00:13 / 25.01.2020
2 614

«Breksit» yoxud Yevroittifoq eshiklari nima uchun qurilgan?

«Breksit» yoxud Yevroittifoq eshiklari nima uchun qurilgan?
Foto: «Berliner Telegraph»
2020 yil 31 yanvar — Yevropada Buyuk Britaniya uchun «chiqish eshiklari» ochiladigan kun, nihoyat, «Breksit» mavzusi yopilish arafasida.
«Breksit» — Buyuk Britaniyaning Yevropa ittifoqidan (EI) chiqib ketish jarayoni. 2016 yil iyun oyida Buyuk Britaniya hukumati o‘tkazgan referendumdan so‘ng 51,9 foiz ovoz bilan ijobiy hal bo‘lgan.

Tuzilgan paytida elita davlatlardan iborat bo‘lgan Yevroittifoq shartlari bugungi Britaniya uchun mos kelmay qoldi. Qo‘shma qirollik azaldan tashqi siyosatda «Buyuk Britaniyaning do‘sti ham, dushmani ham yo‘q» degan g‘oyaga suyangan, mamlakat o‘z iqtisodiyoti va siyosatiga kuchli ta’sirga ega EIning chiqish eshiklari nima uchun qurilganligi haqida o‘ylamoqda.

O‘zini doimo Yevropaning «o‘gayi»dek sezadigan inglizlar Yevroittifoqsiz ham kunlari o‘tishiga ishonishmoqda. Azal-azaldan Yevropa bir tomon-u, Britaniya bir tomon bo‘lgan. Azaliy gina-kudratlar, «cho‘ntakka zarar hamkorlar»dan charchagan orolliklar o‘zlarini alohida qit’a hisoblamoqdalar.

Garchi Buyuk Britaniya hukumati qirollik 2017 yil mart oyida Yevropa ittifoqidan chiqishini rasman e’lon qilgan bo‘lsa-da, jarayon cho‘zilib-cho‘zilib, nihoyat 2020 yil 31 yanvar kuni yakuniy nuqta qo‘yiladi.

Albatta, kim ham iqtisodiyoti baquvvat ana shunday davlatdan ayrilgisi keladi. Yevroittifoq va Yevroparlament Britaniyani «saqlab qolish uchun» jon-jahdi bilan harakat qildi. Buyuk Britaniyada shu «Breksit» mashmashasini deb siyosat maydonidan quvilganlar-u, shu maydonga kelganlar bor. Buyuk Britaniya Yevroittifoqni tark etishga deyarli 4 yil ruhan tayyorlandi. Bu «psixologik immunitet» alaloqibat Yevroittifoqdan ajralib chiqqandan so‘ng sodir bo‘lishi ehtimolda tutilgan iqtisodiy tushkunlikka bo‘lgan immunitet bo‘lishi mumkin. Aholi orasida yevroskeptitsizm g‘oyalari avj nuqtasiga kirdi.

Yevroskeptitsizm (YEI-skeptitsizm ham deyiladi) — Yevropa ittifoqi va Yevropaga integratsiyalashuvni tanqid qilishdir. Yevroskeptiklar Yevropa ittifoqi tizimi va siyosatiga qarshi chiqishadi va YEI a’zoligiga ochiqdan-ochiq norozilik bildiradilar.

«Oshpaz ko‘p bo‘lsa,...»
«Breksit»ni yevroskeptiklar faollik bilan qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ammo Britaniyada ittifoqparastlar (YEI nazarda tutilyapti) ham ozchilik emas.

Foto: «RIA Novosti»
Buyuk Britaniya Yevropa iqtisodiy hamjamiyatiga (European Economic Community) 1973 yilda a’zo bo‘lgan. Ajablanarlisi, siyosiy saviyasi yuqori aholi roziligi oradan ikki yil o‘tib, 1975 yilgi referendumda olingan. Britaniyaning YEIdan chiqib ketishga urinishi XX asrning yettinchi o‘n yilligining o‘zidayoq avj olgan edi. 1970-1980-yillarda Yevropa ittifoqidan chiqish asosan siyosiy so‘llar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Leyboristlar partiyasining 1983 yilgi saylovlar manifestida hozirgi atamaga aylanib qolgan «Breksit» masalasi ko‘tarilgan, biroq referendumga qo‘yilmagan.

Buyuk Britaniyaning «UK Independence Party» (Buyuk Britaniya Mustaqillik partiyasi) va «People's Pledge» (Buyuk Britaniyaning Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lishi to‘g‘risida referendum o‘tkazuvchi siyosiy kampaniya) bosh vazir Devid Kemeronni Yevropa ittifoqida qolish bo‘yicha referendum o‘tkazishga majburlashgandi. Oqibatda Kemeron iste’foga chiqib ketib, o‘rniga Tereza Mey kelgandi. Xullas, «Breksit» Britaniya boshqaruvida ziddiyatlarni yuzaga keltirdi. So‘nggi yillarda britan siyosatchilari ushlab olgan mavzu aynan «Breksit» bo‘lib qoldi.

