liq foydalanishni o‘tishini ta’minlash shart.

Ukrainaning G‘arbdagi sheriklari va inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlar milliy va til siyosati bo‘yicha anchadan buyon yig‘ilib qolgan noroziligini ifoda etishni hozirdanoq boshlashdi. Jumladan, 2018 yil martda Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto rasmiy Kiyevning milliy ozchilikka kuchli bosimi o‘tkazayotgani haqida e’lon qilgan edi.

O‘shanda Pyotr Poroshenko ma’muriyati Budapeshtni Ukraina ichki ishlariga aralashish sifatida baholagan. Vengriya bundan jahli chiqib, Karpat orti vengrlariga ona tilida o‘qitish huquqi qaytarilmas ekan, Ukrainaning NATO bilan muzokaralariga veto qo‘yajagini bildirgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha monitoring missiyasi rahbari Matilda Bogner xonim mamlakatni kam sonli millatlar va tub joy aholi huquqlari to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqishga ustuvorlik berishga chaqirdi.

BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Dikarlo ham Kiyevdan norozi bo‘lib, Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida kam sonli millatlar til huquqini ta’minlashiga ishonch bildirdi.

«Yevropa hamjihatligi» partiyasi vakillari esa Davlat rahbarining bunday qarori millatchilar va radikallar tomonidan norozilik sifatida qabul qilishini mumkin, deb hisoblaydi.

YeXHT Oliy komissari Lamberto Zaner 2019 yil 29 iyulda Ukraina til siyosatida kamsituvchi unsurlar borligini yashirmadi.

Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, «ukrain tilining mutlaqligi haqidagi qonun yetarlicha muhokamalardan o‘tmasdan turib qabul qilingan va siyosiy bahs-munozaralar bosh mavzusi bo‘lmoqda. Uning boshqaruvi davrida barcha fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlariga rioya qilish eng muhim masala bo‘lib qoladi».

Avgust oyi oxirida Vladimir Zelenskiy milliy ozchilik huquqlarini himoya qilish haqidagi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurligini bildirgandi. «Xalq xizmati» partiyasi kamsituvchi hisoblangan til haqidagi qonunni prezident bekor qilishga ham tayyorligini oshkor qildi.

«Jaydari Tramp» va ustoz Kolomoyskiy
Zelenskiyning onasi injener, otasi Iqtisodiyot universitetida informatika kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor bo‘lgan.

U yoshligida grek-rim kurashi, og‘ir atletika, musiqa, raqs, basketbol va voleybol bilan faol shug‘ullangan. 1995 yilda maktabni 4 bahoga tamomlab, huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga kirgan. Ammo o‘z ixtisosligi bo‘yicha biror marotaba ham ishlamagan.

Uning mutoyiba va aktyorlikka qiziqishi doimo ustunlik qilgan. Talabalik yillarida KVN jamoasida qatnashib, 1997 yilda Oliy ligada chempion bo‘ldi. Shundan keyin do‘stlari bilan «95-daha» jamoasini tuzdi hamda guruhga sardor va muallif bo‘ldi. 2005 yilda «Inter» telekanalida «Tungi daha» teleshousiga muallif, rejissyor, yetakchi aktyor sifatida ish boshladi. Shou aholi o‘rtasida juda tez mashhur bo‘lib, ommaviyligi bo‘yicha «KVN» va «Comedy Club» dasturlaridan ham o‘zib ketdi.

Shu vaqtga qadar 15 ta badiiy filmda bosh rollarni ijro qildi va 22 ta loyihada prodyuser bo‘lib ishladi. Uning oilasi «Kinodaha», «95-daha studiyasi», «Zelari Fish», «Kulgu ligasi prodyuserlik markazi», «Animatsiya studiyasi 95», «TV dahasi», «Anima Invest», «Gaudi Studio» va «Daha-konsert» kompaniyalariga korporativ egalik qiladi.

Aholi orasida juda mashhurligidan foydalanib, Zelenskiy kelgusida o‘zining siyosiy yutuqlariga ishona boshladi. 2017 yilda «95-daha studiyasi» huquqshunoslari «Xalq xizmati» siyosiy partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazishdi. 2019 yil 1 yanvarda Zelenskiy «1+1» telekanali orqali o‘z nomzodini prezidentlikka ilgari surishini e’lon qildi.

21 yanvarda esa partiya uning nomzodini rasman ilgari surdi. U elektorat ishonchini qozonish uchun mamlakat tabiiy resurslari savdosidan olingan daromaddan har bir yangi tug‘ilgan ukrainga hisob-raqami ochish va uni voyaga yetgach tasarruf etish huquqiga ega bo‘lishi haqida quyuq va’dalar berdi.

U saylov kampaniyasi chog‘ida odatdagi miting va varaqa vositalaridan emas, «Instagram» va «Youtube» tarmoqlardan foydalanishni afzal bildi. Uning eng mashhur bo‘lib ketgan iborasi shunday yangrardi – «Yevropaning eng katta davlati qashshoq bo‘lishi mumkin emas».

Uning aktyorlik qobiliyati, televizion hajvchiligi siyosiy boshqaruvda qo‘l kelmoqda, ya’ni odamlarga uning muloqot madaniyati va tushuntirib bera olish mahorati yoqmoqda.

