Kobuldagilar Tojikistonga IShID jangarilari Afg‘onistondan kirib kelganini inkor etishdi

  • 08 noyabr 2019, 09:37
  • 788
  • Dunyo
  • Kobuldagilar Tojikistonga IShID jangarilari Afg‘onistondan kirib kelganini inkor etishdi
    6 noyabrga o‘tar tunda Tojikistondagi chegara zastavasiga hujum uyushtirgan jinoiy guruh afg‘on-tojik chegarasidan o‘tmagan. Bu haqda Afg‘oniston kuch tuzilmalaridagi bir necha manbalarga tayanib «Nezavisimaya gazeta» xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilarning izlari Afg‘oniston tashqarisida.

    Avvalroq Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 6 noyabrga o‘tar tunda qurollangan guruh Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qilgani haqida xabar berdi. Xabarda aytilishicha, hujum «Sultonobod» chegara otryadi harbiy qismining Ishkoboddagi 4-sonli chegara zastavasiga amalga oshirilgan.

    Hujum oqibatida chegarachi va militsiya xodimi halok bo‘ldi, qurolli jinoiy guruhning 15 nafar a’zosi yo‘q qilindi, besh nafari qo‘lga olindi.

    Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qilgan shaxslar IShID terrorchi guruhi jangarilari bo‘lgan. Ular Tojikistonga Afg‘oniston tomondan o‘tib kelishgan.

    Ammo vaziyatdan yaxshi xabardor bo‘lgan Afg‘oniston kuch ishlatish tuzilmalari xodimlari IShID jangarilari Tojikistonga Afg‘oniston hududidan o‘tganligi haqidagi bu ta’kidni rad etdi.

    «OAV xabarida tilga olingan, IShID jangarilari Tojikistonga Qunduz viloyatining Qalai Zol uyezdi orqali kirib kelganligi aytilgan davlat chegarasi uchastkasi Afg‘oniston tomonidan ham, Tojikiston tomonidan ham qattiq qo‘riqlanadi. Bizning xizmatlarimiz nafaqat 20 kishilik guruh, balki bir kishining ham chegaradan o‘tishga urinishini sezgan va bunga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. Shuni ham unutmaslik kerakki, Qalai Zoldagi chegara uchastkasini noqonuniy ravishda kesib o‘tish juda mushkul: jangarilar buning uchun Panj daryosi orqali o‘tishlari kerak bo‘lardi, bu esa ishoning, oson emas, ayniqsa yigirma kishilik guruhga», - dedi afg‘onistonlik kuch ishlatish tizimi xodimlaridan biri.

    «Bu bo‘lmag‘ur gap. Ularning chegaradan o‘tishganini biz ham, tojik hamkasblarimiz ham bilgan bo‘lardi. Bizning agentura imkoniyatlarimiz chegara atrofidagi hududlarda nimalar sodir bo‘layotgani haqida to‘liq ma’lumot olishga yetadi», - dedi yana bir afg‘on maxsus xizmati xodimi.

    Yana bir suhbatdosh esa «bu jangarilarning izi Afg‘oniston tashqarisida» ekanligini aytdi.

    «Bu odamlar aniq Afg‘onistondan o‘tishmagan. Ehtimol, ushbu guruh Tojikiston hududida shakllangandir. IShID bunga qanchalik aloqadorligini aytish qiyin. Qo‘lga olinganlar borligi yaxshi, demak, muhim ko‘rsatmalar olinadi. Tojik hamkasblarimiz bu ma’lumotlarni biz bilan bo‘lishadi deb umid qilaman», - dedi u.

    IShID Tojikistonda sodir etilgan terrorchilik harakati uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagani ham e’tiborli jihatlardan biri.

    Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bayonoti bo‘yicha «Tolibon» vakillari ham sukut saqlamoqda. Toliblar mavqei uchun bu bayonot kuchli siyosiy zarba bo‘lishi mumkin. Chunki qariyb bir yildan buyon «Tolibon» vakillari Shimoliy Afg‘onistonda IShID yakson qilinganini ta’kidlab kelishadi.

    Buning ustiga, toliblar va ularga siyosiy xayrixohlar Afg‘onistondagi IShID tahdidiga aynan «Tolibon» samarali qarshilik ko‘rsata olishiga va shunga muvofiq, terrorchilar Afg‘oniston hududidan MDH davlatlariga o‘tib ketishining oldini olishiga ishonishadi. Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov bir necha yildan buyon Rossiya va toliblar aynan IShIDga qarshi kurashda hammaslak ekanligini va «Tolibon» jangarilari bu vazifani samarali uddalashini ta’kidlab keladi.

    Ammo Tojikiston rasmiy vakillarining 6 noyabrda yuz bergan hodisa to‘g‘risidagi bayonoti Zamir Kabulovning ta’kidlari to‘g‘ri emasligini, toliblar IShIDga qarshi kurashda kuchsiz ekanligini va «Tolibon» Afg‘oniston shimolini IShIDdan tozalaganini aytib o‘z hamkorlarini aldab kelayotganini ko‘rsatadi.

    «Bunday nozik siyosiy vaziyatda Rossiya TIV rahbarlari afg‘on kuch tuzilmalarining nuqtai nazarlarini qo‘llab-quvvatlashi foydaliroq bo‘ladi, ammo bu rasmiy Kobul bilan «sovuq urush» olib borayotgan odamlar uchun ruhiy jihatdan oson bo‘lmaydi», - deb fikr bildirdi afg‘onistonlik siyosiy ekspertlardan biri.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Kobuldagilar Tojikistonga IShID jangarilari Afg‘onistondan kirib kelganini inkor etishdi