11:17 / 18.01.2020
4 282

Davlat xizmatida xodimlar rotatsiyasi korrupsiyaga qarshi kurash usuli sifatida

Davlat xizmatida xodimlar rotatsiyasi korrupsiyaga qarshi kurash usuli sifatida
Davlat hokimiyati institutlarining samaradorligini oshirish - davlat boshqaruvining eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib, malakali xodimlar tarkibini yaratmasdan va korrupsiyaga qarshi kurashmasdan turib bu vazifalarni amalga oshirib bo‘lmaydi.
Xorijiy mamlakatlarda davlat xizmatchilarining kasbiy mahoratini oshirish, korrupsiya va xizmat mavqeini suiste’mol qilish holatlarini oldini olish yo‘li bilan davlat boshqaruvini samaradorligiga erishish maqsadida rotatsiya usulidan keng foydalaniladi.

Germaniyada rotatsiya davlat idoralarida korrupsiyani oldini olish maqsadida ko‘p yillardan beri amalga oshirilib keladi. Korrupsiyaga ko‘proq ta’sirli lavozimlarni egallagan xizmatchilarni rotatsiya qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Bunday lavozimlarda xizmat qilish muddati 5 yilgacha qilib belgilangan bo‘lib, bu muddatni cho‘zish uchun zarur hujjatlarda tegishli yozuvlarni kiritish shart. Bu talab xodimlarni lavozimlarga joylash jarayoni ustidan nazoratni kuchaytiradi, bunday qarorni qaysi mansabdor qanday sabablarga asoslanib qabul qilganini aniq ko‘rsatib turadi. Bu esa o‘z o‘zrnida mansabdor shaxslarning ma’suliyatini oshishiga xizmat qiladi.

Germaniyalik ekspertlarning fikriga ko‘ra, rotatsiya tufayli korrupsiya holatlari darajasi pasayishiga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
- alohida shaxs va davlat xizmatchisining qayta uchrashish ehtimoli kamayadi;
- pora taklif etishi mumkin bo‘lgan alohida shaxs keyinchalik lavozimga kelgan yangi xizmatchi tomonidan o‘zining oldingi “marhamati” hisobga olinishiga ishonch hosil qilolmaydi;
- alohida shaxs pora taklif qilsa yangi davlat xizmatchisining javobi qanday bo‘lishini bilmaydi. Davlat xizmatchilarini rotatsiya qilish borasidagi Germaniya tajribasi tadqiqotchilar tomonidan ijobiy baholanadi.

Xodimlarni rotatsiya qilish mintaqalararo va davlat xizmati tarmoqlari o‘rtasida ham amalga oshiriladi (Fransiya, Xitoy). Birinchi holatda davlat xizmatchilarini ko‘proq rivojlangan mintaqalardan nisbatan kam rivojlangan hududlarga yuboriladi. Ikkinchi holatda esa xizmatchilarni davlat idorasining boshqa tarkibiy qismlariga rotatsiya qilish orqali ularni yangi kasbiy tajriba va ko‘nikmalarni egallashiga ahamiyat beriladi.

Daniya, Kanada singari davlatlarda xodimlarni joy-joyiga qo‘yish sohasida hukumat dasturlari amal qiladi. Rotatsiya siyosati xodimlarning davlat xizmatidagi turg‘unligini oldini oladi, davlat idoralariga ularni tajribasi va imkoniyatlaridan unumli foydalanish imkonini beradi.

Yaponiyada rotatsiya tizimi davlat xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining bir qismi sifatida qaraladi. Bunda har ikki- uch yilda davlat xizmatchilarining gorizontal va vertikal yo‘nalishda lavozimlarini almashtirish nazarda tutiladi. Yashash joyi o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarlarda rotatsiya qilish uchun xizmatchining roziligi talab qilinmaydi. Joylardagi davlat idoralaridagi ma’lum bir lavozimlar markaziy idoralardan rotatsiya tartibida keladigan xizmatchilar uchun ajratib qo‘yiladi.

