09:57 / 20.02.2020
5 189

Turkmanistonda O‘zbekiston telekanallarining efiri to‘xtatib qo‘yildi

Turkmanistonda O‘zbekiston telekanallarining efiri to‘xtatib qo‘yildi
Foto: «RBK»
Taxminan 10 fevraldan boshlab O‘zbekistondagi bir qator telekanallar Turkmanistonning TurkmenAlem 52E / MonacoSat aloqa sun’iy yo‘ldoshidan o‘chirib qo‘yildi. Ular orasida «O‘zbekiston» va «O‘zbekiston 24», «Yoshlar», «Kinoteatr», «Toshkent», «Bolajon», «Sport» va boshqa telekanallar bor. Bu haqda «Turkmennews»ga tayanib Daryo xabar berdi.

Qayd etilishicha, efirning to‘xtatilishi sabablari noma’lum, ammo Mari viloyatidagi aholi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu yanvar oyida «Sevimli» telekanali tomonidan efirga uzatilgan Amerikaning «Olti arvoh» filmi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Film qahramonlari to‘qima Turgiston davlatining diktator rahbari rolini o‘ynagan.

Film epizodlari Turkmanistonni esga soladi. Ssenariy bo‘yicha Turgiston O‘zbekistonning g‘arbiy tomonida joylashgan, filmdagi avtomobillarning davlat raqamlari Turkmanistonnikiga o‘xshaydi, ba’zi joylarda turkman tilidagi gaplar eshitiladi va hatto Turkmanistonning haqiqiy davlat ramzlari ham ko‘rinadi.

Aholi vakilining so‘zlariga ko‘ra, «Sevimli» telekanali Turkmanistonning sun’iy yo‘ldoshida mavjud emas edi. Ammo Turkmaniston rasmiylari barcha o‘zbek telekanallarini uzishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin.

Uning aytishicha, ushbu sun’iy yo‘ldoshdagi boshqa davlatlarning telekanallari, masalan, Tojikiston telekanallari efirni davom ettirmoqda.

Avvalroq mazkur film ekranlarga chiqqanidan va uning atrofidagi shov-shuvlardan so‘ng, Turkmaniston rasmiylari DVD filmlarni ijaraga berish joylarini yopgan. Shuningdek, ular davlat xizmatchilari va maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularga G‘arb tashviqotining xavfliligi hamda AQSHning Turkmaniston davlatchiligini buzishga urinishlari haqida gapirgan.

AQSHning Turkmanistondagi elchixonasi mazkur holatga bergan izohida film xususiy kompaniya tomonidan yaratilganligini ta’kidlagan. Amerika Qo‘shma Shtatlari va AQSHning Ashxoboddagi elchixonasi Turkmaniston bilan kuchli va samarali aloqalarni qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan.

Avvalroq Turkmanistonda o‘qituvchilar yashil rangdagi bloknot va ruchkalardan foydalanishga majburlanayotgani haqida xabar berilgan edi. 2020 yil 1 fevraldan e’tiboran Turkmaniston davlat muassasalari va korxonalarining 40 yoshdan oshgan erkak xodimlariga sochlarini qoraga bo‘yash taqiqlangan. Tabiiy soch rangiga ega erkaklardan sochlarining rangini biroz oqartirish talab qilindi. Endilikda Turkmaniston prezidenti bilan uchrashishga faqat oq sochli erkaklargagina ruxsat beriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkmanistonda O‘zbekiston telekanallarining efiri to‘xtatib qo‘yildi