Turk qo‘shini Suriya tuprog‘iga kirdi. Maqsad nima? Nishon kim?

  • 10 oktyabr 2019, 11:16
  • 1 680
  • Dunyo
  • Turk qo‘shini Suriya tuprog‘iga kirdi. Maqsad nima? Nishon kim?
    Turkiya qurolli kuchlari Suriya shimolida harbiy operatsiya boshladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 9 oktyabr kuni Twitter’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

    Qayd etilishicha, PKK/YPG hamda IShID terrorchi tashkilotlariga qarshi operatsiya “Tinchlik bulog‘i” (Barış Pınarı Harekatı) degan nom ostida o‘tkazilmoqda.

    “Tinchlik bulog‘i” amaliyoti Suriyaning hududiy yaxlitligini muhofaza etish va Suriya xalqini terrorizm iskanjasidan xalos etishga qaratilgan”, deb bayonot berdi Turkiya rahbari.

    Amaliyotda turk harbiylari bilan birga Suriya ozodlik armiyasi askarlari qatnashmoqda.

    Xabarlarga ko‘ra, prezident Erdo‘g‘on mamlakatdagi yetakchi siyosiy partiyalar rahbarlarini Suriyada harbiy operatsiya boshlanganidan xabardor qilgan. Shu bilan birga, Turkiya tashqi ishlar vazirligiga BMT Xavfsizlik kengashiga a’zo mamlakatlar diplomatlari chaqirilib, ularga harbiy amaliyoti xususida ma’lumot berilgan.

    Professor Faxriddin Altun: “Harbiy amaliyot muvaffaqiyatidan butun dunyo manfaatdor”

    “Turkiyaning Suriya shimoli-sharqidan turk xalqiga uzoq vaqtdan beri tahdid solib kelayotgan terrochi guruhlarni bartaraf qilish va mahalliy xalqni himoya qilishdan o‘zga maqsadi yo‘q”, – deydi Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altun AQShning The Washington Post nashrida e’lon qilingan maqolasida.

    Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 6 oktyabr kuni telefon orqali AQSh prezidenti Donald Trampning bilan suhbatlashgan. Qayd etilishicha, suhbat chog‘i AQSh rahbari IShIDga qarshi kurashda amaliyotlar yetakchiligini Turkiyaga topshirishga rozilik bildirgan.

    Turkiya AQShdan farqli o‘laroq mahv etilishi lozim bo‘lgan yirtqichlarni xorijdan qidirish payida emas. Ammo yirtqichlar bizning eshiklarimizni buzib, vatandoshlarimizga zarar yetkazishga urinsa, unga munosib tarzda javob berishga majbur bo‘lamiz. Yosh yigit-qizlarni jangga yuborish hech qachon oson bo‘lmagan. Jumhuriyatimiz asoschisi Mustafo Kamol Otaturk aytganidek, “Millat hayotiga xavf tug‘ilmaguncha urushlar jinoyatdir”. Afsuski, bugun biz shunday vaziyatga tushib qoldik”, – deydi professor Faxriddin Altun.

    Ta’kidlanishicha, AQSh harbiylari Suriya shimoli-sharqini tark etishi ortidan IShIDning yana bosh ko‘tarishi xavfi yuzaga kelmoqda. Turkiya harbiylari amaliyotidan ko‘zlangan maqsadlardan biri aynan IShIDning yana oyoqqa turishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

    “IShIDga qarshi kurashda Turkiya yetakchilik qilgan harbiy amaliyotning muvaffaqiyatidan butun dunyo manfaatdor bo‘ladi. Yillar davomida jang maydonlarida bo‘lgan Amerika askarlari o‘z vataniga qaytadi. YPG tomonidan quvg‘in qilingan mahalliy xalq ota-bobolari vataniga ko‘chib o‘tadi. Xavfsiz hudud Yevropa uchun ham foydalidir. Chunki u noqonuniy migratsiya va radikallashuvning negizida turgan zo‘ravonlik va beqarorlik muammolarini hal qiladi. Nihoyat, bu reja insoniyatni terror balosidan himoya qilish uchun xizmat qiladi”, – deydi Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari.

    Xavfsiz hudud nima uchun zarur?

    Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ko‘pdan buyon Suriya shimolini kurd jangarilaridan tozalash va Furot daryosi sharqida xavfsiz hudud tashkil etish lozimligini talab qilib kelmoqda.

    Rasmiy Anqara rejasiga ko‘ra, Furot daryosi va Suriya–Iroq chegarasida 32 km masofada xavfsiz hudud tashkil qilinishi va u yerda ikki million qochqinning tinch-osoyishta hayoti ta’min etilishi lozim (Turkiya hozirga qadar 3,6 million qochqinni bag‘riga olgan bo‘lib, ularning asosiy qismi suriyaliklardir). Agar xavfsiz hududning janubiy chegarasi Dayr az-Zor hamda Raqqa chegarasiga yetsa, bu miqdor Yevropadan qaytadigan muhojirlar hisobiga 3 millionga yetishi mumkin.

    Turkiya bunga qadar Suriyada ikki yirik harbiy operatsiyani o‘tkazgan. 2016 yil 24 avgustdan 2017 yil 29 martga qadar davom etgan “Furot qalqoni” (Fırat Kalkanı) amaliyotidan so‘ng Halab muzofotidagi bir necha ming chaqirim hudud jangarilaridan tozalangan.

    Terror o‘choqlarini yo‘q qilish maqsadida 2018 yil 20 yanvarda boshlangan “Zaytun novdasi” (Zeytin Dalı Harekâtı) amaliyoti ham turk harbiylari g‘alabasi bilan yakunlangan. Xususan, Afrin shahridan jangarilar siqib chiqarilgan va xavfsiz hudud tashkil etish yo‘lida navbatdagi qadam tashlangan. Ushbu amaliyotda 3606 terrorchi o‘ldirilgan, 50 ga yaqin turk askari halok bo‘lgan. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, Turkiya qo‘shni BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi to‘g‘ridagi rezolyutsiyasi hamda BMT Nizomining 51-moddasiga tayanib harakat qilgan.
    C.Calim

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Turk qo‘shini Suriya tuprog‘iga kirdi. Maqsad nima? Nishon kim?