2017 yilning 29 martida Buyuk Britaniya hukumati parlamentning ruxsati bilan, Yevropa ittifoqi to‘g‘risidagi shartnomaning 50-moddasini qo‘llagan holda, YEIni tark etish jarayonini rasman boshladi. 2017 yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan umumiy saylovlarda Birlik demokratik partiyasi (Democratic Unionist Party) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Konservativ ozchilik hukumati paydo bo‘ldi. YEIdan chiqib ketishi bo‘yicha muzokaralar o‘sha oy boshida boshlandi.

Buyuk Britaniya YEI bojxona ittifoqi va yagona yevrobozorni tark etish to‘g‘risida muzokaralar olib bordi. Buning natijasida 2018 yil noyabr oyida chiqish bitimi paydo bo‘ldi, ammo Buyuk Britaniya parlamenti uning ratifikatsiyasiga qarshi uch marta ovoz berdi. Xullas, britanlar nima qilishni bilishmasdi. «Oshpaz ko‘p bo‘lsa, osh shavla bo‘ladi» deganlaridek, hech bir hukumat rahbari «Breksit oshi»ni pishita olmay joni halak edi.

YEI tark etilgach, bojxona tariflari oshib, chegaradagi tovar ayirboshlashda yuzaga keladigan qiyinchiliklar mamlakat iqtisodiyotiga qattiq ta’sir o‘tkazishi tayin. Shu boisdan leyboristlar partiyasi bojxona ittifoqini saqlab qolish uchun har qanday kelishuvni imzolash tarafdori ekanligini ochiqcha e’lon qila boshladi.

Liberal-demokratlar Yevroittifoqni saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan harakat qilishdi. Shotlandiya milliy partiyasi va boshqalar ikkinchi referendum orqali «Breksit»ni bekor qilishga harakat qilishdi. Hammaning o‘z fikri bor. Har bir «arava» mamlakatni har tarafga tortmoqda.

2019 yil mart oyida Buyuk Britaniya parlamenti bosh vazir Tereza Mey hukumatidan «Breksit»ni aprelgacha, keyinroq oktabrgacha kechiktirishni so‘radi. Ammo murosaga kelinmadi va Mey 2019 yil iyul oyida iste’foga chiqdi.

Tereza Mey. Foto «Delo.ua»
O‘rniga Boris Jonson tayinlandi. Boris Jonson hukumat tepasiga aynan «Breksit xaloskori» sifatida keldi. Yangi bosh vazir YEIni tark etishga va’da bergani uchun ham qo‘llab-quvvatlandi. 2019 yil 17 oktabrda Buyuk Britaniya hukumati va Yevropa ittifoqi Shimoliy Irlandiya uchun yangi kelishuvlar bilan qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida kelishuvga kelishdilar.

Boris Jonson. Foto: BBC
Boris Jonson 2019 yil 12 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda yutsa, albatta Yevroittifoqni tark etishga va’da bergandi. Baxtiga saylovlarda aynan konservativlar hukumatda ko‘proq o‘rin egalladi. Shundan so‘ng Jonson Buyuk Britaniya 2020 yil boshida Yevropa ittifoqini tark etishini rasman e’lon qildi. Shuncha «qurbonlar»ni ko‘rgan «Breksit» o‘z intiho pallasiga kirdi. Nihoyat, Britaniya «o‘gay otasi»dan ajralib chiqishga yaqin.

Kim ko‘proq yutqazadi?
Bugungi kunga kelib Britaniyada Yevroittifoqning 3 million fuqarosi vizasiz ishlab kelmoqda. YEIda esa Buyuk Britaniyadan kelgan 1,3 million odam xuddi shunday sharoitda ishlamoqda. «Breksit» birinchi navbatda immigiratsiyaga yomon ta’sir qilishi kutilmoqda.

Buyuk Britaniya «ajrashish to‘g‘risidagi ariza» uchun 33 milliard funt sterling miqdoridagi tovon to‘lashi kerak. Bu iqtisodiyotning chuqur inqiroziga sabab bo‘lishi mumkin.

Chiqib ketish to‘g‘risidagi ariza, tovon puli to‘langach, Yevropa ittifoqining maxsus sammitida ma’qullanadi. Shundan so‘ng, Yevropa ittifoqi va Qo‘shma Qirollik savdo bitimlari bo‘yicha muzokaralar olib borishga haqli.

«Breksit»ning Britaniya uchun oqibatlari
Buyuk Britaniya allaqachon «Breksit»dan aziyat chekishga ulgurdi. Iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashdi va ko‘plab Yevroittifoq kompaniyalari bosh ofislarini Britaniyadan ko‘chirib ketdi. Megabiznes markazlari hisoblangan London, Shimoliy Irlandiya va Shotlandiya iqtisodiy tushkunlik holatiga ro‘baro‘ bo‘lishi, aholi jon boshiga daromadning kamayishi kutilmoqda.

