13:03 / 21.02.2020
3 165

«Odamlarni qo‘rqityapsiz, OAV». Koronavirusdan o‘lim holati darajasi mavsumiy grippnikidan ko‘p emas

«Odamlarni qo‘rqityapsiz, OAV». Koronavirusdan o‘lim holati darajasi mavsumiy grippnikidan ko‘p emas
Foto: EPA
Bir oydan o‘tdiki, dunyoning yetakchi nashrlari diqqati Xitoy koronavirusiga oid so‘nggi yangiliklarga qaratilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ikki oy ichida epidemiya umumiy hisobda 2247 odamni hayotdan olib ketdi.

Xitoy sog‘liqni saqlash bo‘yicha komissiyasining 21 fevral tongidagi ma’lumotlariga ko‘ra, COVID-19 koronavirus infeksiyasini yuqtirish bilan bog‘liq yana 889ta holat qayd etilgan. Mamlakatda virusdan zararlanganlarning jami soni 75 ming 465 nafarni tashkil qilmoqda.

So‘nggi bir kunda kasallikdan 118 kishi vafot etgan, mamlakatda qurbonlarning jami soni — 2236 nafar.
Yana 2109 bemor tuzalgan va ularga javob berilgan. Epidemiya boshlanganidan buyon XXRda 18 ming 264 kishi tuzalib uyiga qaytgan. Dunyo bo‘ylab tuzalganlar soni 18 438 nafar.

Jahonning qolgan qismida koronavirus mingdan ortiq odamda qayd etilgan, asosan kruiz layneri karantinga olingan Yaponiyada. Dunyo bo‘ylab virus yuqtirganlar soni 7617 nafarni tashkil etmoqda.

Xitoyning materik qismidan tashqarida kasallikdan jami 11 kishi vafot etgan O‘lim holatlarining 3tasi Yaponiyada ro‘y bergan, Hongkong va Eronda 2 nafardan, Fransiya, Filippin, Janubiy Koreya va Tayvanda bir nafardan odam koronavirus qurboniga aylangan. Virusning jami qurbonlari soni 2247 nafar.

USA Today nashrining yozishicha, shu orada AQSHning o‘zida qish boshlangandan beri mavsumiy grippdan 10 ming nafardan ortiq kishi vafot etdi. Umumiy hisobda, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, mavsumiy epidemiya har yili 290 mingdan 650 minggacha inson vafotiga sabab bo‘ladi. Angliyaning o‘zida o‘rtacha 17 ming kishi gripp tufayli hayotdan ko‘z yumadi.

Kaliforniyada cho‘chqa grippi avj olishi boshlangan 2009 yilda bir yilning o‘zida H1N1 virusidan kamida 150 ming inson qurbon bo‘lgandi, ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra esa 500 ming kishi.
Bi-bi-si rus xizmati Xitoy koronavirusi qanday xavfga egaligi va undan qo‘rqishga asos bor yoki yo‘qligiga oydinlik kiritdi.

O‘lim darajasi
Albatta, qurbonlarning sonini taqqoslash orqali kasallik xavfini belgilash mutlaqo o‘rinsiz. Yuqorida tilga olingan cho‘chqa grippidan 2009-2010 yillarda, turli manbalarga ko‘ra, butun dunyo aholisining 10-20 foizi kasallangan va shu nuqtayi nazardan virusning hatto yarim million qurboni ham qo‘rqinchli ko‘rinmaydi.

O‘lim darajasining umumiy kasallanganlar soniga nisbati olinishi mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Statistikaga ko‘ra, cho‘chqa grippi kabi global epidemiyalar o‘rtacha 25 yilda bir marta ro‘y beradi va har 100 ming odam uchun 10-20 kishi halok bo‘ladi (0,01-0,02 foiz).

Bugungi kunga kelib Xitoy koronavirusidan zararlanishning tasdiqlangan ilk 100 mingga yaqin holatiga 2 mingdan ortiq yaqin o‘lim to‘g‘ri kelmoqda, ya’ni taxminan 2 foiz.
Umuman olganda, turli tadqiqotlar Covid-19 sabab bo‘lgan o‘limlarni 0,5 foizdan 4 foizgacha baholamoqda.

Foto: EPA
Ushbu ko‘rsatkichlar odatiy mavsumiy virus bilan solishtirilishi mumkin. Epidemiologiya va mikrobiologiya instituti professori Viktor Zuyevning so‘zlariga ko‘ra, «mavsumiy gripp infeksiyasi sabab bo‘lgan o‘lim darajasi shu bilan bir xil yoki biroz yuqoriroq bo‘ladi».

Bundan tashqari, koronavirusdan farqli o‘laroq, oddiy gripp tashxisi uchun laboratoriyaga juda kam hollarda murojaat qilinadi. Covid-19 bo‘yicha rasmiy statistika esa bemorlarning ahvoli yomonlashgani va laboratoriya tashxisiga muhtoj bo‘lgan holatlardagina hisobga olinadi.

