14:15 / 22.02.2020
3 417

Idlib: kim kim bilan urushmoqchi (emas)?

Idlib: kim kim bilan urushmoqchi (emas)?
Suriyadagi mojaro shu kunlarda oxirgi 4 yildagi eng jiddiy fazasiga kirdi. 2016 yilda Assad qo‘shinlari Rossiya yordamida mamlakatning eng yirik shahri bo‘lgan Halabning asosiy qismini katta masshtabli kampaniya orqali egallagach, boshqa joylarni kichik janglar bilan egallab chiqqan edi.

Hukumat nazorati ostiga o‘tgan hududlardagi muxolifat ham, terrorchilar ham kelishuvga asosan Halab, Xoms va Turkiya chegarasi orasida joylashgan Idlib viloyati va unga yondosh kichik hududlarga jo‘natilgan edi. 2018 yil sentabrida asosiy tashqi kuchlar - Turkiya, Rossiya va Eron Sochida ushbu hududda status-kvoni saqlash uchun kelishuvga ham erishgandi.

Buning uchun Turkiya jangarilarni (ham terrorchilar, ham muxolifatni) front chizig‘iga yaqinlashmaslikka ko‘ndirishi hamda Halabni Xoms va Damashq bilan va Rossiya bazasi joylashgan Latakiya viloyati bilan bog‘laydigan magistral yo‘llarda erkin harakatlanish imkoniyatini ta’minlashi, Suriya hukumati esa Idlibga hujum qilmasligi kerak edi. Biroq ikkala tomon ham bu shartlarni bajarmadi.

Suriya hukumati kurdlar nazoratidagi shimoli-sharq, Turkiya nazoratidagi Afrin (shimol) hamda muxolifat va terrorchilar nazoratidagi Idlibdan tashqari hamma joyni egallab chiqqach, 2019 yil oxiriga kelib hammasi boshlangan joy - Idlibni egallash bo‘yicha harakatlarni boshladi. Fevralga kelib mojaro eskalatsiyasi kuchaygach, Rossiya va Turkiya muzokaralarni boshladi.

Aynan shunday muzokaralar oxirgi yillarda bir necha marta jiddiy to‘qnashuvlarni to‘xtatgandi. Bu safar esa muzokaralar boshlangan 8 fevraldan Putin va Erdo‘g‘an telefonda gaplashgan 18 fevralgacha Assad qo‘shinlari Xoms-Halab magistral yo‘li atrofini to‘liq egalladi, shuningdek Halab yaqinidagi jangarilar qo‘lida qolayotgan vodiy ustidan nazorat o‘rnatdi.

Ta’kidlash joizki, mojaroni to‘xtatish uchun Rossiya va Turkiya o‘zaro muzokara o‘tkazayotgan bo‘lsa ham, ular bir-biri bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushishni xayoliga ham keltirmayapti. Iroqdagi AQSH va Eron qarama-qarshiligi singari bu yerda ham proksi guruhlar yordamida gibrid urush olib borilmoqda. Hattoki Suriya hukumati ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri Turkiya qo‘shinlariga hujum qilmaydi.

Suriya yoki Rossiya qo‘shinlari hujumga uchrasa, buni Turkiya qo‘llab-quvvatlayotgan guruhlar, aksincha Turkiya qo‘shinlariga hujum qilinsa, buni Rossiya va Suriyaning proksi guruhlari amalga oshirgan bo‘ladi. Avval ham aytilganidek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush Rossiyaga ham, Turkiyaga ham ancha qimmatga tushadi.

Hozircha muzokaralar hech qanday natija bermayapti. Putin va Erdo‘g‘anning telefon orqali suhbatidan keyin diplomatlarning so‘nggi muzokaralarida davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlari haqida kelishildi. Ya’ni, hech narsaga kelishilmadi. Endi prezidentlar "qo‘l boshqaruvi" rejimida qurolli mojaro kattalashishining oldini olishga urinib ko‘rishadi.

Mojaroning eng e’tiborli jihatlaridan biri - Idlibda Assad hukumati nazoratida yashashni umuman istamaydigan aholi yig‘ilganidir. Dekabrdan buyon hududdagi aholining 1/3 qismi - 900 mingdan ortiq kishi o‘z yashash joyini tashlab, g‘arbroqqa - Turkiya chegarasi tarafga ko‘chib o‘tgani va qishda chodirlarda yashashga majbur bo‘layotgani aytilgan. Natijada bolalar o‘limi ko‘paygan.

3,5 million suriyalik qochqinni qabul qilgan Turkiya yana millionlab qochqinlarga eshik ochishga tayyor emas. Bu orada 2016 yilgi migratsiya inqirozi paytida qochqinlarni ko‘hna qit’aga o‘tkazmaslik uchun Anqaraga milliardlab yevrolik yordam ajratgan Yevropa Ittifoqi yana moliyaviy yordam berish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Mojaro eskalatsiyasi aynan shu yerda to‘xtashi ehtimoli yuqori. Har holda Putin va Erdo‘g‘anning o‘zaro uchrashuvidan keyin ham mojaro shu zaylda davom etishini kutish qiyin. Tarozi pallasi Rossiya va Suriya tarafida ekanligi inobatga olinsa, hozirgacha egallangan hududlar Assad nazorati ostida qoladi va jangarilar yangi front liniyasidan (xaritaga qarang) ichkariroqqa chekinadi.


Manba: @tashqaridaUZ

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Idlib: kim kim bilan urushmoqchi (emas)?