«Xalq xizmati» teleshousi bilan tanilgan prezidentini mahalliy ommaviy axborot vositalari «Ukrainaning Donald Trampi» deb ham atashmoqda. Aktyor bo‘lgani uchun bir paytlar AQShda bu sohadan Oq uyga rahbarlikka o‘tgan Ronald Reygan bilan ham qiyoslashadi.

Isroil nashrlaridan biri uning onasi Rimma Zelenskaya yahudiy ekanligini, shu sababli uning ham tomirida yahudiylik qoni oqishini bayon etdi. Ular bu borada Ukraina taqdirida katta rol o‘ynovchi, Zelenskiyning cho‘qintirgan otasi, yahudiy-oligarx Igor Kolomoyskiy bilan juda yaqin do‘stona aloqalarga egaligiga sha’ma qilishadi.

Kolomoyskiy nafaqat milliarder, balki mamlakat siyosiy hayotida ta’sirli shaxslardan biridir. U sobiq prezident Pyotr Poroshenko davrida Dnepropetrovsk viloyatining gubernatori bo‘lgan edi. Ammo Davlat neft kompaniyasi va bank sohasi bilan bog‘liq ziddiyati tufayli iste’foga ketdi.

Saylov boshlangan paytda esa raqibi Pyotr Poroshenkoga qarshi ichki ishlar vaziri bilan birgalikda ko‘p jiddiy ishlarni olib bordi. Shu sababli Poroshenko Saylov kampaniyasi chog‘ida Kolomoyskiy xorijdan turib ovoz berish jarayonlariga bevosita ta’sir o‘tkazishga urunayotganlikda aybladi. Nima bo‘lganda ham uning Zelenskiyga hal qiluvchi yordam ko‘rsatgani haqiqatdir.

Ammo yangi prezident bu boyvuchcha bilan siyosiy aloqalari yo‘qligini va saylovda biror-bir tarzda qo‘llab-quvvatlanmaganini ta’kidlashdan charchamayapti. Ammo uni saylovlarda rosa qo‘llab-quvvatlagan birgina «1+1» telekanali aynan Kolomoyskiyga tegishli ekanligini yodga olish kifoya. Bu kanal ommabopligi bo‘yicha «Ukraina» telekanalidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Aslida Ukraina armiyasi ruslar bilan urushda mag‘lubiyatga uchrashgan vaqtlarida Kolomoyskiy janoblari separatchi kuchlarga qarshi urushayotgan ko‘ngilli batalonlarni moliyalashtirgan edi. Uning Poroshenko bilan chiqisha olmay qolishi oqibatida ko‘plab aholi omonatlari saqlanayotgan «Privatbank»ni hukumat natsionalizatsiya qildi.

Ammo bu ishlar oxir-oqibat hukumatga 6 milliard dollarga tushdi. Oligarx aholining 5,5 milliard dollarini uxlatdi va bu pullarning taqdiri hozirgacha noma’lum. Boyvuchchaning o‘zi Isroilga juftakni rostlab qoldi. Lekin o‘sha yerda ham tinch o‘tirmay, hukumat ustidan umumiy mulkni tortib olish va katta miqdorda zarar yetkazish bo‘yicha da’vo qilib, sudlarga murojaat qildi.

Faqatgina Zelenskiy hokimiyatga kelgach, uning talabi Kiyev sudi tomonidan qanoatlantirilmoqda. O‘zi esa Ukrainada endilikda martabali mehmon rolini o‘ynamoqda.

Istiqbolda prezident qudratli oligarxning qo‘g‘irchog‘i bo‘ladimi yoki mustaqil arbob sifatida siyosiy irodasini ko‘rsatadimi – buning vaqtning hukmiga va yetakchining vijdoniga qo‘yib turaylik.

Hozirda Zelenskiy o‘z turmush o‘rtog‘i – maktabdagi sinfdoshi va «95-daha» studiyasi mualliflaridan biri Yelena Kiyashko bilan qizi Aleksandra va o‘g‘ri Kirillni tarbiyalamoqda.

2018 yilda topgan umumiy daromadi salkam 7,4 million grivenga teng bo‘ldi. U davlat amaldori bo‘lgani sababli joriy yilda mulklarini majburiy deklaratsiyadan o‘tkazdi. Natijada Zelenskiy nomida 42 million grivenlik ko‘chmas mulklar, jumladan, 5ta xonadon, yer uchastkasi mavjud. Jumladan, Yaltada 129 kvadrat metr, Kiyevda 284 kvadrat metr joyga egaligi oydinlashdi. Oilada 6,5 million grivenlik ikkita qimmatbaho xorijiy avtomobil ham ishlatib kelingan. Bundan tashqari, uning Latviya bankida 417 ming dollar, Ukraina banklarida 1,18 million griven, 16,8 ming dollarlik omonatlari saqlanmoqda. Oilaviy juftlik Kipr va Britaniya Virjin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar aksiyalari va qimmmatbaho qog‘ozlariga ham egalik qilishmoqda.

A.Hasan o‘g‘li, xalqaro sharhlovchi

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy mustaqil prezidentmi yoki oligarxning qo‘g‘irchog‘i? (3-maqola)