18:32 / 16.01.2020
3 685

Ramzan Qodirov o‘rniga Muslim Xuchiyev Chechenistonni vaqtinchalik boshqarib turibdi

Ramzan Qodirov o‘rniga Muslim Xuchiyev Chechenistonni vaqtinchalik boshqarib turibdi
Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov ayni paytda davolanish kursini o‘tayapti. Bu haqda RIA Novosti axborot agentligi chechen yetakchisining matbuot kotibi Alvi Karimovga tayanib xabar qildi.

Bungacha Ramzan Qodirov o‘z o‘rniga vaqtinchalik ishlab turish uchun respublika hukumati rahbari Muslim Xuchiyevni tayinlagan, bu haqdagi qaror 2020 yil 13 yanvardan kuchga kirgani ma’lum qilingan edi.

Matbuot kotibining aytishicha, Checheniston Respublikasi konstitutsiyasida “respublika rahbari vaqtinchalik mehnat layoqatiga ega bo‘lmagan, yoki ta’tilda bo‘lgan vaqtida uning vazifalarini bajarishni hukumat rahbariga yuklab turish” ko‘zda tutilgan.

Alvi Karimovning qo‘shimcha qilishicha, Qodirov o‘zining safarlari davomida biron marta ham vazifalarini Muslim Xuchiyevga topshirmagan.

Muslim Xuchiyev o‘tgan yili ham Chechenistonni vaqtincha boshqarib turgan
Muslim Xuchiyev 2018 yildan beri Checheniston hukumati rahbari sanaladi. U 1971 yili Chechen-Ingush ASSRning Achxa-Martanovskiy tumani Zakan-Yurt qishlog‘ida tug‘ilgan. 1994 yili Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universitetining Jurnalistika fakultetini bitirgan. 2004 yilgacha turli telekanallar va xususiy kompaniyalarda jurnalist va reklama menejeri bo‘lib ishlagan. 2004-2007 yillarda Checheniston Respublikasi prezidenti matbuot kotibi, prezident devoni rahbari o‘rinbosari bo‘lgan. 2007-2012 va 2015-2018 yillarda Grozniy shahri meri bo‘lgan.

U bungacha ham – 2019 yil 11-16 fevral kunlari Ramzan Qodirov betobligi bois Checheniston rahbari vazifasini bajarib turgan.

O‘tgan yil aprelida AQSH Davlat departamenti Muslim Xuchiyevga qarshi sanksiya qo‘llagan, bunga sabab qilib uning inson huquqlarini buzishi ko‘rsatilgan. Davlat departamenti e’lon qilgan hujjatda “Biz olgan ishonchli ma’lumotlarga ko‘ra Muslim Xuchiyev qiynoqlarga aloqador”, deyilgan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya tarkibidagi ushbu respublikani 2007 yil 15 fevraldan beri boshqarib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ramzan Qodirov o‘rniga Muslim Xuchiyev Chechenistonni vaqtinchalik boshqarib turibdi