«Breksit» kampaniyasining eng katta noqulayligi uning britan iqtisodiy o‘sishiga zarar yetkazishi hisoblanadi. «Breksit effekti» Britaniya iqtisodiyoti o‘sishini 2015 yildagi 2,4 foizdan 2018 yilda 1,5 foizga pasaytirdi. Deyarli 1 foizlik pastlash, aslini olganda, kutilayotganidan ko‘ra yaxshi natija. Xomcho‘tlarga ko‘ra, «Breksit» Qo‘shma Qirollik iqtisodiyoti o‘sishini 15 yil davomida 6,7 foizga pasaytirgan.

Kelgusida Yevropa tovarlarining Britaniya hududiga boj bilan kirishi ijobiy sanalsa-da, eksport hajmining qisqarishi ichki biznesga zarar keltirishi mumkin. «Breksit» Britaniyaning Yevropa ittifoqiga a’zo mamlakatlar bilan tarifsiz savdo holatini yo‘q qiladi. Tariflar eksport narxini ko‘taradi. Bundan avvalo tovarlari Yevropa ittifoqi hududiga kirish narxi qimmatlashgan eksportchilar zarar ko‘radi. Funtning yevroga nisbatan o‘sish ko‘rilajak zararni qoplay olmasligi ehtimoli katta.

Tariflar, shuningdek, import narxlarining oshishiga ham olib keladi. Mamlakat importining deyarli uchdan bir qismi Yevropa ittifoqidan keladi. Shuningdek, britan kompaniyalari har qanday Yevropa ittifoqi davlatlarida umumiy shartnomalar bo‘yicha qatnashish imkoniyatini yo‘qotishi mumkin. London uchun eng katta yo‘qotish Yevrobank xizmatlari bo‘lishi kutilmoqda. Valyuta bozorida inqiroz kutilmoqda. Buyuk Britaniyada Yevropa davlatlariga chiptalar, internet va hatto telefon xizmatlari narxi ko‘tarilishi mumkin

«Breksit» Britaniyaning yosh ishchilar sinfiga zarar keltiradi. Germaniyada 2030 yilga borib malakali ishchilar tanqisligi 3 million nafarga yetishi kutilmoqda. «Breksit»dan keyin britan ishchilariga Germaniyaga borib ishlash uchun viza kerak bo‘ladi.

Shimoliy Irlandiyaning Buyuk Britaniya tarkibida Yevroittifoqni tark etishini hisobga olsak, Irlandiya Respublikasi bilan munosabatlarni tartibga solish ham dolzarb masala bo‘lib qoladi. Bu jarayon Irlandiya uchun ham iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

YEI uchun oqibatlar
Yevroittifoq Britaniyani ittifoqda saqlab qolishga astoydil urindi. Buyuk Britaniyaning Yevrozonani tark etishi ittifoq taqdiriga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Agar britanlar ortidan Fransiya yoki Germaniya kabi iqtisodiyoti kuchli mamlakatlardan biri YEIni tark etsa, ittifoq tarqab ketishi mumkin.

Bu taxminlar aslini olganda juda ham asosli emas. Masalan, britan aholisining deyarli yarmi hali ham ittifoqni qo‘llaydi. Bundan tashqari, boshqa mamlakatlarda hali ham Yevroittifoqdan manfaat kuchli. «Breksit» Buyuk Britaniyani moliyaviy dunyoning asosiy pog‘onasidan chiqarib tashlashi mumkin.

Albatta, «Breksit», xuddi Buyuk Britaniyaga bo‘lgani kabi, Yevropa ittifoqi iqtisodiyotiga ham katta ta’sir o‘tkazadi. Biroq oqibatlari unchalik katta bo‘lmasa kerak. Yevroittifoqsiz ham Buyuk Britaniya va YEI bir-birining eng yirik savdo sherigi bo‘lib qolaveradi. «Britaniyadan ajralish»dan aynan kimlar ko‘proq zarar ko‘radi? Ekspertlarga ko‘ra, iqtisodiy zarba kuchini Belgiya, Kipr, Irlandiya, Germaniya va Niderlandiya boshqalardan ko‘proq his etadi.

Xulosa o‘rnida…
Buyuk Britaniya Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lganiga deyarli yarim asr bo‘ldi. Bu davrda nimalar yutildi-yu, nimalar yutqazildi; kimlar shu «Breksit» muammosi oqibatida siyosat maydoniga keldi-yu, kimlar bu maydondan quvildi. «Breksit» yakun pallaga kirishiga ham sanoqli kunlar qoldi. 31 yanvarda Buyuk Britaniya Yevropa ittifoqini rasman tark etadi. Shundan so‘ng kim nimaga ega bo‘lishi oydinlashadi.

Har qanday ittifoq va tashkilot tashkilotchining manfaatlarini aks ettiradi. Tashkilotchining manfaatlariga to‘g‘ri kelmagan ittifoq va bitimlar nihoya topadi. Buyuk Britaniya Yevroittifoqdan chiqishni mamlakat va uning fuqarolari uchun ijobiy bo‘lishiga ishonmoqda. Buyog‘i endi vaqtning hukmida. Ko‘ramiz.

Sanjar Shomurodov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Breksit» yoxud Yevroittifoq eshiklari nima uchun qurilgan?