08:58 / 21.06.2018
5 546

Toshkent shahar hokimiyati tadbirkorlar bilan «misli ko‘rilmagan» munosabatlar o‘rnatmoqchi (foto)

Toshkent shahar hokimiyati tadbirkorlar bilan «misli ko‘rilmagan» munosabatlar o‘rnatmoqchi (foto)
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev dushanba kuni tadbirkorlar uchun o‘tkazilgan «Top-500» forumida bir qator istiqbolli g‘oyalarni taklif etdi va biznes vakillarini ochiq hamda shaffof hamkorlikka chaqirdi.

«Top-500» forumining maqsadi Toshkentni Markaziy Osiyoning biznes poytaxtiga aylantirish yo‘lida tadbirkorlar bilan hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishdir.

«Biz katta va og‘ir karvonda ketyapmiz. Yo‘l qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz uni bosib o‘tishimiz zarur. Men tadbirkorlar ushbu karvonga qo‘shilishlarini xohlayman», — dedi shahar hokimi.

«Biz tadbirkorlar va hokimiyat o‘rtasida O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan yaqin munosabatlar o‘rnatish istagidamiz va buning uchun sharoit yaratmoqchimiz», — dedi Ortiqxo‘jayev.

Hokim vazifasini bajaruvchi Toshkent shahar hokimiyati nufuziga salbiy ta’sir qilayotgan muammolarni sanab o‘tdi: shaharning bosh rejasi yo‘qligi, o‘rta va uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi, qurilish ishlaridagi tartibsizlik, investorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish, shaxsiy mulkni himoya qilish bilan bog‘liq og‘ir vaziyat.

«Shaharning rivojlanishida tumanlar o‘rtasida tafovut yuzaga kelgan. Sifatli xizmatlarning katta qismi markazda joylashgan. Biz har bir tumanni rivojlantirishimiz kerak», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

«Yer uchastkalarini taqsimlash va davlat xaridlarini amalga oshirishda o‘tkaziladigan davlat tenderlarining mexanizmida shaffoflik yo‘q. Shahar boshqaruvi samaradorlikning pastligi, muloqotning yetishmasligi, rejalarning muntazam o‘zgaruvchanligi, davlat xizmatlari sifatining yomonligi, jahon tajribasini o‘rganishning yetishmasligi — bularning barchasi shahar raqobatbardoshligiga ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat xizmatlarining katta qismini autsorsingga yoki xususiy sektorga berish haqida fikr bildirdi. «Masalan, hokimiyatning qurilish ishlari, infratuzilmani rivojlantirish, bozorlarni, avtoturargohlarni, bolalar bog‘chalarini, poliklinikalarni boshqarish, chiqindilarni qayta ishlash va hokazo», — dedi shahar hokim.

Poytaxt ma’muriyati boshlig‘i katta bozorlarni shahar tashqarisiga chiqarishni taklif etdi va tadbirkorlarni bu yo‘nalishda hamkorlikka taklif qildi.
«Sergeli avtomobil bozorini Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga qo‘chirmoqchimiz. Agar qaysidir tadbirkor buni moliyalashtirishni istasa, Chinozdan yer ajratishga tayyormiz. Shuningdek, „Bek-to‘pi“ va „O‘rikzor“ bozorlarini ham ko‘chiramiz. Yer ajratamiz, pul tiking va ishlang», — dedi Ortiqxo‘jayev.

Hokimiyat huzuridagi jamoatchilik kengashi rahbari Hikmat Abdurahmonov, shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev, poytaxt prokurori Sherzod Obloqulov va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbari Rustam Jo‘rayev.

Aniq loyiha sifatida hokim tadbirkorlarga Chimyon (Toshkent viloyati)dagi sog‘lomlashtirish markazlarini taklif qildi.
Hokimiyat o‘z hisobidan yo‘llarni rekonstruksiya qiladigan tadbirkorlarga kerakli mablag‘ni bosqichma-bosqich to‘lab borishni yo‘lga qo‘yadi, deya fikrini davom ettirdi u.

Shahar hokimi shuningdek oyning va yilning eng yaxshi hokimi, ichki ishlar organlarining eng yaxshi xodimi va eng yaxshi prokuror tanlovlarini o‘tkazishni taklif qildi.

«Bu men taklif qilmoqchi bo‘lganlarimning o‘ndan bir qismi xolos. Kimda-kim hokimiyat bilan ochiq va shaffof ishlamoqchi bo‘lsa, marhamat. O‘ylaymanki, ilgari bunaqa imkoniyat bo‘lmagan», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Toshkent shahar hokimiyati tadbirkorlar bilan «misli ko‘rilmagan» munosabatlar o‘rnatmoqchi (foto)