18:36 / 24.02.2020
2 706

Tramp Hindistonda. Stadiondagi nutq va savdo bo‘yicha murakkab muzokaralar

Tramp Hindistonda. Stadiondagi nutq va savdo bo‘yicha murakkab muzokaralar
Foto: AFP/Getty Images
AQSH prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Hindistonga ilk marta tashrif buyurdi. Unga rafiqasi Melaniya Tramp va 12 kishidan iborat rasmiy delegatsiya hamrohlik qilmoqda. Ular orasida Oq uy maslahatchilari hisoblangan Trampning qizi Ivanka va kuyovi Jared Kushner ham bor.

U tashrifini mamlakat g‘arbidagi Gujarot shtatida joylashgan Ahmadobod shahridan boshladi. Bu yerda u jahondagi eng yirik kriket stadioni bo‘lmish «Motera» stadionida chiqish qildi.

Prezidentning nutqini stadionda yig‘ilgan 100 mingdan ortiq kishi tingladi, ular orasida asli gujarotlik bo‘lgan, ba’zida «hind Trampi» deb ham ataluvchi Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham bor edi.

Trampning tashrifidan maqsad sifatida jahondagi ikki yirik demokratik davlat o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish aytilgandi. Hindistondagilar Trampning «Motera»dagi chiqishini Modining 2019 yil 22 sentabrida Hyustonda qilgan chiqishiga tenglashtirishmoqda.

Trampni qarshilash stadionga eltuvchi yo‘ldayoq boshlangandi: «Motera»gacha yo‘l (22 km) bo‘ylari ikki davlat rahbarlari tasvirlangan va turli shiorlar aks etgan bilbordlar bilan to‘lgandi. AQSH prezidentini yo‘l bo‘yida oddiy aholi vakillaridan tashqari, mamlakatning turli shtatlarining madaniyatini ifodalovchi artistlar va folklor jamoalari chiqishlar qilishdi.

Gujarot ahli Trampni olqishladi / GETTY IMAGES
Stadionga AQSH prezidenti britaniyalik musiqachi Elton Jonning musiqasi sadolari ostida kirib keldi. Hind xalqiga murojaatini Donald Tramp «namaste» (hindcha salomlashish) so‘zi bilan boshladi va olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Keyin prezident Hindiston tarixidagi muhim lahzalarni yodga oldi - qadimiy davrlardan tortib kriket va Bollivud zamonigacha. U shunday dedi: «Hindiston hamisha mening qalbimda alohida joyga ega bo‘ladi».

Tramp hindlar qarshisiga Elton Jon musiqasi sadolari ostida chiqib keldi
Tramp Modi haqida iliq fikrlar bildirdi: «Uni barcha sevadi, ammo men aytishim kerakki, u murakkab shaxs. Siz nafaqat Gujarot faxrisiz, balki hindlar qiyinchiliklarni yengib o‘tib o‘z maqsadiga erisha olishining jonli timsolisiz».

Shu bilan birgalikda, Tramp odatdagi kabi ayrim atamalarni talaffuz qilishda xatolarga yo‘l qo‘ydi. Bu safar u Ahmadobod shahri nomini to‘g‘ri ayta olmadi, shuningdek, hind faylasufi Svami Vivekanandaning nomini aytishga qiynaldi. Hindlarning qadimiy diniy matnlari bo‘lmish Vedalar esa uning tilida «Vestalar» bo‘lib yangradi.

«Motera» stadioni
AQSH prezidenti Sabarmati Ashramga - Mahatma Gandi 13 yil yashagan qarorgohga ham tashrif buyurdi.
U yerda Donald Tramp va rafiqasi Melaniya Gandining yigiruv charxini ishlatishga urinib ko‘rdi. Bu charx Hindiston mustaqilligi uchun kurash ramzlaridan biri bo‘lgandi.

Siyosatchilar o‘zaro muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmi va savdo masalalarini muhokama qilishdi.

Gandining mashhur ip yigiruv charxi - Hindiston mustaqilligi uchun kurash ramzlaridan biri
Amerika Hindistondan nima istaydi?
Hindiston - AQSHning yirik savdo hamkorlari qatorida to‘qqizinchi o‘rindaturadi. 2018 yilda ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 142,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Ammo davlatlar siyosiy masalalarda hamfikr bo‘lsada, savdo masalasida to‘la kelishuv tuzilmagan. Donald Tramp avvalroq hindlarning import bojlarini toqat qilib bo‘lmas bojlar, Hindistonning o‘zini esa «soliqlar qiroli» deb atagandi.

2019 yilda AQSH Hindistonni savdo imtiyozlaridan mahrum etgandi, bu imtiyoz tufayli Hindistondan turli mahsulotlar bojsiz kirib kelardi. Bunga javoban Hindiston ham Amerika tovarlarining ayrimlariga qat’iy boj joriy etgandi.

Trampning tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi keskin savdo muzokaralari fonida amalga oshirilmoqda. AQSH 2018 yil martda po‘lat va aluminiy importiga mos ravishda 25 va 10 foizlik boj kiritgandi. Bunga javoban Hindiston 2019 yil iyunda AQSHning 28 xil mahsulotlariga nisbatan boj miqdorini oshirdi.

O‘tgan yili AQSHda e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, hindlarning JSTning boshqa a’zolari uchun bojlari yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlar orasida eng yuqorisi ekani ma’lum qilingandi.

Xarobalarni to‘sib qo‘ygan devorlarga Tramp va Modining suratlari chizildi / Reuters
Amerikaliklarni ayniqsa tibbiy jihozlar narxlarini tartibga solish va Hindiston tomonidan joriy etilgan raqamli ma’lumotlarni saqlashning yangi qoidalari qoniqtirmaydi. Donald Trampning tashrifi davomida shu va boshqa masalalar hal etilishi kutilmoqda.

Bu tashrif mobaynida davlatlar rahbarlari intelektual mulk huquqi, savdo va xavfsizlik sohasida bir qancha kelishuvlarni imzolashi mo‘ljallangan.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, Hindiston Amerikaning 30ta MH-60R Seahawk va AH-64E Apache rusumli harbiy vertolyotlarini jami 2,6 mlrd dollarga sotib olish bo‘yicha bitim imzolaydi.

Ammo ko‘plab muhim masalalarda, masalan, savdo imtiyozlarini qaytarish masalasidagi muzokaralar hali yakuniga yetmagan. Tashrif arafasida Tramp «ayrim muhim masalalar keyinroqqa qoldirilgani» haqida aytib o‘tgandi.

Shuningdek, ushbu tashrif davomida Amerikaning energetik kompaniyasi Westinghouse Hindistonning yadro energetikasi korporatsiyasi bilan 6ta yadro reaktori qurish bo‘yicha kelishuv imzolashi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Hindistonda. Stadiondagi nutq va savdo bo‘yicha murakkab muzokaralar