"Bizda faqat bitta muammo bo‘lmoqda...". Uxandagi o‘zbek talabasi haqiqiy vaziyat haqida nima demoqda? (video)

  • 25 yanvar 2020, 17:43
  • 3 631
  • Dunyo
  • "Bizda faqat bitta muammo bo‘lmoqda...". Uxandagi o‘zbek talabasi haqiqiy vaziyat haqida nima demoqda? (video)
    Yangi tipdagi koronavirus tarqalayotgan Xitoyning Uxan shahrida bo‘lib turgan vatandoshimiz bilan bog‘lanib mavjud vaziyat haqida uning fikrlarini so‘radik. Ushbu talaba bugungi kundagi mavjud holat haqida bizga ma’lum qildi va savollarimizga quyidagicha javob qaytardi:

    - Hozirda Uxan shahridagi ahvol qanaqa? Odamlar vahimaga tushishganmi?
    - Biz o‘qiyotgan joy shahar markazidan 10 km uzoqlikda joylashgan, biz yashayotgan joyda odamlar vahimaga tushmagan, kasallikni davolash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilyapti, eng katta kuch shu yerga tashlangan.

    - Uxan shahrida taxminan nechta O‘zbekistonlik fuqarolar bor?
    - Uxan shahrida hozirgi kunda 30-40 nafar o‘zbekistonliklar bor.

    - Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasi, konsullik bo‘limi sizlarga amaliy yordam berishdimi? Sizlar bilan bog‘lanishdimi?
    - Uxan shahridagi konsullikka biz murojaat qildik, telefon qildik, yozdik, lekin hech qanday javob berishgani yo‘q. Bizga hech qanday amaliy yordam berilgani yo‘q. Faqat niqob taqib yuringlar, ehtiyot bo‘linglar, gigiyenaga rioya qilinglar deyishdi. Bizga amaliy yordam kerak ham emas, hamma narsa bor.

    - Uxan shahri hozirgi vaqtda yopiq bo‘lganligi narx navolarga ta’sir qilayaptimi?
    - Marketlar ishlayapti, shaharning yopiqligidan emas, balki 24 yanvar Xitoyda Yangi yil bayrami bo‘lgani uchun kecha-bugun bozorlardagi narx-navolar qimmatlagan. Bu hamma joyda ham bo‘ladigan holat, O‘zbekistonda ham bayramlar vaqtida narx-navolar qimmatlashadi-ku.

    - Virusga qarshi qanday himoyalanayapsiz?
    - Bu asosan 40 yoshdan yuqori va keksalarda uchrayapti, boshqa kasalligi bor va immuniteti past odamlarda aniqlanayapti. Hali bironta o‘zbekka bu kasallik yuqqani yo‘q, sababi bizning immunitetimiz baland bularga nisbatan. Niqob taqib yuribmiz, gigiyenaga rioya qilyapmiz, hamma narsa spirt bilan tozalanyapti. Yetarli darajada himoyalanganmiz.

    - O‘zbekistonda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so‘ng, Xitoydagi yaqin insonlari hayoti uchun biroz vahimaga tushishgan. Ularning vahimaga tushishlariga asos bormi?
    - O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan vahimali gaplarning hammasi asossiz, bunaqa "panika" qilish kerakmas. Bizda bitta muammo bo‘layapti, u ham bo‘lsa mana shu ijtimoiy tarmoqlardagi odamlarning vahima tarqatishi. Buni ko‘rib ota-onalarimiz bizdan xavotir olishyapti, kasal bo‘lib qolyapti, farzandini o‘ylab tashvishga tushyapti.

    - Uxan shahrida hozirgi vaqtda hayot oldingiga nisbatan qanday kechyapti? Uxan shahri aholisi bozorlarda, odam ko‘p joylarda bir-birlariga bo‘lgan munosabati qanday?
    - To‘g‘ri ko‘p joylar yopilgan, hamma kanikulga chiqqani uchun, bu vaqtinchalik holat, bundan vahima qilish kerak emas. Bozorlarda odamlar ko‘p, bayram bo‘lgani uchun har xil videolar tarqalyapti. Bundan vahima qilish kerak emas. Bizda hammasi yaxshi, sharoitlar yetarli.

    O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xitoyning Uxan shahrida bo‘lib turgan 30dan ortiq o‘zbekistonlik talaba vatanga qaytarilishini aytdi, lekin bu borada aniq sanalarga to‘xtalmadi.

    «Hozir ular bilan birga ishlayapmiz. Qaytamiz, deyishsa, qolinglar deya olmaymiz-ku, to‘g‘rimi? Albatta, ularni olib kelamiz. Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birga, ular kelishlari bilan tekshiruvdan o‘tkaziladi», – dedi TIV rahbari 25 yanvar kuni Xalqaro press-klub sessiyasida.

    Ta’kidlash o‘rinliki, 23 yanvardan boshlab Uxan shahri karantinda bo‘lib, shaharga kirish va undan chiqish taqiqlangan – barcha aviareyslar, temir yo‘l qatnovlari to‘xtatilgan, jamoat transporti ishlamayapti.

    Eslatib o‘tamiz, epidemiya qurbonlari soni 41 nafarga yetgan. Koronavirus 1200dan ortiq bemorda qayd etilgan bo‘lib, ulardan 200dan ortig‘i og‘ir ahvolda qolmoqda.

    » » "Bizda faqat bitta muammo bo‘lmoqda...". Uxandagi o‘zbek talabasi haqiqiy vaziyat haqida nima demoqda? (video)