17:48 / 26.02.2020
2 643

«Farzandlarim mehnat muhojiri bo‘lishini xohlamayman» – Moskvada telefon tuzatuvchi vatandosh

«Farzandlarim mehnat muhojiri bo‘lishini xohlamayman» – Moskvada telefon tuzatuvchi vatandosh
Rossiyaga xizmat safarida bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbirlari 2017 yildan buyon Moskvada, Samsung kompaniyasida telefon tuzatuvchi usta bo‘lib ishlab kelayotgan qashqadaryolik Shavkat Imamov bilan hayoti, yashash tarzi, orzu-istaklari aks etgan intervyu uyushtirdi.

«Hunarli kishi xor bo‘lmas» degan naql bejizga aytilmagan. Ustaning aytishicha, hozirda oylik daromadi 150-160 ming rublni (2300-2450 dollar atrofida) tashkil qiladi.

«2017 yildan boshlab Moskvadagi Samsung kompaniyasida ishlab kelaman. Kelishimdan oldin 8 yil davomida Qarshi shahrida ham servisda ishladim.
Inson har doim yuqoriga intiladi. Oldingizga qo‘ygan orzularingizni, rejalaringizni amalga oshirishingiz uchun ko‘proq daromad qilishga to‘g‘ri keladi. Bu yerga farzandlarimning kelajagi uchun kelganman», – deydi Shavkat Imamov.

«Ishimning qadri baland, buyurtma ko‘p, oylik yaxshi»
– Bu yerda ishimning qadri balandroq, ish hajmi, buyurtmalar ko‘p. Bizga butun Rossiya bo‘yicha telefonlar keladi. Oyligimiz balandroq, uyga yuboradigan pulimiz bilan ko‘zlagan rejalarimizni amalga oshirsak bo‘ladi.

O‘zbekistonda ishlasam, kunimiz o‘tishi mumkin, lekin uy-joy, mashina ololmaymiz.
Bu ish joyimga do‘stimning tavsiyasi bilan kelganman. Ishchilar Samsung tomonidan o‘qitiladi. Bizdan yiliga 2-3 marta imtihon olib turishadi.

«Farzandlarim mehnat muhojiri bo‘lishini xohlamayman»
– Xudoga shukr, ikki farzandim bor. Niyatim – ular ulg‘ayishgach, menga o‘xshab chet elda ishchi bo‘lishmasin, yaxshi bilim egallab, bu bilimi bilan O‘zbekistonga foyda keltirishini xohlayman. Ularning kelajagi uchun oilamdan uzoqda ishlab kelyapman.

Ayolim farzandlarimga ham ota, ham ona bo‘lib turibdi. Albatta, erkaksiz qiyin. Lekin internet orqali har doim aloqada bolib turamiz. Farzandlarim bilan birgalikda dars qilamiz.

Qizim bog‘chaga boradi. O‘g‘lim esa 2-sinfda o‘qiydi, rus sinfida. Maktabdan tashqari aqliy arifmetika to‘garagiga boradi. Tushunmagan narsalarini mendan so‘rab turadi.

«Dam olish kunisiz ishlayman»
– Kelganimdan beri biron kun dam olmadim. Dam olish kunisiz ishlayapman. Ishxonamiz ertalab 9:00dan kech 21:00gacha, ya’ni 12 soat ishlaydi.

Qandaydir bayram kunlari yopilmasa, har doim servisimiz ochiq turadi. Ishxonamda o‘zbeklarga nisbatan munosabat yaxshi, hurmat qilishadi. Men hamkasblarimga vatanimizning tarixiy obidalarini ko‘rsatib turaman. O‘zimizning o‘zbekona milliy taomlarimizga qiziqishadi. Uyga borsam, olib kelishimni iltimos qilishadi. Mevalardan olib kelganman, mazasini ko‘rishgan.

Rus hamkasblarimda O‘zbekiston haqida tushunchasi ko‘proq bo‘lishini xohlayman. Ular vatanimdagi odamlarni eski davrlardagidek yashab yuribdi, deb o‘ylashmasin deyman.

«Oyiga 20-25 ming rubl xarajatga ketadi»
– Moskvada har oy 7 ming rubl kvartiraga to‘layman. Bundan tashqari, 5 ming patentga, 5,5 ming rubl yo‘lga, har 4 oyda 4 ming rubl registratsiyaga beramiz. Yana yeb-ichishga ham anchagina pul ketadi. Umuman, oyiga 20-25 ming xarajatga ketadi.

Ishim yaxshi bo‘lgani sababli xarajatlarga qiynalmayman. Lekin oyligi kamlarga bu qoplamaydi. Keyin nima qiladi? Patentsiz yuradi. Noqonuniy ishlashga, qochib yurishga majbur bo‘lishadi. Registratsiya, patent qildirmaydi.

Yolg‘on, korrupsiya va tanish-bilishchilik haqida
– Qachonki xalq birlashsagina, yolg‘on va korrupsiya aralashmasagina, davlat kuchli bo‘ladi. Masalan, men ishlagan servisda xizmatimga yarasha pul to‘lashmagan. Ular meni rasman ishga olishmagan. Soliqdan qochishgan. Bu yerda yolg‘on aralashdi, to‘g‘rimi?

Har bir odamning mehnatini qadrlashsagina, davlat kuchli bo‘ladi. Yolg‘on, korrupsiya, tanish-bilishchilik aralashadigan bo‘lsa, qiyin. Haqiqatgo‘y bo‘lish kerak. Oddiy odam ekan, deb yerga urmaslik kerak. U ham vaqti kelib vatani uchun qandaydir naf keltiradigan inson bo‘lib yetishishi mumkin.

«Ish beruvchi xodimlarining haq-huquqini suiiste’mol qilmasligi kerak»
– Bizda ayrim tadbirkorlarimiz bor. Ishchi o‘rni yaratishadi-yu, talabni juda katta qo‘yishadi. Qilgan ishingga qarab pul beramiz deb, bir kun ham dam bermasdan ertalabdan kechgacha ishlatishadi. Hatto ayollarimizni ham. Ayol kishi oilasiga, ro‘zg‘orga qaraydi, shunga qaramay ularni ertalabdan kechgacha, kechki soat 21-22largacha ishlatishadi.

Bir kun beso‘roq ishdan qolsa, 50 minglab shtraf qiladi. Singlim katta korxonaga tikuvchi bo‘lib ishga kirgandi, bir oyda ishdan bo‘shashga majbur bo‘ldi. Bunday ishchi o‘rni yaratgandan yaratmagan yaxshi.

Ish beruvchi odamlarni hurmat qilib, haq-huquqini suiiste’mol qilmasdan ish berishi kerak. Ayrim tadbirkorlar ish joyi yaratib berdim, deb, xuddi fuqaroning ustidan kulgandek munosabatda bo‘lishadi.

Rahmatillo Isroilov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Farzandlarim mehnat muhojiri bo‘lishini xohlamayman» – Moskvada telefon tuzatuvchi vatandosh