14:30 / 19.12.2019
2 659

Donald Trampga nisbatan impichment e’lon qilindi: buyog‘iga nima bo‘ladi?

Donald Trampga nisbatan impichment e’lon qilindi: buyog‘iga nima bo‘ladi?
Donald Tramp mamlakat tarixida Kongressning Vakillar palatasi tomonidan impichment e’lon qilingan uchinchi prezident bo‘ldi. Endi Tramp o‘z vazifasini bajarishda davom etish-etmasligi haqidagi qarorni Senat 2020 yil yanvarda qabul qiladi.

Kongressda taqdim etilgan har ikki aylov bo‘yicha ikki marta ovoz berish o‘tkazildi – “hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish” bo‘yicha 230 kongressmen impichment uchun, 197 kongressmen esa unga qarshi ovoz berdi; “kongress ishiga to‘sqinlik qilish” ayblovi bo‘yicha kongressmenlardan 229 nafari impichmentni yoqlab, 198 kishi esa bunga qarshi ovoz berdi.

Impichment e’lon qilinishi uchun esa bu ikki ayblov moddasidan istalgan biri bo‘yicha 216 ta ovoz yig‘ish yetarli bo‘lardi.

Ovoz berish arafasida Demokratik partiya vakillari Donald Trampni hokimiyatdan chetlatish urinishidan ortga qaytmasliklari haqida izoh berishdi. Ammo bu ovoz berish Qo‘shma Shtatlar prezidenti o‘z vazifasini tark etishi lozimligini anglatmaydi. Yana unga nisbatan rasman e’lon qilingan impichment keyingi muddatga saylanishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Shu hafta dushanba kuni Kongressdagi demokratlar 658 sahifalik hisobotni e’lon qilgan, unga ko‘ra Donald Tramp poraxo‘rlik va Ukraina prezidentini AQSHning sobiq vitse-prezidenti Joy Baydenning o‘g‘liga qarshi tergov o‘tkazishga undashda ayblangan edi.

Impichmentning mohiyati
Bungacha Kongressning huquq qo‘mitasi prezidentga impichment e’lon qilinadigan moddalarni tasdiqladi: hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish va kongress ishiga to‘sqinlik qilish. “Hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish” deganda Donald Trampning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan shu yil 25 iyulda o‘tkazgan suhbati nazarda tutilgan.

Oq Uy rahbari bu suhbatda Zelenskiydan AQSHning sobiq vitse-prezidenti Baydenga qarshi tergov boshlashni so‘ragan. Uning o‘g‘li Xanter Bayden 2014-2019 yillar orasida Burisma ukrain neft-gaz kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan va Trampning da’vosiga ko‘ra korrupsion sxemalarda qatnashgan.

Jo Bayden esa o‘sha vaqtda AQSH ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha mas’ul vazifada ishlagan. Kongressdagi respublikachilar fikricha Bayden uning o‘g‘lini korrupsiya bo‘yicha javobgarlikka tortmoqchi bo‘lgan Ukraina huquq-tartibot idoralarining boshliqlarini ishdan ketkazishga aralashgan.

Trampning Bayden bo‘yicha so‘rovini demokratlar xorijiy davlatning AQSHdagi saylov jarayoniga aralashishi deb baholadi.

Bundan tashqari, demokratlar AQSH prezidentini Vakillar palatasi ishiga to‘sqinlik qilishda ham aybladi: Tramp o‘zining ma’muriyatidagi yuqori lavozimli amaldorlarga qonunchilarning so‘rovlariga javob qaytarish va impichment jarayoni doirasida qo‘mitalarning majlislarida so‘zga chiqishni taqiqlagan.

“Ayblov moddalari prezident Donald Tramp o‘zining shaxsiy va siyosiy manfaatlarini milliy xavfsizlik manfaatlaridan, shaffof va erkin saylov tizimimiz manfaatlaridan ustun qo‘yganini tasdiqlaydi. U huquqbuzarliklarda ishtirok etgan. Agar biz bunga nuqta qo‘ymasak, u yana davom etadi. Aynan shuning uchun prezident Donald Trampga impichment e’lon qilinishi va u hokimiyatdan chetlatilishi lozim”, deyiladi Kongressning huquq qo‘mitasi e’lon qilgan hisobotda.

