10:55 / 23.02.2020
2 447

Yaponiya imperatori 60 yoshini nishonlamoqda

Yaponiya imperatori 60 yoshini nishonlamoqda
Foto: AP Photo/Eugene Hoshiko
2019 yil may oyida taxtga o‘tirgan Yaponiya imperatori Naruxito 23 fevralda 60 yoshini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan Yaponiyada ushbu kun milliy bayram deb e’lon qilindi. Bungacha Naruxitoning otasi Akixitoning tug‘ilgan kuni - 23 dekabr dam olish kuni bo‘lib kelgan.

“Mening xalqni birlashtiruvchi davlat ramzi sifatidagi yo‘lim endigina boshlandi. Men davlat ramzi sifatida o‘z majburiyatlarimni sidqidildan bajarmoqchiman, odamlar haqida qayg‘urib, ularni qo‘llab-quvvatlamoqchiman”, deb aytgan Naruxito yubileyi arafasidagi matbuot anjumanida.

Imperator uning ota-onasi bosib o‘tgan yo‘lni yodda saqlashini hamda ularga va ular taxtni egallagan vaqtda qilgan ishlariga chuqur ehtiromda ekanini ta’kidlab o‘tgan.

Yaponiyada uzoq yillar davomida birinchi marta imperator tavallud kuni bilan bog‘liq ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Bu qaror yangi turdagi koronavirusning tarqalishi bilan bog‘langan. Ayni vaqtda Yaponiyada koronavirusga chalinish bo‘yicha 769 ta holat qayd etilgan, 3 kishi undan vafot etgan.

Odatda, imperator o‘z tug‘ilgan kunida oilasi a’zolari bilan birga mamlakat aholisini qutlash uchun Tokio markazidagi saroyning zirhlangan maxsus bolxonasiga bir necha marta chiqadi. Bunday tadbirlarga odatda bir necha o‘n minglab odam yig‘iladi.

Oxirgi marta bunday tadbir 1996 yilda avvalgi imperator Akixito vaqtida bekor qilingan. Bunga o‘shanda Yaponiyaning Peru poytaxti Limadagi elchixonasining bosib olinishi sabab bo‘lgan.

“Men koronavirus tarqalishi iloji boricha tezroq to‘xtashiga umid qilaman”, deb aytgan amaldagi imperator va kasallikdan vafot etganlar oilalariga hamdardlik bildirgan.

Naruxito o‘z nutqida yozda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada va Paralimpiada mavzusiga ham to‘xtalib o‘tgan. Uning aytishicha, 1964 yilda Tokioda o‘tgan avvalgi Olimpiada u uchun “dunyo bilan birinchi tanishuv” bo‘lgan. “Fikrimcha, bu voqeani o‘z ko‘zim bilan ko‘rish ishtiyoqi men uchun butun dunyoda tinchlik bo‘lishiga intilishim manbaiga aylandi”, deb ta’kidlab o‘tgan imperator.

Yangi imperator otasi – 85 yoshli Akixito keksa yoshi tufayli taxtdan voz kechgandan keyin 2019 yil 1 may kuni taxtni egallagandi. Naruxitoning taxtga o‘tirishi bilan bog‘liq rasmiy marosimlar esa 22 oktabrda bo‘lib o‘tgandi.

Naruxito Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidagi kapitulyatsiyasidan keyin tug‘ilgan birinchi yapon monarxi hisoblanadi. U Tokiodagi nufuzli Gakusyuin universiteti va Oksfordni tamomlagan. Imperator rafiqasi Masako bilan bir qiz farzandga ega.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiya imperatori 60 yoshini nishonlamoqda