18:41 / 22.11.2019
3 172

Izlashda davom etyapmiz. O‘zga sayyoraliklarni qachon topamiz?

Izlashda davom etyapmiz. O‘zga sayyoraliklarni qachon topamiz?
Foto: Google Images
O‘zga sayyoraliklarni topishimiz uchun yana necha yil kerak? 10 yilmi? 20 yilmi? Yoki undan ham ko‘proqmi?
Shu yilning 22 oktyabrida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressi ishtirokchilari shu savol yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ularning aksariyati Yerdan tashqarida hayot alomatlarini topishga uncha ko‘p vaqt qolgani yo‘q, deya e’tirof etgan.

So‘zga chiqqanlarning aksariyati ancha yillardan beri Yerdan tashqarida hayot nishonalarini izlash bilan mashg‘ul bo‘lib kelayotgan kishilar bo‘lib, ular ilmiy asoslangan va dadil umidlarni qamrab olgan taxminlarini bayon qilgan.

Xo‘sh, odamzot qachon Yerdan tashqarida ham hayot mavjudligi haqida aniq dalil va faktlarga ega bo‘ladi?
Sahnadagi munozaralar muvofiqlashtiruvchisi Kler Vebb o‘z so‘zini o‘zga sayyoraliklarni qidirish yo‘lidagi eng obro‘li shaxslardan biri Frenk Dreykdan iqtibos keltirish bilan boshladi: «2024 yilda biz Yerdan tashqarida hayot borligini isbotlovchi birinchi dalilni qo‘lga kiritamiz».

O‘z nutqi davomida Kler Vebb Dreykka ishonish mumkinligini e’tirof etdi.
Albatta, bu gap o‘rinsiz, mubolag‘ali va optimistik ruhga ega. 2024 yilga esa ozgina vaqt qoldi. Biroq baribir bunga ishonish biroz qiyin.

Yana bir ma’ruzachi – Buyuk Britaniyadagi Yordel Benk rasadxonasi direktori Mayk Garret esa bu voqelik haqida «5, 10 yoki 15 yildan keyin Marsda hayot nishonasini topish uchun yaxshi imkoniyat bor» deydi. Uning ta’kidlashicha, bu masala yuzasidan jiddiyroq ish olib borish kerak, chunki u bizga keyingi tadqiqotlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Ma’ruzachilarning aksariyati o‘zlari bergan javoblarini tayinli izohlay olishmagan. Masalan, Berklidagi SETI tadqiqot markazi direktori Endryu Simon «2036 yilning 22 oktyabrida» deya aniq sana keltirishga ham jur’at qilgan bo‘lsa-da, fikriga hech qanday ilmiy asos keltira olmaydi. Chikagodagi Adler planetariysi astronomi Lyusianna Valkovits esa shunchaki «15 yil ichida» deb qo‘ya qolgan.

Ekzosayyoralarni qidirish bilan mashg‘ul bo‘lgan astronom Sara Siger esa Yerdan tashqarida hayot nishonasini topish ilinji ko‘p jihatdan hali endi-endi loyihalashtirilayotgan ilmiy tadqiqot dasturlariga va ayniqsa, qurilishi rejalashtirilayotgan kosmik teleskoplar imkoniyatiga bog‘liq ekanini ochiq aytgan va bu borada biror taxminiy muddatni aytishdan o‘zini tiygan.

Albatta, yuqoridagi fikrlarning barchasi shunchaki shaxsiy fikri va taxminlar xolos. Biz Yerdan tashqaridagi hayotni juda yaqin vaqt ichida kashf qilishimiz yoki yana yuz yildan keyin ham topa olmasligimiz mumkin (hech qachon topa olmasligimiz ehtimoli ham yo‘q emas). Shunga qaramay, o‘zga sayyoraliklarni qidirishga vaqt sarflayotgan kishilarning aksariyati ilinj aralash optimistik kayfiyat bilan turli xil sana va muddatlarni keltirishdan andisha qilishmayapti. Ularning ichidagi eng keksa olim – SETI instituti prezidenti 70 yoshli Bill Daymond esa «Shu kashfiyotni ko‘rib, keyin o‘lsam deya umid qilaman» deydi. U bu kashfiyot yaqin 10 yil ichida, ya’ni o‘zi 80 yoshga to‘lguniga qadar amalga oshishiga umid bildirgan.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.

Manba: Daryo.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Izlashda davom etyapmiz. O‘zga sayyoraliklarni qachon topamiz?