14:55 / 13.10.2019
4 858

Tramp Suriyada taslim bo‘ldi

Tramp Suriyada taslim bo‘ldi
Prezident Donald Trampning AQShning Suriyadagi faoliyatiga nuqta qo‘yish haqidagi qarorini to‘satdan amalga oshirilgan kutilgan siyosat sifatida baholash mumkin. O‘tgan yil dekabrda u Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an bilan telefon muloqotidan keyin Suriyadan chiqib ketish to‘g‘risidagi keskin qarori bilan barchani hayratga soldi. Jeyms Mettis ushbu qarorga javoban mudofaa vaziri lavozimidan iste’foga chiqdi, ammo Tramp maslahatchilarining kechiktirish taktikasi tufayli o‘sha vaqtda hech bir Amerika askari Suriyani tark etmadi.

O‘shandan keyin o‘tgan 1 yil ichida Qo‘shma Shtatlar hukumati maslahatchilari ilgari surgan bir qancha g‘oyalar havoga uchdi: «Arab NATO»sini tuzish rostanam reallikdan yiroq bo‘lgan fikr edi, keyin AQSh – Yevropa o‘rtasida Suriya – Turkiya chegarasida o‘z kuchlarini joylashtirish borasidagi behuda muzokaralar boshlandi. Vashingtonning rasmiy Anqara va kurdlar o‘rtasida vositachilik qilish g‘oyasi ham samarasizlikda oldingisidan qolishgani yo‘q, Turkiya – AQSh muzokaralari esa na xavfsizlik hududi bo‘yicha aniq xulosaga kelinmay, na u kim tomonidan idora etilishiga qaror berilmay yakun topdi.

Erdog‘an o‘tgan oy Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida Tramp bilan kerakli uchrashuvni o‘tkazolmagach, xavfsiz hudud yaratishga bo‘lgan umid so‘ngandek bo‘ldi. Aksar xorijiy yetakchilar singari Turkiya rahbari ham AQSh prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishda yaxshigina tajribaga ega. Odatda u istaganiga erishadi, jumladan, Rossiyadan S-400 mudofaa tizimini sotib olganiga qaramay, mamlakatini AQSh sanksiyalaridan saqlab qololdi.

Erdog‘an yana o‘zi xohlaganiga erishib, Trampning e’tiborini tortdi va ikkalasi o‘rtasidagi so‘nggi qo‘ng‘iroq o‘tgan yilning dekabridagi kabi natijaga olib keldi: AQSh prezidenti milliy xavfsizlik guruhining maslahatlariga e’tibor bermay, Suriyada chekinishga buyruq berdi.

Ammo Tramp maydonni fitnasiz tark etgani yo‘q. U chekinishni AQShning bu muammo bilan shug‘ullanish uchun boshqalarga yo‘l berishi deb baholadi. Bu esa, albatta, Erdog‘anni xursand qilgani yo‘q: u Qo‘shma Shtatlar kurdlarni Turkiya bilan urushni davom ettirgandan ko‘ra chekinish maqbul variant ekaniga ishontirishini istardi.

Keyinroq Tramp agar Turkiya qandaydir noqununiy harakatni amalga oshiradigan bo‘lsa yoki «haddidan oshsa», butun Anqara iqtisodiyotini vayron qilish bilan do‘q urdi. Mohiyatan, Turkiya iqtisodiyotiga qarshi sanksiya qo‘llash tahdidi bilan Tramp ma’muriyati Erdog‘anning harbiy operatsiyalarda «haddan oshishiga» to‘sqinlik qilish vakolatini qo‘lga kiritdi. Vashington va Anqara o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagan bir sharoitda bu Oq Uy uchun o‘ziga xos yutuq bo‘ldi, desak ham bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, Vashington kelajakka sarmoya kirityapti. Qaysidir nuqtada AQSh baribir yana maydonga qaytadi va barcha chiziqlar hamda kuchlar muvozanati qayta ko‘rib chiqilishi muqarrar.

Texnik jihatdan Tramp Obamaning kurdlar bilan muvozanatni saqlagan holda Turkiyani o‘z ittifoqchisi sifatida saqlash strategiyasiga nuqta qo‘ymoqchi. Shunday qilib, agar Vashington o‘z harbiy kuchlarini nihoyat Suriyadan olib chiqib ketsa, bu naq 8 yil davom etgan ma’nisiz siyosatning xotimasi bo‘ladi.

Umuman olganda, AQShning Turkiya iqtisodiyotini vayron etishi uchun Anqara aynan qaysi «qizil chiziq»ni bosib o‘tishi kerakligi ham, kurdlarning ittifoqchilikni Moskva bilan davom ettirishining kelajagi ham hozircha ma’lum emas. Pentagon Rossiya mudofaa vazirligi bilan ushbu masalani muhokama qilish uchun tayyorgarliklarni boshlab yubordi, Eron esa Suriyaning shimoli-sharqida AQSh tark etayotgan joyni to‘ldirishni taklif qilmoqda.

Tramp o‘z tvitterida «Biz 7000 mil uzoqlikdamiz» deb izoh qoldirgan, ushu tariqa Suriya AQSh muammosi emasligiga ishora qilib, fikrlarini umumlashtirdi. Hozirda Tramp “Tolibon” bilan muzokaralar olib bormoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, Tramp vaqti-vaqti bilan chekinish strategiyalariga murojaat qilib turadi. Ammo uning maslahatchilari amin bo‘lsinlarki, Suriyaga nisbatan joriy siyosat ham baribir uzoqqa cho‘zilmaydi.

Na hozirgi holat, na Tramp va uning ma’muriyati qarorlari bilan bog‘liq bunday chalkashliklar kuzatuvchini ortiq hayratga solmay qo‘ygan. Bu AQSh prezidentining ichki siyosatda tobora yakkalanib borayotgani va xalqaro maydonda ortiq jiddiy qabul qilinmayotganidan boshqa narsani aks ettirayotgani yo‘q. Suriya esa tobora muammolar olamiga g‘arq bo‘layotgan Tramp uchun shunchaki ahamiyatsiz bir masala edi, xolos.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Suriyada taslim bo‘ldi