00:02 / 20.02.2020
7 143

SSSR dohiysining o‘g‘li otasining o‘limidan so‘nggi yillarini qamoqda o‘tkazgan edi

SSSR dohiysining o‘g‘li otasining o‘limidan so‘nggi yillarini qamoqda o‘tkazgan edi
Vasiliy Stalin otasi bilan.
Foto: Wikipedia

Turli davrlarda «Stalin» familiyasi SSSR xalqlari orasida turli xil tuyg‘ular – qo‘rquv, nafrat, hurmat bilan eslangan. Bularning barchasi, qoida tariqasida, faqat Stalinga – Sovet Ittifoqi lideri Iosif Vissarionovichga qaratilgan edi.

Rahbarning kenja o‘g‘li Vasiliy Iosifovich Stalin har doim otasining soyasida qolgan. Ba’zan u o‘zining eng yaqin do‘stlariga «Men otam tirikligi uchungina tirikman», der edi. Bu taxminlari Vasiliy Stalinni aldamadi – otasining vafotidan keyin uning hayoti ham pastga qulay boshladi. Bu haqda an’anaviy tarix ruknida «Daryo» kolumnisti Nurbek Alimov hikoya qiladi.
***
Vasiliy Stalin 1921 yilning 21 martida Iosif Stalin va uning ikkinchi xotini Nadejda Alliluyevaning oilasida tug‘ilgan.
XX asrning 20-yillarida Stalin oilasini bilganlar ular juda baxtli hayot kechirganini aytadi. 1926 yilda Vasiliyning singlisi Svetlana tug‘ildi. Ulardan tashqari, oilada Artyom laqabi bilan taniqli bo‘lgan inqilobchi Fyodor Sergeyevning o‘g‘li Artyom Sergeyev ham tarbiyalangan. Artyom Sergeyevni otasining o‘limidan keyin Stalin asrab olgan.

Uning eslashicha, Stalin bolalariga yetarli vaqt ajratar va oilasi bilan vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘rar edi. Otaning eng sevimli farzandi esa qizi Svetlana bo‘lgan.

Ona mehrisiz o‘tgan bolalik
1932 yilning 9 noyabrida Nadejda Alliluyeva joniga qasd qilganidan keyin oilada hamma narsa o‘zgardi. Bundan qattiq ta’sirlangan Stalin ishga sho‘ng‘ib ketdi va bolalar xavfsizlik xizmati xodimlariga ishonib topshirildi. Ta’limning bunday usuli Vasiliyga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Dohiyning bolalari ham boshqa sovet rahbarlarining bolalari kabi Moskvadagi 25-sonli maktabda tahsil oldi. Vasiliy yomon o‘qishi va bezorilik qilishiga qaramay, mehribon, muloyim va xushmuomala, doim boshqalarga yordam berishga tayyor edi. Vasiliyning nazorati Stalin soqchilari boshlig‘i general Nikolay Vlasik va uning qo‘l ostidagilar tomonidan amalga oshirilgan. Vlasik Stalinga o‘g‘li haqida ma’lumot berib, undan ko‘rsatma olgan. Stalin Vasiliyga hech qanday imtiyoz bermaslikni va yaxshi o‘qishini qat’iy talab qilishni buyurgan.

Stalinning parvozi
Vasiliy Stalin familiyasi odamlarga qanday sehrli ta’sir ko‘rsatishini juda erta tushungan va undan foydalanishga ko‘p harakat qilgan edi.

O‘qishni tugatganidan so‘ng Vasiliy akasi va yaqin do‘sti Artyom Sergeyev singari artilleriya maktabiga o‘qishga kirmoqchi edi. Biroq u uchuvchi bo‘lishga qaror qilib, fikrini o‘zgartirdi. Vasiliy Stalin Qrimda joylashgan taniqli Kachinskiy harbiy aviatsiya maktabida o‘qishni istadi. Lekin shahodatnomasidagi baholari uni o‘qishga qabul qilishga imkon bermasdi. Ammo bu muammo ham yechildi.

Foto: Wikipedia
Yangi kelgan kursant darhol eski hunariga qaytdi. Yaqinda otasi Qrimga tashrif buyurishini aytib, o‘quv yurti boshlig‘idan o‘zi uchun alohida xona oldi va shohona bezadi. Bu haqda Iosif Stalin xabar topganida, u kursant Stalinni umumiy kazarmaga topshirish, qat’iylikni saqlash, o‘qish davomida to‘liq dasturni so‘rash haqida qisqa va qat’iy buyruq berdi.

Maxsus imtiyozli holatini yo‘qotib qo‘ygan Vasiliy tushkunlikka tushmadi. U tez orada kursdoshlari bilan do‘stlashdi va guruhning ilg‘orlaridan biriga aylandi. Shu bilan birga, kursantlarning barcha bezorilik xurujlari yetakchisi ham bo‘ldi.

Uchuvchilik maktabini bitirgach, yosh ofitser Qizil armiya havo kuchlari bosh shtab-kvartirasida harbiy havo kuchlarining parvoz inspeksiyasiga ishga tayinlandi. Vasiliy bunday xizmatni yoqtirmadi va urush boshlanganidan keyin u faol ravishda frontga talpina boshladi. 1942 yilning yozida esa uning istagi amalga oshdi.

