00:13 / 27.01.2020
3 519

Xitoydagi koronavirus sabab AliExpress’dan tovar buyurtma qilish xavflimi?

Xitoydagi koronavirus sabab AliExpress’dan tovar buyurtma qilish xavflimi?
Foto: Google Images
Xitoyda tobora keng tarqalayotgan koronavirus eng ommabop onlayn-do‘konlardan biri AliExpress’dan buyurtma qilish jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Xitoydan kelayotgan mahsulotlar xavflimi? «Strana.ua» shu savollar atrofida mulohaza yuritadi.

Ushbu savollarga javob topish uchun avvalo quyidagi ikki jihatga e’tibor qaratish zarur: mahsulotni yetkazib berish usuli va virusning organizmdan tashqarida yashash muddati.

Koronavirus asosan «havo-tomchi» (masalan, aksirish) yo‘li orqali hamda kasal odam bilan aloqa qilganda yuqadi.
Eng keng tarqalgan koronaviruslar, jumladan, Xitoyda tarqalgan yangi virus ham organizmdan tashqarida bir necha soatdan ikki kungacha yashashi mumkin. Xitoydan keladigan tovarlar kamida ikki haftada yetib kelishini hisobga olinganda, uni yuqtirib olish ehtimoli juda kam.

Bundan tashqari, virusni yuqtirgan odam jo‘natmaga aksirsa, keyin uni pochta orqali jo‘natsa, kasallanish ehtimoli paydo bo‘ladi. Shuning uchun Xitoydan jo‘natilgan tovarni ishlatishdan oldin dezinfeksiya qilish tavsiya etiladi.

Jo‘natma kiyim bo‘lsa, uni kiyishdan oldin yuvish talab qilinadi. Idish-tovoqlarni ham qaynoq suvda yaxshilab chayish zarur.
Taniqli vrach-pediatr Yevgeniy Komarovskiy ham Xitoydan kelayotgan tovarlarda virus kelishi ehtimoli yuzasidan fikr bildirdi.

«Birinchidan, virus sutemizuvchilar organizmi tashqarisida ikki kundan ortiq yashashi ehtimoli juda kam. Ikkinchidan, buyumlar orqali virusni yuqtirishga yetadigan dozani olish ehtimoli ham kam», — deb yozadi Komarovskiy Instagram’dagi sahifasida.

«Shulardan kelib chiqib, Xitoydan narsa buyurtma qilish mumkin», — deya so‘zlarini davom ettiradi shifokor.
Avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zbekistonliklarning koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyatdan xavotirlanishiga asos yo‘qligini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda koronavirus tufayli halok bo‘lganlar soni 56 nafarga yetdi. Mamlakat rahbari Si Szinpin virusning tobora keng tarqalayotgani va vaziyat og‘ir ekanligini aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoydagi koronavirus sabab AliExpress’dan tovar buyurtma qilish xavflimi?