Hukmdorlarning g‘ayrioddiy sevimli mashg‘ulotlari

  • 10 dekabr 2019, 00:08
  • 1 411
  • Dunyo
  • Hukmdorlarning g‘ayrioddiy sevimli mashg‘ulotlari
    Ko‘pchilik shoh yoki malika bo‘lishni orzu qiladi-yu, bu qanday qiyin vazifa ekanligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.

    Ko‘zga tashlanadigan afzalliklar — boylik va hokimiyat mavjud bo‘lishiga qaramay, ularga egalik qiluvchi odam mutlaq erkin emas. U doimiy kuzatuvda bo‘ladi va minglab odamlar tanqid qilishadi. Uning kun tartibi ko‘plab marosimlar va vazifalardan kelib chiqib belgilanadi. Bundan tashqari, haqiqatan ham mamlakatni boshqarish, odamlarning taqdiri bog‘liq bo‘lgan siyosiy va iqtisodiy qarorlar qabul qilinishi kerak. Ba’zi podshohlar buni yaxshi uddalashgan, ba’zilari yomonroq, ammo hech kim bu faoliyat stress bilan to‘la ekanligini inkor etmagan. Ularni yengish uchun har kimning o‘z yo‘li bor edi. Ochig‘ini aytganda, ba’zi shohlar g‘alati sevimli mashg‘ulotlarga ega bo‘lgan.

    Edvard II yer qazishni va baliq ovlashni yaxshi ko‘rgan

    Plantagenetlar sulolasi vakili, 1307-1327 yillarda Angliyada hukmronlik qilgan bu qirolni zamondoshlari uzun bo‘yli va xushbichim, chiroyli jigarrang sochlari yelkasiga tushib turgan odam deb ta’riflashgan. U agar istasa, xarizmatik bo‘lishi va parlamentda qizg‘in nutq so‘zlashi mumkin edi. Barcha ma’rifatli monarxlar singari u ham san’at, musiqa va fanga qiziqishi kerak edi, lekin Edvard amaliyotchi inson edi, sport bilan shug‘ullanishni va ariqlar qazishni yaxshi ko‘rardi.

    Ko‘pchilik uni siyosiy mashg‘ulotlar o‘rniga, qarmoqni olib, dehqonlar bilan birga ovga borishni odat qilgani uchun uni tanqid qilgan. Edvardga inshootlar qurilishini tomosha qilish yoqqan. Bu kabi turmush tarzi a’yonlarni g‘azablantirgan. Qirolning bunday «qoloq» ovunchoqlar bilan shug‘ullanishiga nafrat bilan qarashgan. Baronlar doimiy ravishda uning huquqlarini cheklashga urinishadi. 20 yillik boshqaruv to‘lig‘icha sud va parlamentga nisbatan qarama-qarshiliklar bilan tavsiflanadi.
    Oxir oqibat, u fuqarolik urushida g‘alaba qozonadi va xotini hamda ingliz ritsari Rojer Mortimer tomonidan ag‘darilgunga qadar mamalakatni qattiqqo‘llik bilan boshqardi.

    Abdulhamid II yog‘och o‘ymakorligiga qiziqqan

    Usmoniylar imperiyasi merosxo‘r monarxlari haqiqiy siyosiy kuchga ega bo‘lgan so‘nggi qudratli imperiyalardan biri edi. Sulolaning so‘nggi vakili bo‘lgan sulton 1909 yilda davlat to‘ntarishi bilan ag‘darilgan Abdulhamid II edi. Uning siyosati ziddiyatli bo‘lgan. Hukmronligining dastlabki davrida u mamlakatni isloh qilishga urinib ko‘radi, keyingi yillarda parlamentni tarqatib yuboradi va konservativ qarashlarga sodiq qoladi. Uning qizi memuarlarida otasining tunlari mutolaa qilishni sevgani va uyqusizlikdan aziyat chekkani yozib qoldirilgan.

    Ammo uning eng yaxshi ko‘rgan ishi duradgorlik edi, bu unga dam olishga va charchoqni ketkazishga yordam bergan. Abdulhamid II oilasi foydalangan mebelning bir qismini o‘zi yasagan.