Dushmanning qancha samolyoti Vasiliy Stalin tomonidan urib tushirilgani haqida turli xil ma’lumotlar mavjud. Sovet Ittifoqi qahramoni Sergey Dolgushin shunday deb eslaydi: «1943 yil fevral mart oylarida biz o‘nlab dushman samolyotlarini urib tushirdik. Vasiliy ishtirokida – uchta».

Bu vaqtga kelib, Vasiliy Stalin allaqachon 32-gvardiya qiruvchi aviatsiya polkiga qo‘mondonlik qila boshlagan edi.

Baliq ovidagi halokat
Mohir va jasur uchuvchi Vasiliy Stalinni ikki narsa vayron qildi – aroq va intizomning yo‘qligi.

Sovet Ittifoqi qahramoni Vitaliy Popkov polkovnik Stalin qanday ishdan haydalganini eslaydi. 1943 yilning bahorida, parvozlardan tanaffus paytida Vasiliy Stalin Popkovni baliq oviga chaqirdi. Uchuvchi bunga qarshilik qilmadi, ammo «Qanday qilib buni amalga oshiramiz? Na baliq tutuvchi to‘rlarimiz va na qarmoqlarimiz bor», dedi. Keyin ular aviatsiyada ishlatiluvchi portlovchi snaryadlardan foydalanmoqchi bo‘ldi. Natijada, snaryad belgilangan vaqtdan oldin portlab ketadi va bir nafar harbiy muhandis halok bo‘ladi, bir necha kishi, jumladan Vasiliy ham jarohat oldi.

Bu voqea haqida Stalinga xabar berilganida u qattiq g‘azablandi – urush davom etmoqda, badbaxt o‘g‘lining bezoriligi sabab esa harbiylar o‘lmoqda. Vasiliy egallab turgan lavozimidan bo‘shatilib, rezervning aviatsiya polklaridan biriga instruktor lavozimiga yuborildi, uchishi esa taqiqlandi.

Sport homiysi
Taqiq Vasiliydan 1944 yil o‘rtalariga kelib olib tashlandi. U 3-qiruvchi aviatsiya gvardiyasi divizioni komandiri etib tayinlandi.

Vasiliy Stalin 1-Belarus frontining aviatsiya diviziyasi qo‘mondoni sifatida urushni tugatdi. Barcha kamchiliklariga qaramay, u aviatsiyadagi olamida, uchuvchilar davrasida o‘zini chindan ham baxtli his qilardi.

Foto: Wikipedia
1946 yil martda, 26 yoshga to‘lishi arafasida Vasiliy Stalin aviatsiya general mayori unvoniga sazovor bo‘ldi.
Uning karerasi 1948 yil general-leytenant rutbasida Moskva harbiy okrugining harbiy havo kuchlari qo‘mondoni etib tayinlanganida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetdi.

Vasiliy Stalinning sportga bo‘lgan ishtiyoqi haqida alohida ta’kidlash lozim. U mamlakatning turli yo‘nalishlardagi eng yaxshi sportchilarini birlashtirgan «Havo kuchlari» sport klubini boshqarardi. «Havo kuchlari» xokkey jamoasi SSSRning uch karra chempioniga aylangan, klub sportchilari ko‘plab sport turlari bo‘yicha ham g‘olib bo‘lgan edi. Vasiliy Stalin amalga oshirolmagan yagona narsa bu havo kuchlari futbol jamoasini chempion qilish edi.

Stalin Sovet Ittifoqining afsonaviy sportchilaridan biri Vsevolod Bobrov bilan do‘st edi, Vasiliyning uchinchi rafiqasi esa suzish bo‘yicha SSSR chempioni Kapitolina Vasileva bo‘lgan.

«Ular otamni o‘ldirishdi!»
Otasining hayoti davomida Vasiliy Stalin yana bir marta katta qovun tushirdi. 1952 yil 1 mayda general-leytenant Stalin boshchiligidagi havo paradidan keyingi qo‘nish jarayonida havoni bulut qoplaganligi sababli ikkita yangi Il-28 rusumli reaktiv samolyotlari halokatga uchradi.

1952 yil iyulda Tushinoda yangi aviaparad esa muvaffaqiyatli o‘tdi. Xursand bo‘lgan Iosif Stalin o‘g‘lini hukumat qabuliga taklif etdi. Ammo Vasiliy tadbir boshlangunicha uni «nishonlashga» ulgurdi va ziyofatga mast holda keldi. G‘azablangan ota Vasiliyni haydab yubordi va shu zahotiyoq lavozimidan chetlatdi. Bunga rasmiy sabab qilib may oyidagi falokat ko‘rsatildi.

