21:12 / 05.12.2019
8 727

Islomni qabul qilgan mashhur yahudiylar (1-qism)

Islomni qabul qilgan mashhur yahudiylar (1-qism)
Islom dinining ilk davridan e’tiboran yahudiylar musulmonlar bilan turli sohalarda aloqada bo‘lgan va hamkorlik qilgan. Savdo, ilm-fan, madaniyat, ijtimoiy hayot, xalqlararo munosabatlar yaxudiylarni islom dinini o‘rganishga, teranroq anglashga chorlagan. Hayotning asl ma’nosi, bu dinda o‘z aksini topgan cheksiz ilohiy haqiqatlar turli din vakillarini islomiy manbalarni o‘qib o‘rganishga va bu dinni qabul qilishiga olib kelgan va kelmoqda. Islom ilmlari rivojiga hissa qo‘shgan olimlar orasida yahudiylik dinidan o‘tganlar ko‘p bo‘lgan. Quyida ularning bir nechtasi haqida ma’lumot beramiz.

Abdulloh ibn Salomni (550-663) islomni qabul qilgan yahudiylarning eng mashhuri desak bo‘ladi. Rivoyatlarda aytilishicha, u Yasribning eng nufuzli yahudiy ruhoniylaridan biri bo‘lgan. Muhammad sollalohu alayhi vasallam bu shaharga kelgan chog‘larida Abdulloh ibn Salom u zotni payg‘ambar sifatida tan oldi va islomni qabul qildi. Qur’on tafsirchilarining ta’kidlashicha, Qur’oni karimning “Ahqof” surasi 10-oyati uning musulmon bo‘lganiga ishoradir. U tirikligida jannat va’da qilingan birinchi baxtli musulmondir.

Ka’b al-Axbor (652 yoki 655 yilda vafot etgan) islomni qabul qilgan yamanlik ravvin. U xalifa Umar roziyallohu anhu davrida Madinaga ko‘chib o‘tgan, shuning uchun uni tobeinlardan deyishadi. Ka’b al-Axbor Qur’onning taniqli tafsirchilaridan biriga aylandi. Shuningdek, u isroiliyot voqealari haqida ham juda ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgan.

Horun ibn Muso (786 yil vafot etgan) arablarning azd qabilasida yashab, islomni qabul qilgan. U arab tilini chuqur o‘rgangan olim bo‘ldi, Quron qiroatlarini o‘rganishga katta hissa qo‘shdi. U arab tili grammatikasi bo‘yicha birinchi kitobning muallifi Sibavayhning ustozi bo‘lgan.

VIII asrning yana bir mashhur arab tili tilshunosi, Kufa maktabining asoschisi Abu Jafar ar-Ruasiy ham islomni qabul qilgan yahudiy edi.

Abu Barakat al-Bag‘dodiy (1080-1164) – kelib chiqishi yahudiy bo‘lgan faylasuf, tabib va fizik. U ibroniyda Natanel taxallusi bilan asarlar yozgan. Bag‘dod xalifalari va saljuqiy sultonlar saroyila tabib bo‘lgan. Abu Barakat falsafa fanida Arastu g‘oyalariga sodiq edi. U ko‘p jihatdan Ibn Sinoga ergashgan, shu bilan birga o‘z g‘oyalarini ham rivojlantirgan. Tezlikni ketma-ket oshirish bilan kuchning ketma-ket o‘sishi orqali tushayotgan jismning tezligi ortishini tushuntirib berdi. Islomni umrining oxirida qabul qildi.

Sama’al ibn Yahyo al-Mag‘ribiy (1130-1180) ham Bag‘dodda, ravvinlar oilasida tug‘ilgan. Islomni qabul qilgani otasini xafa qilishidan qo‘rqib, ko‘p yillar davomida buni oilasidan sir tutgan. U o‘z e’tiqodi haqida 1163 yilda, tushida buni oshkor etishga buyurilganidan keyin e’lon qildi. U matematik, astronom va tabib bo‘lgan. 19 yoshida “Al-Bahir fil-jabr” nomli matematik traktat yozdi. Uning yahudiylik dini tanqidini o‘z ichiga olgan “Ifham al-Yahud” asari ham shuhrat qozongan.

Rashiduddin Hamadoniy (1247-1318) Hamadonda, Eron yahudiylari oilasida tug‘ilgan. Islom dinini 30 yoshida qabul qildi. Ilhon G‘azanning (1295-1304) boshqaruvi davrida vazir bo‘ldi. 1295 yildan Ilhon G‘azan ham Allohning yagonaligiga shohidlik keltirib, islomni davlat dini deb e’lon qildi. Hamadoniy tabiblik ham qilgan, lekin asosan mashhur tarixchi sifatida tanilgan. Uning hukmdor ko‘rsatmasiga binoan yaratgan "Jome’ at-tavarix" ("Solnomalar to‘plami") asari ilhoniylar va mo‘g‘ullar imperiyasi davrini yorituvchi muhim tarixiy manbadir. Olim Ilhonni zaharlashda ayblangan va qatl qilingan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Islomni qabul qilgan mashhur yahudiylar (1-qism)