    Bundan tashqari, sulton detektivlarning katta ishqibozi edi. U Sherlok Holms sarguzashtlarini turk tiliga tarjima qilinishidan ancha avval o‘qib tugatgan. Saroy kotibi o‘z sultoni uchun asarni maxsus tarjima qilgan va kitob shaklida ko‘chirib bergan edi. Ser Artur Konan Doyl va uning rafiqasi Turkiyaga kelganida, sulton uni adabiyotdagi yutuqlari uchun «Majidiy» ordeni bilan mukofotlagan.

    Norvegiya qiroli Olav Tryuggvason pichoq bilan jonglyorlik qilgan

    Vikinglar juda jangovar xalq edi. Garchi ular zamonaviy teleseriallarda ko‘rsatilgani kabi tez-tez bosqinlar uyushtirmagan bo‘lsalar ham, ko‘plab sevimli mashg‘ulotlari haqiqiy jangga tayyorgarlik ko‘rishga asoslangan edi. Suzish va kurash ayniqsa mashhur bo‘lgan.

    Muvaffaqiyatli hukmdor bo‘lish uchun vikinglar vakili favqulodda kuch va epchillikka ega bo‘lishi kerak edi. Viking qirollari va ularning sportdagi yutuqlari haqida ko‘plab hikoyalar mavjud, ammo Olav Tryuggvason haqidagi doston juda ta’sirli. Uning bir nechta g‘ayrioddiy sevimli mashg‘ulotlari bor edi: masalan, u yaxshi alpinist bo‘lgan, Skandinaviyadagi Smalsarxornga osongina ko‘tarilib, qalqonini tepaga o‘rnatgan. Qo‘shimchasiga dengizda «eshkak eshib yurgan». Ammo eng qiziqarlisi bu emasdi. Qirol uchta pichoq bilan jonglyorlik qilishni uddalardi. Bir pichoq havoda bo‘lganida, u qolganlarining dastagidan ushlardi. Bu mahorat jangda ko‘p yordam bergan.

    Lyudovik XVI slesarlikka qiziqqan

    Lyudovik XVI (1774 — 1791) bugungi kunda ko‘p tilga olinadi: u inqilob paytida boshidan judo bo‘lgan yagona fransuz monarxi edi, u Britaniyaga qarshi urushda Amerika mustamlakachilarini qo‘llab-quvvatlagan.

    Shaxsiy hayotda Lyudovik XVI juda yaxshi inson bo‘lgan. U fanlarga, ayniqsa muhandislikka qiziqqan. Fransiya flotini shaxsan tekshirgan. Hech qachon xotiniga (Mariya-Antuanetta) xiyonat qilmagan. Kambag‘allar ahvoli haqida tashvishlanib, non narxini tushirishga harakat qilgan.

    Biroq, u ham o‘z qiziqishiga ega edi — slesarlik. U har bir odam qandaydir qo‘l mehnati bilan shug‘ullanishi kerak, deb hisoblagan. Albatta, uning atrofidagilarga bu qirol uchun keraksiz mashg‘ulot bo‘lib ko‘rinadi. Qirol esa o‘zining sevimli ishini yopiq eshiklar ortida davom ettirishni ma’qul ko‘radi. Uning kutubxonasida dastgoh o‘rnatilgandi. Lekin sir oshkor bo‘ladi va Lyudovik gazetalarda mazax qilinadi.

    Pyotr Birinchi tibbiyotni sevgan

    Pyotr Birinchi tibbiyotga nisbatan alohida mehr bilan qaragan. Xususan, stomatologiyaga. Bu qiziqishni u Leyden universitetida orttirgan. U yerda Pyotrga jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishni, yaralarni ochish, jarohatlarni tikishni o‘rgatishgan. Zamondoshlarining eslashicha, imperator tishlarni davolashga shunchalik kirishib ketganki, bu qobiliyatini nafaqat atrofidagilarda, balki oddiy fuqarolarda ham sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan.

    » » Hukmdorlarning g‘ayrioddiy sevimli mashg‘ulotlari