16:30 / 17.10.2019
3 893

«Ahmoqlik qilmang!» Trampning Erdo‘g‘anga yozgan ogohlantirish xati oshkor bo‘ldi

«Ahmoqlik qilmang!» Trampning Erdo‘g‘anga yozgan ogohlantirish xati oshkor bo‘ldi
Foto: Getty Images
Turkiya harbiylari Suriya hududiga kirgan kun – 9 oktyabrda AQSh prezidenti Donald Tramp turklar yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga ogohlantirish xati yo‘llagani ma’lum bo‘ldi. Maktubda Tramp Erdo‘g‘anga «qaysarlik qilmaslik va ahmoq bo‘lmaslik»ni maslahat bergan.

Rasmiy xatda diplomatik mulozamat va yumshoq jumlalar deyarli uchramaydi. Ma’lum bo‘lishicha, Turkiya prezidenti amerikalik hamkasbining noodatiy tarzda qo‘pollik bilan bitgan rasmiy maktubini chiqindi qutisiga uloqtirgan.

«Keling, yaxshilikcha kelishib olamiz. Siz minglab odamlarning qoni to‘kilishi uchun javobgar bo‘lishni xohlamaysiz. Men ham Turkiya iqtisodining vayron bo‘lishi uchun mas’ul bo‘lgim yo‘q, ammo shunday qilish qo‘limdan keladi. Buning qanday bo‘lishini allaqachon pastor Brenson ishida misol tariqasida ko‘rsatganman», – deb yozgan Donald Tramp.

Foto: Jim Bourg / Reuters
AQSh prezidenti o‘z xatida kurd generali Mazlumdan maktub olgani, u Vashingtondan Turkiya bilan muzokaralarda yordam so‘raganini ma’lum qilgan. Matnga ko‘ra, Tramp general Mazlumning xatini ham Erdo‘g‘anga ilova qilib yuborgan.

«Buni to‘g‘ri va gumanitar tarzda amalga oshira olsangiz, tarix sizga ijobiy baho beradi. Agar oqibati yomonlikka olib kelsa, abadiy qonxo‘r degan nomni olasiz. Aytganidan qolmaydigan qaysar yigit bo‘lmang. Ahmoqlik qilmang! Keyinroq qo‘ng‘iroq qilaman», – deya o‘z xatini yakunlagan Donald Tramp.

Maktubni dastlab Fox Business telekanali muxbiri tarqatdi, keyinroq Oq uy xatning haqiqiyligini tasdiqlagani haqida NBC telekanali ma’lum qildi.

BBC manbalariga ko‘ra, turk hukumati doiralarida Trampning xati «diplomatik etikaga nomuvofiq» deb baholangan. Anqaradagi manbalarning bildirishicha, Erdo‘g‘an xatni o‘qib, uni «chiqindi qutisiga uloqtirgan».

Turkiya prezidenti bu xatga javoban shu kunning o‘zidayoq Suriya bilan chegarada «Tinchlik bulog‘i» operatsiyasini boshlash haqida buyruq bergan. Bundan biroz oldin esa AQSh o‘z harbiylarini Suriya shimolidan – Turkiya rejalashtirgan «xavfsiz hudud»dan olib chiqib ketishini e’lon qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Ahmoqlik qilmang!» Trampning Erdo‘g‘anga yozgan ogohlantirish xati oshkor bo‘ldi