Seshanba kuni Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi impichment jarayoni doirasida ovoz berish qoidalarini tasdiqladi. Umuman olganda, jarayon Kongressdagi qonunchilar tomonidan tasdiqlanishiga juda kamchilik shubha qilgandi: qo‘mitada to‘qqiz demokrat va unga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan atigi to‘rt respublikachi bor.

Qancha demokrat ovoz berishdan bosh tortdi?
Hali impichment jarayoni Kongressda muhokama qilinmasidan oldin Demokratik partiyaning ikki vakili bu tashabbusni qo‘llamasligi haqida ochiq bayonot bilan chiqqandi.

Nyu-Jersi shtati vakili Jeff Van Dryu va Minnesota shtatidan Kollin Piterson amaldagi prezidentga qarshi ayblovlarni qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan. Shu hafta boshida AQSH ommaviy axborot vositalari kongressmen Van Dryuning ofisidagi xodimlar uning bu bayonotidan keyin ishdan bo‘shashga ariza bergani haqida xabar qilgandi.

Nechta respublikachi impichmentni qo‘llab-quvvatladi?
Chorshanba kuni muhokama boshlanishidan oldin demokratlarning yetakchilari AQSHning joriy prezidentiga impichment e’lon qilish “vijdon ovozi” bo‘lishi, bu xuddi amerikalik askarlarni urushga yuborishdek muhim ahamiyatga egaligiga urg‘u berdi.

2019 yil noyabrda demokratlar oraliq saylovlarda g‘alaba qozonib Vakillar palatasini o‘z nazoratiga oldi. Saylov natijalariga ko‘ra Trampning raqiblari bungacha respublikachilar ustunlik qilib kelgan 31 ta saylov okrugiga ega chiqdi. Vakillar palatasidagi o‘rinlar 233 demokrat va 197 respublikachi o‘rtasida taqsimlandi, bitta o‘rinni mustaqil deputat egalladi, yana to‘rtta o‘rin esa bo‘sh qolmoqda.

Shuning uchun bironta ham respublikachi impichment jarayonini qo‘llab-quvvatlamadi. Ovoz berishdan ikki kun oldin, dushanba kuniyoq Kongressdagi respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti prezidentni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmasligi, uning partiyadagi safdoshlaridan biron kishi ham impichment uchun ovoz bermasligi haqida aytgan edi.

Senat nimani hal qiladi?
Vakillar palatasida ovoz berilganidan keyin chiqarilgan qaror AQSH prezidentining taqdirini uzil-kesil hal qilish uchun Senatga yuboriladi. Konstitutsiyaga ko‘ra Kongressning impichment haqidagi qarori “ustun mavqe”ga ega. Shuning uchun yuqori palata boshqa barcha muhokamalarni chetga surib, birinchi navbatda shu tashabbusni ko‘rib chiqishga majbur.

Hafta boshida Kongressdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer Senatdagi respublikachilar rahbari Mitch Makkonelga o‘zaro kelishuvga erishish va impichment jarayonini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, Senat Kongress tomonidan tasdiqlangan ayblovni ko‘rib chiqishi shart. Bu jarayon vaqtida barcha senatorlar hakamlik hay’ati a’zolari vazifasini bajaradi. O‘z navbatida Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi ayblov prokurori va guvohlari sifatida qatnashishi kerak bo‘lgan qonunchilarni tayinlaydi. Oq Uy esa bu majlislarga o‘zining advokatlarini jo‘natish imkoniga ega.

Demokratlar muhokamaga kimlarni chaqirmoqchi?
Dushanba kuni Kongressdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer Senatga xat jo‘natib, ayblov muhokamasiga to‘rt nafar guvoh – Oq Uy ma’muriyati rahbariyati vazifasini bajaruvchi Mik Malven, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton, Oq Uyning boshqaruv va budjet masalalari bo‘yicha xodimi Maykl Daff va ma’muriyatning amaldagi rahbari maslahatchisi Rbert Bleyrni chaqirishni so‘radi.

Demokratlarning fikricha, ularing barchasi Ukrainaga beriladigan 391 million dollarlik harbiy yordam vaqtincha to‘xtatilishiga aloqador.

Seshanba kuni Mitch Makkonel demokratlarning taklifini rad etdi va impichment jarayoni borasidagi barcha harakatlarini Oq Uy huquqshunoslari bilan muvofiqlashtirgan holda olib borishini aytdi.

Qoidaga ko‘ra, AQSH Oliy Sudi rahbari Jon Roberts impichment jarayonini ko‘rib chiqishga boshchilik qilishi lozim. Shuning uchun bu ish qancha vaqt olishi hozircha noaniq.