Bu, bir tomondan, markaziy idoralar xizmatchilarining kasbiy dunyoqarashini o‘sishiga, ularning kasb tajribasi hududlarga xos xususiyatlar bilan boyishiga, shuningdek markaziy bo‘g‘indagi tajriba va bilimlarini hududlarga yetkazishga xizmat qiladi. Boshqa tomondan esa, ma’lum bir rahbarlik lavozimlari rotatsiya tartibida markazdan yuboriladigan xizmatchilar uchun band qilinishi joylardagi xizmatchilarning kasbiy o‘sishida ma’lum muammolarni keltirib chiqaradi.

Rotatsiya tartibida yuboriluvchi xizmatchilar uchun joylarda ma’lum lavozimlarni band qilish amaliyoti Xitoy Xalq Respublikasida ham mavjud. Rotatsiya 10 yildan ortiq bir lavozimda ishlagan davlat xizmatchilarni rejali ravishda boshqa lavozimga o‘tkazishni nazarda tutadi. Xizmatchilarni iqtisodiy rivojlangan hududlardan nisbatan kam rivojlangan hududlarga yuborishga alohida e’tibor qaratiladi. Davlat xizmatchilarini rotatsiya qilish Mehnat vazirligi tomonidan tashkil etiladi.

Rossiyada davlat xizmatida rotatsiya usulini qo‘llash me’yoriy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan. “Rossiya Federatsiyasining davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunida xizmatchilarni rotatsiya qilish xodimlar tarkibini shakllantirishning ustivor vazifalari qatorida sanab o‘tilgan. Davlat xizmati lavozimlari rotatsiya tartibida uch-besh yil muddatga egallab turiladi. Rotatsiya qilinishi nazarda tutilgan lavozimlar ro‘yxati va rotatsiyani tashkil etish tartibi Prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Qozog‘istonda xodimlarni rotatsiya qilish 2005 yildan boshlab qo‘llanadi va bu jarayon faqat “siyosiy”xizmatchilarga taalluqli. Bu davlatda ham rotatsiya qo‘llanadigan lavozimlar ro‘yxati vakolatli davlat idorasi taqdimotiga asosan Prezident tomonidan tasdiqlanadi. Aytib o‘tish kerakki, Qozog‘istonda hozirgacha rotatsiya tartibi va jarayonlarini belgilovchi me’yoriy hujjatlar tasdiqlanmagan.

Rotatsiya muddati turli davlatlarda turlicha, lekin ko‘p hollarda davlat xizmatchisining bir lavozimni egallashi 3-5 yillik muddatga mo‘jallanadi.

Xorijiy ekspertlar rotatsiya usulining ayrim salbiy tomonlariga, jumladan, xizmatchilarning yangi sharoitga moslashish davrida mehnat unumdorligining pasayishi, rotatsiya qo‘llashda, ayniqsa, xizmatchi oilasi bilan boshqa hududga yuborilganda sarflanadigan harajatlar miqdorining oz emasligi singari jihatlarga ham e’tibor qaratishadi. Bulardan tashqari, korrupsiyada shubha qilingan mansabdorlarni rotatsiya vositasida tergov idoralari e’tiboridan chetga tortish maqsadida ham foydalanish mumkinligi ta’kidlanadi.

Yuqoridagi ko‘rib chiqilgan masalalarni hisobga olgan holda, hozirgi vaqtda quyidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirish taklif qilinadi:
- davlat xizmatchilarini rotatsiya qilishning huquqiy asoslari va moliyaviy-iqtisodiy mexanizmlarini yaratish;
- korrupsiyaga ta’sirchanlik darajasini hisobga olgan holda rotatsiya qo‘llanadigan lavozimlar toifasi va mezonlarini aniqlash;
- rotatsiyaning qo‘yilgan maqsadlarga erishish imkonini beradigan optimal muddatini belgilash;
- ayrim davlat idoralarida sinov sifatida rotatsiya usulini qo‘llash.

A.Eminov
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti mas’ul xodimi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Davlat xizmatida xodimlar rotatsiyasi korrupsiyaga qarshi kurash usuli sifatida