Aksariyat mutaxassislar koronavirus bilan kasallangan o‘n minglab odamlar jiddiy alomatlarga duch kelmagan va shifokorga murojaat qilmagan degan fikrda. Ba’zilari esa kasalliklarini umuman bilishmagan. Buning natijasida esa, «rasmiy» o‘lim darajasi yuqori bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, undan yuqori bo‘lishi ham mumkin. Unutmaslik kerakki, tashxis qo‘yilgan 76 ming atrofidagi bemorning atigi 20 foiziga yaqinini davolashga erishildi, qolgan 80 foizi esa hali ham kasal — ulardan qanchasi tuzaalishi mumkin, buni faqat taxmin qila olamiz.

Vaholanki, har qanday kasallikning ommaviy tarqalishi, deyarli har doim, uning oqibatlariga nisbatan jiddiyroq bo‘lib tuyuladi — sababi oddiy, kasallikning og‘ir holatlari e’tiborni ko‘proq jalb qiladi.

Harvard universiteti epidemiologi Mark Lipsichning aytishicha, H1N1 markali cho‘chqa grippi epidemiyasi ilk oylarida virusdan har o‘ninchi bemor o‘layotganga o‘xshardi. Tashxis aniqlanmaguncha, bemorlarning aksariyati kasallikni oyoqda o‘tkazishgan va hatto shifokorga ko‘rinishmagan. Ushbu holatlar umumiy statistikaga qo‘shilganda, o‘lim darajasi 0,1 foizgacha tushadi.

Taqqoslash uchun, 2003 yil SARS (atipik pnevmoniya) epidemiyasi paytida o‘lim darajasi deyarli 10 foizni tashkil etgan; Yaqin Sharq respirator sindromi virusidan (MERS) o‘rtacha uch kishiga bir qurbon to‘g‘ri kelgan. Demak, bu ko‘rsatkichlarda Covid-19 o‘zining o‘tmishdoshlaridan ancha ortda.

Qo‘rqishga arziydimi?
Har qanday kasallikning xavf darajasini ko‘rsatuvchi yana bir jihat — uning yuqumliligi, ya’ni har bir virus tashuvchisi qancha odamni zararlantirishga ulgurishidir. Hatto kasallik yengil va hech qanday alomatlarsiz kechayotgan odam ham yuqtiruvchi bo‘la oladi.

Shu nuqtayi nazardan, Covid-19 mavsumiy grippdan ko‘ra haqiqatan ham xavfliroq. Agar «odatiy» virus bilan kasallangan 10 nafar bemor o‘rtacha yana 13 kishiga yuqtirsa (yuqumlilik 1,3), koronavirus, xitoylik shifokorlar bahosiga ko‘ra, tezroq tarqalmoqda: 10 infeksiya tashuvchisi 22 sog‘lom odamga yuqtiradi (2,2).

Eksperimental tibbiyot instituti bosh virusologi Larisa Rudenko «virus aloqada bo‘luvchilar uchun juda xavfli» degan fikrda.

Foto: AFP
«Aftidan, Yaponiyadagi layner kabi hatto shamollatish tizimlari orqali ham kasal bo‘lish mumkin. U yerda bemorlar aloqada bo‘lishmaydi, hech qayoqqa chiqishmaydi, ammo baribir yuqtirib olishgan», — deydi virusolog. — SARS vaqtida Hongkongning yuqori qavatda yashovchi aholisi infeksiyani shamollatish tizimlari orqali quyida yashovchi aholidan yuqtirib olgan. Havo-tomchi yo‘li orqali yuqish juda xatarli».

Ammo SARS’ning yuqtirish darajasi biroz baland bo‘lgan — 3’ga yaqin, qizamiq virusida esa 12’dan oshib ketadi.
Aynan shuning uchun bu turdagi har qanday kasallikka shubha paydo bo‘lganda karantinga rioya qilish juda muhim.

«Eng muhimi — karantin, lekin odamlar buni tushunishmaydi. Kasalxona karantinidan qochib chiqish jamiyat oldida mas’uliyatsizlikdir», — deydi Rudenko.

Xavf guruhiga, deyarli har qanday infeksiya tarqalishida bo‘lganidek, bolalar, qariyalar, homilador ayollar va immuniteti zaiflar va surunkali kasalliklari bo‘lgan odamlar kiradi. Ammo sog‘lom insonlar uchun tahlikaga tushishga asos yo‘q.

«Odamlar siz sababli qo‘rqishmoqda, OAV, — davom etadi Rudenko. — Kutilmagan munosabat kelib chiqishi sababi kasallik yangi virus tufayli yuzaga kelgan. Uning xususiyatlari — o‘lim darajasi juda past (2, 5-3 foiz), ammo virus juda yuqumli».

Professor Zuyevning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning navbatdagi epidemiyasi mutlaqo tabiiy va «sivilizatsiya foydalarining to‘lovidir».

«Biz tez-tez va uzoqroqqa sayohat qila boshladik, ko‘plab odamlar bilan aloqaga kirishamiz va o‘zimiz bilan ko‘plab mikrob tashiymiz. Biz bakteriologik va virusologik jihatdan steril emasmiz, — izohlaydi u. — Siz bilan bizga [Rossiyada] niqoblar yoki vaksinalar zarurat emas».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Odamlarni qo‘rqityapsiz, OAV». Koronavirusdan o‘lim holati darajasi mavsumiy grippnikidan ko‘p emas