O‘tgan hafta Fox News telekompaniyasiga bergan intervyusida Mitch Makkonel bu ayblov ortiqcha guvohlarni chaqirmay ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytgandi.

“Yaxshi bilasizki, agar sizda yetarlicha ovozlar bo‘lsa va ayblov juda zaif asosga egaligiga aniq ishonsangiz, prezidentning advokatlari kabi siz ham qisqa majlis bo‘lishini afzal ko‘rasiz”, degandi u jurnalistlarning savollariga javoban.

Prezident Trampning o‘zi ham muxbirlar bilan suhbatda o‘zining ishi Senatda imkon qadar tezroq ko‘rib chiqilishini afzal bilishini tasdiqladi.

“Men ular istagan barcha narsani qilishga tayyorman. Bu hech narsani anglatmaydi. Men uzoqqa cho‘ziladigan jarayonga ham tayyorman. Chunki (Ukraina prezidenti bilan suhbat haqida xabar bergan) aslida firibgar bo‘lgan ma’lumot yetkazuvchini ko‘rishni istayman”, dedi u.

Impichment jarayoni ayni shu tartibda yuz beradi

Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Kongressdagi respublikachilar Vakillar palatasi ilgari surgan ayblovlarni 2020 yil yanvaridayoq ko‘rib chiqishni boshlaydi. Shu bilan birga Kongressning yuqori palatasi (Senat) prezidentni to‘la oqlab yuborishiga ko‘pchilik shuhba qilmaydi. Chunki Trampning raqiblari Senatda ham impichmentni o‘tkazish uchun uning uchdan ikki qism ovoziga ega bo‘lishi kerak. Ammo hozir Senatdagi 47 o‘rin demokratlarga, qolgan 53 o‘rin esa respublikachilarga tegishli ekanligi masalani hal qilib qo‘ya qoladi.

Yana bir muammo AQSHning kelgusidagi siyosati sanaladi. Trampga hozir impichment e’lon qilinib, keyinroq Senat tomonidan oqlansa, demokratlar kelajakdagi ko‘plab qonunchilik tashabbuslarida Oq Uy bilan hamkorlik qilishiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, AQSHning amaldagi prezidentiga impichment e’lon qilinishi uning 2020 yildagi saylovlarga yana o‘z nomzodini qo‘yishi va saylovoldi jarayonida qatnishishiga to‘siq bo‘lmaydi.

Shunday bo‘lgan taqdirda demokratlar Tramp bilan qanday hamkorlik qilmoqchiligi hozircha noma’lum.

“Agar prezident javobgarlikka tortilmasa, agar mening Senatdagi hamkasblarim qasamyod bilan kirishgan o‘z vazifalarini bajarmasa, unda bizning demokratiyamiz xavf ostida qoladi”, dedi kongressmen Devid Sisillin Bip-Bi-Siga.

Impichment nima?
Impichment (inglizcha impeachment — “ishonchsizlik”, lotincha impedivi — “qarshilik qilish”, “qisqartirish”) – mahalliy yoki markaziy ijro hokimiyati amaldori, hatto prezidentgacha bo‘lgan rasmiy shaxslarga ayblov e’lon qilish va ularni keyinchalik vazifasidan chetlatish imkonini beradigan jarayon. Bu jarayon boshlanishiga odatda rasmiy shaxsning noqonuniy, aniq bilib turgan holda huquqbuzarlikka qo‘l urishi, vakolatlarini suiiste’mol qilishi haqidagi da’volar asos bo‘ladi.

AQSHning butun tarixi davomida uch nafar prezident Vakillar palatasi tomonidan impichmentga uchragan, ammo Senat tomonidan oqlangan, ya’ni, bu jarayonda talab qilingan ⅔ qism ovozni yig‘a olmagan: 1) 1868 yilda Endryu Jonson (harbiy vazirni noqonuniy ravishda iste’foga chiqarganlikda ayblangan); 2) 1998-199 yillarda Bill Klinton (Monika Levinski bilan munosabatlari bo‘yicha yolg‘on guvohlik berish va sud ishiga to‘sqinlik qilishda ayblangan); 3) 2019 yilda Donald Tramp (hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilish va odil sudga to‘sqinlik qilishda ayblandi).

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Trampga nisbatan impichment e’lon qilindi: buyog‘iga nima bo‘ladi?