07:07 / 19.12.2019
4 037

Uyg‘urlar – turkiylar yuragidagi yara...

Uyg‘urlar – turkiylar yuragidagi yara...
Suhbatdoshim uyg‘ur xalqining millatparvar vakili Tӯxtirӯzi Usul hozir Germaniyada siyosiy muhojirotda yashamoqda. U Sharqiy Turkistonning Xӯtan viloyati, Lob tumanida tug‘ilgan. Sharqiy Turkistondagi xitoylarning uyg‘urlarga oid siyosatiga qarshi dadil kurashgani bois ta’qib va bosimlarga uchrab, mamlakatni tark etishga majbur bӯlgan.

– Tӯxtirӯzi aka, Sharqiy Turkistonda yashovchi uyg‘urlar va boshqa oz sonli xalqlar masalasi bugun eng tashvishli, muammoli masalalardan biri bӯlib turibdi. G‘arb matbuoti va G‘arb davlatlarida uyg‘urlar masalasi betinim yoritilayotgan bir paytda turkiy tilli davlatlar rahbarlarining Sharqiy Turkistondagi xunrezliklarga nisbatan bepisand munosabatda bӯlayotgani sababini nimalar bilan izohlaysiz?
– Haqiqatan, siz aytayotganingizdek, hozir uyg‘ur xalqi og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Hozirgi kunda Yevropa va Amerikadagi davlatlar bilan birga boshqa g‘arb davlatlari ham uyg‘urlar ahvoliga e’tibor qaratayotgani quvonarli hol. Ular uyg‘urlarning haq-huquqlari uchun astoydil kurashmoqdalar, millatdoshlarimizning ayanchli taqdiriga qonuniy yӯllar bilan barham berish choralarini ilgari surmoqdalar.

Biroq musulmonlar dunyosi, jumladan, bizga yaqin qardosh va qarindosh bӯlgan Ӯrta Osiyo davlatlaridan hech qanday sado chiqmayotgani meni doim umidsizlantiradi. Menimcha, turkiy tilli davlatlarning Xitoydagi jamloqlarda qiynalayotgan qarindoshlari uchun himoyaga otlanmasliklariga Ӯrta Osiyodagi davlatlarning Xitoydan qarzdor bӯlib qolganligi asosiy sabablardan biri.

Xitoy Ӯrta Osiyodagi davlatlarni pulli yordam kӯrsatish, qarz, kredit berish orqali nazorat qiladi. Bundan tashqari, Ӯrta Osiyodagi davlatlarda sanoat, ishlab chiqarish yaxshi rivojlanmagan, shu boisdan mazkur davlatlar kundalik maishiy buyumlardan to kiyim-kechaklargacha bӯlgan narsalarni Xitoydan sotib olishadi. Shu sababli ular Xitoy hukumati oldida tili qisiq kӯyga tushib qolgan.

– Bugungi kunda Xitoy hukumati tomonidan tashkil etilgan jamloqlarda bir millionga yaqin, ayrim manbalarda esa bir milliondan ham kӯp jigarlarimiz saqlanayotgani haqida gapirilmoqda. Rasmiy Pekin jamloqlarda saqlanayotgan mahbuslar haqida gapirarkan, ularga kasb ӯrgatilayotgani, ma’naviy saboq berilayotganini aytishmoqda. Bu borada Sizning fikringiz qanday? Xitoy hukumatining bayonoti nechog‘li tӯg‘ri? Jamloqlarda qolayotganlar ichida sizning tanishlaringiz ham bormi?
– Xalqaro matbuotlarda bugungi kunda bir miliondan uch miliongacha uyg‘ur, qozoq va qirg‘izlar bilan birga boshqa turkiy tilli xalqlarni jamloqlarga qamab, ularni erkinliklaridan mahrum qilayotgani aytilmoqda.
Men ona vatanimdan taqdir taqozosi bilan 2014 yilning dekabrida ayrilganman. Ӯz yurtimda yashayotgan paytimda jamloqlar bӯlmagan edi, shu bois jamloqlarning qanday joy ekanligini aniq-taniq bilmayman.

Ammo internetda tarqalayotgan xabarlar hamda ana shunday kӯngilsiz holatlar guvohi bӯlgan va bӯlayotgan uyg‘urlarning sӯzlariga qaraganda, u joy Xitoy hukumati aytayotgan kasb-hunarlar ӯrgatadigan maskanlar emas. Chunki u yerda saqlanayotgan yurtdoshlarimizning uylariga qaytishga, qarindoshlari bilan kӯrishishga ruxsat berilmaydi. Bundan tashqari, har doim jismoniy, ruhiy ta’qiblarga uchraydi.
Men 2015 yilda bir yilga yaqin Turkiyada yashadim. Turkiyaga kelganimdan kӯp ӯtmay vatanimdagi qarindosh-urug‘lar va dӯstlarim bilan aloqam uzildi.

