Forbes dunyoning eng qudratli ayollari reytingini taqdim etdi

  • 14 dekabr 2019, 20:00
  • 1 566
  • Dunyo
  • Forbes dunyoning eng qudratli ayollari reytingini taqdim etdi
    Amerikaning nufuzli Forbes jurnali bu yilgi dunyoning eng qudratli ayollari top-100 reytingini taqdim etdi.

    Reytingni 9 yildan buyon Germaniya kansleri Angela Merkel boshqarib kelmoqda. Iqtisodiy qudratiga ko‘ra to‘rtinchi o‘rindagi mamlakatning rahbari amalda Yevropaning lideri hamdir. Uning yetakchiligi Donald Tramp qarshisida mardonavor turishidan tortib, millionlab suriyalik qochoqlarni qabul qilishigacha o‘zini namoyon qildi. O‘tgan haftada Merkel Parijda “Normand to‘rtligi” formatida Ukraina muammolarini hal qilish uchun Fransiya, Rossiya hamda Ukraina rahbarlari bilan uchrashdi.

    Ikkinchi pog‘onada noyabr oyida Yevropa Markaziy banki prezidenti bo‘lgan Kristina Lagard. U YeMBga rahbar bo‘lgan birinchi ayol hisoblanadi. Bundan oldin u 8 yil davomida – 2011-2019 Xalqaro Valyuta Fondi rahbari bo‘lib ishlagan. XVFga rahbarligi davrida u bir necha marotaba O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan.

    Bu yilgi top-100ga kirgan ayollar 6 ta sohada faoliyat olib borishadi – biznes (31), texnologiya (17), moliya (12), OAV va ko‘ngilochar soha (14), siyosat (22) hamda filantropiya [barcha insonlarga yaxshilik qilishga intiluvchi, umuman odamzodni sevuvchilar] (4).

    Reytingga 32 mamlakatdan ayollar kirgan. Ulardan eng yoshi iqlim faoli hamda yaqinda Time jurnali tomonidan “Yil odami” deya e’tirof etilgan Greta Tyunberg (100 pog‘onada) bo‘lsa, eng yoshi kattasi Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizavetta II (40-o‘rin).

    Forbes talqini bo‘yicha yer yuzining eng qudratli ayollari (top-10):
    1. Angela Merkel (Germaniya kansleri)
    2. Kristina Lagard (YeMB prezidenti)
    3. Nensi Pelosi (AQSh Kongressi Vakillar palatasi raisasi)
    4. Ursula von der Lin (Yevrokomissiya prezidenti)
    5. Meri Barra (GM rahbari)
    6. Melinda Geyts (Bill and Melinda Gates Foundation asoschilaridan biri)
    7. Ebigel Jonson (amerikalik milliarder)
    8. Ana Botin (ispaniyalik bankir)
    9. Jinni Rometti (amerikalik tadbirkor)
    10. Merilin Hyuson (Lockheed Martin prezidenti)

    » » Forbes dunyoning eng qudratli ayollari reytingini taqdim etdi