09:33 / 04.11.2019
3 451

Bag‘dodda nimalar bo‘lmoqda?

Bag‘dodda nimalar bo‘lmoqda?
Namoyishchi avtomobil g‘ildiragini yoqmoqda / REUTERS
Namoyishchilar o‘z avtomobillarini poytaxtdagi asosiy yo‘llarda qoldirib, yo‘l harakatini to‘xtatishgan. Politsiya ularning harakatlariga to‘sqinlik qilmayapti.

Oktyabr oyidan buyon Bag‘dodda hukumatga qarshi chiqishlar davom etmoqda, bu namoyishlarda o‘n minglab kishilar ishtirok etmoqda. Korrupsiya, ishsizlik darajasi yuqoriligi va davlat xizmatlarining qoniqarsiz faoliyati - yosh iroqliklarning noroziliklari uchun asosiy sabablardir.

Xavfsizlik xizmati xodimlari bilan to‘qnashuvlarda shu vaqtgacha jami 250 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan. Bag‘dodda oktyabr oyi oxirida komendantlik soati joriy etilgan, ammo namoyishlar tinmayapti.

O‘tgan haftada Iroq prezidenti Barham Solih agar partiyalar uning o‘rniga nomzod topa olishsa, mamlakat bosh vaziri Odil Abdul Mahdi iste’foga chiqishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.

Bag‘dodda nimalar bo‘lmoqda?
Yakshanba kuni poytaxtdagi asosiy magistrallarda harakat to‘xtatib qo‘yildi.

Bag‘doddagi barrikada / REUTERS

Namoyishlar markazi Tahrir maydoni / REUTERS
O‘quv muassasalarida ish tashlash uyushtirilmoqda, davlat tashkilotlari yopilgan.

«Biz hukumatga o‘g‘ri va korrupsionerlar uloqtirib tashlanmaguncha va amaldagi hukumat qulatilmaguncha namoyishlar davom ettirilishi va yo‘llar yopiq turishini anglatib qo‘ymoqchimiz. Biz davlat xizmatchilari o‘z ish joylariga yetib olishlariga yo‘l qo‘ymaymiz, faqat gumanitar faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xodimlar bundan mustasno», deydi namoyishlarning 25 yoshli ishtirokchisi Tahsin Nosir.

Voqealar markazi poytaxtdagi Tahrir maydoni bo‘lmoqda.

U yerda to‘plangan namoyishchilar ko‘prik orqali davlat muassasalari va xorijiy elchixonalar joylashgan Yashil hududga o‘tishga harakat qilishmoqda.

Namoyishlar Bag‘doddan janubi-sharqda joylashgan Kut shahrida ham bo‘lib o‘tmoqda.
Yakshanba kuni poytaxt janubidagi ko‘plab maktablar va davlat muassasalari yopildi.

Namoyishlar nima bilan bog‘liq?
Bir yil muqaddam Iroq bosh vaziri bo‘lgan shialar harakati faxriysi Abdul Mahdi islohotlar o‘tkazishni va’da qilgandi, ammo amalda bu va’dalar bajarilmadi.

1 oktyabr kuni Bag‘dod ko‘chalariga ishsizlik va korrupsiyani yo‘qotishni talab qilgan minglab yoshlar chiqishdi.
Xavfsizlik xizmati kuchlari namoyishchilarga qarshi qurol ishlatdi, o‘nlab namoyishchilar halok bo‘ldi, shundan so‘ng norozilik aksiyalari mamlakatning qolgan qismlariga ham yoyildi.

Namoyishlarning birinchi to‘lqini 6 kun davom etdi va jami 149 kishi halok bo‘ldi. Bosh vazir Abdul Mahdi o‘z hukumatida o‘zgarishlar o‘tkazishni, yuqori maosh oluvchi amaldorlarning oyliklarini qisqartirishni va yoshlar orasidagi ishsizlik darajasini kamaytirishni va’da qildi.
Ammo oktyabr oyi oxirida namoyishchilar o‘z talablari bajarilmasligiga amin bo‘lgach yana ko‘chalarga qaytib chiqishdi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bag‘dodda nimalar bo‘lmoqda?