19:16 / 27.02.2020
6 302

Koronavirus 48 davlatga tarqaldi: Makka ziyoratchilar uchun yopilgan, Italiyada virus avj olmoqda

Koronavirus 48 davlatga tarqaldi: Makka ziyoratchilar uchun yopilgan, Italiyada virus avj olmoqda
Foto: BBC.com
Koronavirus keltirib chiqargan Covid-19 epidemiyasi Xitoy tashqarisida tarqalishda davom etmoqda. 27 fevral holatiga ko‘ra, virus Xitoydan tashqari yana 47 mamlakatga yetib borgan, kasallanishning kamida 82164 holati mavjud, ularning aksariyati Xitoyning materikdagi qismida qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus boshqa mamlakatlarda XXRdagiga qaraganda tezroq tarqala boshlaganini ma’lum qilgan.

Italiyada yangi Covid-19 koronavirusini yuqtirganlar soni so‘nggi kunda uchdan bir qismiga ko‘paydi va hozirgi vaqtda virusdan zararlanganlar soni 453 kishini tashkil etmoqda. Saudiya Arabistoni ehtiyotkorlik choralari doirasida ziyoratchilarning Makkaga kirishini to‘xtatdi.

Virus butun dunyo bo‘ylab 2804 kishi hayotiga zomin bo‘ldi, 32872 kishi virusdan kasallangach, sog‘aygan.

Italiyada nimalar bo‘lmoqda va ayb kasalxonalardami?
Aksariyat kasallanish holatlari Italiyaning shimoliy sanoat mintaqalarida, jumladan markazi Milan bo‘lgan Lombardiyada kuzatilmoqda. Aniqlangan holatlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Venetsiya va uning atrofidagi tumanlar joylashgan. Bemorlar soni so‘nggi kun davomida uchdan bir qismga ko‘paydi: seshanba kuni kechqurun virusning 323 tashuvchisi, 12 o‘lim va 3 tuzalish holati e’lon qilingandi.

Endi Milanda tibbiy niqob taqqan odamlarni uchratish noyob hodisa emas / GETTY IMAGES
Hukumat vakillari kasallik tarqalishining oldini olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganliklarini aytishmoqda. Mamlakat bo‘ylab barcha maktablar, universitetlar va kinoteatrlar yopilmoqda va ommaviy tadbirlar bekor qilingan.

Umumiy aholisi 55 ming kishidan iborat bo‘lgan bir necha shahar karantin uchun yopilgan. Ko‘pchilik koronavirus tarqalishi Italiya iqtisodiyotida pasayishga olib kelishi mumkin degan xavotirda.

Italiya prokuraturasi Lombardiya kasalxonalarini taftish qilishni boshladi. Avvalroq OAVda shifoxonalardan biri «superyuqtiruvchi»ga aylangan bemorni (virusni boshqalarga qaraganda ko‘proq odamlarga yuqtiradigan bemorlar) ko‘rikdan o‘tkazgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Shundan so‘ng bosh vazir Juzeppe Konte shifoxonalardan birining xodimlarini beparvolikda ayblab, tanqid qildi. Bu qaysi shifoxonaligiga aniqlik kiritilmadi.

Lombardiyaning Kodono shahridagi 150dan ortiq infeksiya holati matbuotda Mattia deb atalayotgan 38 yoshli erkak bilan bog‘lanmoqda. U Kodonodagi kasalxonaga yotqizilgan, ammo bungacha u virusni homilador rafiqasi, do‘sti, barga tashrif buyurgan uch nafar keksa mehmonga yuqtirgan, shuningdek yarim-marafonda yugurgan, futbol o‘ynagan.

Rasmiy talqinga ko‘ra, Mattiaga virus qandaydir xitoylik kema egasidan yuqqan. Rasmiylar boshqa tafsilotlarni oshkor etishmagan.

Boshqa holatlar
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir kun ichida Braziliya, Pokiston, Shvetsiya, Norvegiya, Gretsiya, Ruminiya, Jazoir, Daniya va Gruziyada virusdan zararlanishning ilk holatlari tasdiqlandi. Endilikda koronavirus Antarktidadan tashqari barcha qit’alarga tarqalgan.

Janubiy Koreyada infeksiyalanishning 334ta yangi holati qayd etildi va zararlanganlar soni 1595 kishiga yetdi, 13 kishi halok bo‘lgan. Xitoydan tashqaridagi eng ko‘p kasal aynan shu mamlakatda aniqlangan. AQSH va Janubiy Koreya qo‘shma harbiy mashqlarni noma’lum muddatga qoldirdi.
Saudiya Arabistoni chet ellik ziyoratchilarning muqaddas Makka va Madina shaharlariga kirishini ehtiyotkorlik yuzasidan to‘xtatmoqda. Saudiya Tashqi ishlar vazirligi, virus tahdidi kuchaygan davlatlardan keluvchi sayyohlarning mamlakatga kirishi ham vaqtincha to‘xtatilishini bildirdi.
Iroqda ommaviy tadbirlar taqiqlangan va maktablar, universitetlar hamda dam olish maskanlari yopilgan. Kasallik holatlari aniqlangandan keyin Kuvayt va Bahrayn ham xuddi shunday choralar joriy etdi.
Xitoyda chorshanba kuni koronavirusdan yana 29ta o‘lim holati qayd etildi — bu yanvar oyi oxiridan boshlab kuzatilgan eng kam qurbon sonidir. Bir kun avval 52ta o‘lim haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, 26 fevral kuni Xitoy hududida yana 433 kishida virus aniqlangan va mamlakat bo‘ylab virusdan zararlanganlarning jami soni 78 mingdan oshib ketgan.
Angliyada virusning yana ikki holati tasdiqlandi — Britaniyada jami 15 nafar bemor.
Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe payshanba kuni hukumat bahorgi ta’tillar yakuniga qadar, ya’ni mart oyi oxirigacha barcha o‘rta va boshlang‘ich maktablarni yopish taklifini bergani haqida ma’lum qildi.
Estoniyada payshanba kuni koronavirusdan zararlanishning ilk holati tasdiqlandi. Bu Turkiya orqali uchib kelgan Eron fuqarosidir.
Koronavirus infeksiyasining tarqalishi dunyoning boshqa qismlarida ham davom etmoqda.