Foto: Wikipedia
General Stalin bosh shtab harbiy akademiyasi tinglovchilari safiga qabul qilindi, lekin sinfda umuman ko‘rinmadi va o‘qishga qiziqish bildirmadi.
O‘zaro munosabatlari qiyin bo‘lishiga qaramay, Vasiliy Stalin otasini yaxshi ko‘rar va hurmat qilar edi. 1953 yil mart oyida Stalin vafot etgach, u buni juda og‘ir qabul qildi. U qabr ustida yig‘lar va vaqti-vaqti bilan «Ular otamni o‘ldirishdi!» deb takrorlardi.

Bundan tashqari, do‘stlari bilan suhbatda Vasiliy chet ellik jurnalistlarga Stalinning atrofidagilar, shu jumladan, davlatning yuqori lavozimli rasmiylari hayoti haqida hamma narsani gapirib berishini aytib qo‘rqitgan edi.

«Vasiliy Vasilev»
Stalinning o‘g‘li SSSRning yangi rahbarlari uchun muammoga aylangan edi. SSSR mudofaa vaziri Nikolay Bulganin uni huzuriga chaqirib, uzoq harbiy okruglardan biriga ishga borishni taklif qildi. Lekin itoatsiz general rad javobini berdi va 1953 yilning 26 martida, ya’ni otasining o‘limidan 20 kun o‘tgach, armiyadan forma kiyish huquqisiz bo‘shatildi.

Bu boshlanishi edi. Oradan bir oy o‘tgach, u hibsga olindi. Vasiliyga mamlakat rahbariyatiga qarshi tuhmat, tajovuz, vakolatni suiiste’mol qilish va yana bir qator jinoyatlar bilan ayblov qo‘yildi. U ikki yildan ko‘proq vaqt qamoqda o‘ziga o‘qilishi kerak bo‘lgan hukmni kutib yashadi. Natijada Vasiliy Iosifovich Stalin sovetlarga qarshi targ‘ibot va xizmat vazifasini suiiste’mol qilgani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ammo u koloniyaga jo‘natilmadi – Vladimirskiy sentral qamoqxonasi Vasiliy uchun jazoni o‘tash joyiga aylanai. Bu yerda u hatto familiyasidan ham mahrum bo‘ldi: mahbus hujjatlarda «Vasiliy Pavlovich Vasilev» deb ko‘rsatildi.

Foto: Wikipedia
Vasiliy Stalinni qamoqda taniganlar u haqda faqat yaxshi narsalarni gapiradi. Soqchilar Stalinning o‘g‘li mohir chilangar va mexanik bo‘lib chiqqanini eslaydi. Vasiliy ko‘p ishlardi va rejani ortig‘i bilan bajarardi.
Uning qarindoshlari mamlakat rahbarlariga murojaat qilib, ishni qayta ko‘rib chiqishni va Stalinni ozod qilishni talab qildi, ammo bu natija bermadi.

Noqulay odamning jimgina o‘limi
Faqat 1960 yilning yanvar oyida Stalin ozod qilindi va Nikita Xrushchyov bilan uchrashuvga keltirildi. Nikita Sergeyevich endi Vasiliy o‘ziga yarasha saboq chiqargan va o‘rnini bilib olgan deb umid qilib, eski ginalarni unutishga tayyor edi.

SSSR mudofaa vaziri buyrug‘iga binoan Vasiliy Stalinga general formasini kiyish huquqi qaytarib berildi va nafaqa tayinlandi, Moskvadan uch xonali kvartira ajratildi.

O‘sha paytgacha sobiq jasur uchuvchidan juda oz narsa qolgan edi. 40 yoshida Vasiliy Stalin ko‘plab kasalliklardan azob chekdi – qamoqdagi hayot va uzoq vaqt davom etgan ichkilikbozlik unga ta’sir qilib ulgurgan edi. U qiynalib yurardi, lekin fe’l-atvori o‘zgarmagandi. Ko‘p o‘tmay u sukut saqlamasligi va «antisovet xarakteridagi tuhmatlarini» davom ettirishi aniq bo‘ldi. Stalin yana hibsga olinib, Lefortovoga jo‘natildi – uni yangi jazo kutmoqda edi.

1961 yilning bahorida uni poytaxtda va otasining yurti Gruziyada yashamaslik sharti bilan qo‘yib yuborishdi. Quvg‘indagi general uchun mamlakatning Qozon shahri yashash joyi etib tayinlandi. 1962 yil yanvarda unga «Vasiliy Jugashvili» nomiga yangi pasport berildi.

1962 yilning 19 martida Vasiliy Iosifovich Stalin 42 yoshga to‘lishiga bir necha kun qolganida vafot etdi. Hatto dafn marosimining tavsifida ham nomuvofiqliklar bor – ba’zi guvohlarning ta’kidlashicha, Vasiliyni so‘nggi safarga olib borish uchun bir necha kishi kelgan, boshqalari – Qozon aholisining yarmi Stalinning o‘g‘li bilan xayrlashish uchun kelgan deb ta’kidlaydi.

Vasiliy Iosifovich Stalinning o‘zi uchun bu endi ahamiyatsiz edi. Oxir-oqibat u hayotida topa olmagan tinchlikni topdi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » SSSR dohiysining o‘g‘li otasining o‘limidan so‘nggi yillarini qamoqda o‘tkazgan edi