Ulardan xabar olish, aloqada bӯlishning iloji bӯlmay qoldi. Afsuski, aloqani hozirgacha tiklay olmayapman. Hatto ularning tirik, hayot ekanliklarini ham bilolmayapman. Xӯtanlik uyg‘urlar va boshqa yӯllar orqali bilganim shuki, mening ukam va ammam hamda ammamning ӯg‘li Xitoy jamloqlarida qamoqda saqlanmoqda. Aytishlaricha, ukamni men chet elga ketganim uchun qamashgan. Unga agar akang yurtga qaytib kelmasa uning ӯrniga seni tutqunlikka olamiz deb qamashgan. Ammamni esa doimiy ravishda diniy urf-odatlarimizni bajarib kelganligi uchun qamoqqa olishgani haqida taxminlar bor. Bundan tashqari, hozirgi kunda butun dunyoga tarqalgan rasmlardan birida men taniydigan uch kishi bor.
Ular Aziz hoji, Abdulla duradgor va Ali qorilardir. Ulardan Aziz hoji va Ali qorilar nihoyatda badavlat inson bӯlganlar. Ularning biror kasb ӯrganishga ehtiyojlari ham yӯq.

– Sharqiy Turkistonda uyg‘ur tilining kelajagi haqida nimalar deya olasiz? Bugun, uyg‘ur adabiyoti, madaniyati, san’ati, urf-odati, an’anasiga e’tibor qanday?
– Ona Vatanimizda uyg‘ur adabiyoti va uyg‘ur tili 90-yillardan oldin ancha taraqqiy topgan. U paytlarda universitetlarda ham darslar uyg‘ur tilida ӯqitilardi. 1990-yildan keyin SSSR parchalangach, Qozog‘iston va Ӯzbekiston kabi turkiy xalqlarning mustaqillikka erishishi Xitoy hukumatini qattiq larzaga soldi. Ular Ӯrta Osiyoda mustaqillikka erishgan, uyg‘urlarga eng yaqin qarindosh bӯlgan xalqlarning mustaqilligidan ruhlangan uyg‘urlar ham mustaqillikka erishish uchun harakat qilishidan qattiq qӯrqishgan.

Buni chuqur anglagan Xitoy hukumati dastlabki qadamini uyg‘urlarni assimilyatsiya qilish, uyg‘ur tilini universitetlardan chiqirib tashlashdan boshlashdi. Men faqat uyg‘ur tilida ӯqiganman, mendan keyin maktabga borgan ammamning farzandlari "ikki tilli maorif" degan nomlarda bezatilgan uyg‘ur-xitoy tili aralash maktablarda tahsil olishdi. Bir necha yil oldin uyg‘ur tarixiga oid kitoblarning hammasini sotish ta’qiqlandi va ilgari sotilgan kitoblarni ham yig‘ishtirib olishdi.

Bugungi kunga kelib, garchi uyg‘ur san’ati xitoy san’ati ta’siriga uchragan bӯlsa ham hozircha yӯqolib ketishi mumkin emas. Chunki YUNYESKO tomonidan uyg‘urlarning ӯn ikki maqomi dunyoda e’tirof etildi. Bunday ahvolda Xitoy ӯn ikki maqom kabi uyg‘ur san’atini ta’qiqlasa, dunyo ahli oldida ӯzlarining mustabid ekanliklarini tom ma’noda fosh qilib qӯyadi.
Uyg‘ur tili hech qachon yӯqolib ketmaydimi, degan savolingizga kelsak, bu yaqin 100 yil ichida tilimizning yӯqolib ketishi aslo mumkin emas.

Chunki vatanimizda yashayotgan 70 foiz uyg‘urlar faqat uyg‘ur tilidagi maktablarni tugatgan. Tabiiyki, ular ӯz ona tilimizni farzandlariga ham ӯrgatishadi. Uyg‘ur madaniyati ham yaqin yillarda yӯqolib ketishi mumkin emas. Chunki xitoylar ӯzlarining madaniyatini har qanday yӯllar bilan zӯravonlarcha singdirishga urinsa ham, baribir biz uyg‘urlar madaniyatimizni himoya qilish yӯlida dadil odimlayveramiz. Chunki insonda qarshilashish psixikasi bӯladi, madaniyat, til bir kishiga majburan ӯrgatiladigan narsalar emas, uni insonning ӯzi ӯz ixtiyori bilan qabul qiladi.

– Tӯxtirӯzi aka, samimiy suhbatingiz uchun katta rahmat. Ilohim uyg‘ur qardoshlarimizga ӯz ona yurtida emin-erkin, mustaqil davlat ӯlaroq yashash shukuhi va baxti tez orada nasib etsin!

Suhbatdosh: Rӯziboy Azimiy

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uyg‘urlar – turkiylar yuragidagi yara...