«Vahimaga o‘rin yo‘q»
Yevropa komissiyasi a’zosi Stella Kirakides Italiya Sog‘liqni saqlash vaziri bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlarga shunday dedi: «Vaziyat tashvish uyg‘otmoqda, ammo vahima qo‘zg‘ashimiz kerak emas. Bu virus haqida juda ko‘p narsa noma’lum, xususan, uning qanday paydo bo‘lgani va qanday tarqalayotgani».

Fransiya va Germaniya hukumatlari chorshanba kuni virus bilan bog‘liq vaziyatni inqiroz va epidemiya sifatida baholashdi.
«Biz inqiroz arafasida turibmiz. Epidemiya yaqinlashmoqda», - degan Parijdagi Pti-Salpetriyer shifoxonasiga kelgan fransuzlar prezidenti Emmanuel Makron.

Germaniyada epidemiya boshlangani haqida avvalroq mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan chegaradosh davlat - Italiya sog‘liqni saqlash vaziri bilan uchrashuvda aytib o‘tgandi.

«Koronavirus Yevropaga yetib kelgan. Biz shunday holatga tushib qoldikki, har bir zararlanish holatini kuzata olmaymiz va bu holatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy bilan bog‘lay olmaymiz», - degan u.

Germaniyada virusdan zararlanganlar soni 30 nafarga yaqinlashgan.

Gretsiya - virusdan zararlanish holati qayd etilgan mamlakatlar qatorida / REUTERS
Yevropada ahvol qanday?
So‘nggi ikki kun ichida virus Avstriya, Xorvatiya, Gretsiya, Norvegiya, Shveysariya va Shimoliy Makedoniyada aniqlandi. Holatlarning aksarida Italiyaga tashrif buyurgan odamlar virus yuqtirgan.

Koronavirus tufayli kechalari Milan markazi bo‘shab qolmoqda, odatda bu yerlarda tungi hayot gullab-yashnagan / EPA
Gruziyada bir nafar bemor davolanmoqda — mamlakat rasmiylariga ko‘ra, u kasallik tarqalishining yana bir o‘chog‘i Erondan seshanba kuni vataniga qaytgan Gruziya fuqarosidir.

Yangi holatlar haqida Ispaniya, Fransiya va Germaniya ham xabar qilmoqda. Irlandiya Olti millat kubogi doirasida Dublinda o‘tkaziladigan Italiya regbi terma jamoasining o‘yinini keyinga qoldirdi.

Eron va Saudiya Arabistonidagi vaziyat
Yevropadan tashqarida kasallanishning yangi holatlari Jazoir, Braziliya va Pokistonda qayd etildi. Janubiy Amerikadagi ilk braziliyalik bemor Erondan qaytgan.

Iroqdagi shialar uchun muqaddas shaharlardan biri Najafda qo‘shimcha ehtiyot choralari ko‘rilgan / AFP
Shu bilan birga, Eron rasmiylari hozircha shaharlarga karantin joriy etishni rejalashtirmayotganliklarini aytishdi. Ushbu mamlakatdagi bemorlar soni allaqachon 139 nafarga yetgan — mintaqadagi barcha davlatlarga qaraganda ko‘p.

Eronliklar kasallanish avj olayotgan Qum shahriga bormaslikka chaqirilmoqda. Ammo u yerda joylashgan shia qadamjolariga har yili millionlab ziyoratchilar tashrif buyuradi.

Saudiya Arabistoni Makka va Madinaga Umra amalini bajarish uchun keluvchilarga viza berishni to‘xtatdi. Bundan tashqari, Saudiyaning «vakolatli sog‘liqni saqlash organlari tasnifiga muvofiq koronavirus tarqalishi aniqlangan» mamlakatlardan kelayotgan sayyohlarning podshohlikka kirishiga vaqtincha taqiq qo‘yilgan.

Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi kurash doirasida boshqa mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar, ayniqsa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ko‘rayotgan choralarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

AQSHda koronavirus ilk marta mamlakat hududidan tashqariga chiqmagan fuqaroda aniqlangan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u kasallanganlar bilan ham aloqada bo‘lmagan. Amerika hukumati bu holat haqida AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatda virus tarqalishi oldini olish uchun o‘rnatiladigan cheklovlar haqida ma’lum qilgach e’lon qildi.

AQSHda so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, virus yuqtirgan 60 nafar bemor davolanmoqda.
Donald Tramp chorshanba kungi matbuot anjumanida vitse-prezident Mayk Pensga kasallikka qarshi kurashni muvofiqlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytdi.

Tramp AQSH hukumati virus bilan kurashishiga va AQSH fuqarolari uchun xavf pastligicha qolishiga ishonch bildirdi. «Biz bunga mutlaqo tayyormiz», — degan Tramp.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus 48 davlatga tarqaldi: Makka ziyoratchilar uchun yopilgan, Italiyada virus avj olmoqda