22:41 / 08.10.2016
9 214

Oppoq bulutlar uzra sargardon (Hayotiy,ibratli hikoya)

Oppoq bulutlar uzra sargardon (Hayotiy,ibratli hikoya)

…Boshi aylanib, quloqlari bitib qoldi. U xotinining bir-biriga yopishib-ajralayotg an lablarini ko‘rardi, xolos. Bir muddatdan keyin ko‘zlari tinib, oyog‘i ostidan er uzilganday bo‘ldi. Keyin ruhi biroz osoyish topdi. U go‘yoki tush ko‘rayotgan edi. Oppoq bulutlar ustida uchib yurganmish. Qanotlari ham oppoq emish. Peshvoziga bir qiz chiqibdi. U ham boshdan-oyoq oppoq kiyinganmish. U qizga etay-etay deganda uni yo‘qotib qo‘yarmish. So‘ng yana olislarga ucharmish, bir zum ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan qizning ortidan orom izlab ucharmish…

– …Eringiz infarktni boshdan o‘tkazganlar. Ularga imkoni boricha tinchlik, osoyishtalik kerak. Ortiqcha hayajonlanish, siqilishdan saqlanishlari lozim. Shuningdek, endi spirtli ichimliklardan ham tamoman tiyilsinlar, – hushi o‘ziga kelganida, nim ochiq eshikdan ayol kishining muloyim tovushi elas-elas qulog‘iga chalindi. Bir muddat kimligini, qayerdaligini bilmay esankirab qoldi. So‘ng boyagi muloyim ovoz endi bosh ustida yangradi:

– Tuzukmisiz?.. Ko‘zingizni ochganingizdan xursandman. Ortda qolgani rost bo‘lsin… – u xira ko‘zlarini bazo‘r ochib, ruhini allalagan ovoz kelayotgan tomonga qaradi. Qaradiyu… yuragi orziqib ketdi. O‘sha tanish ovoz, tanish chehra va tanish… ko‘zlar… Ammo tanish nigoh unga ortiqcha iltifot ko‘rsatmadi. Aksincha – loqaydgina, ammo xayrixohlik bilan, beparvogina, lekin hamdardlik bilan shifo tilab, xonani tark etdi. U hozirgina tushida ko‘rgan hurliqoni to‘xtatishga urinar, bor ovozi bilan undan yonida qolishini o‘tinib so‘ramoqchi bo‘lar, ammo ming tirishmasin, ko‘nglidagi tug‘yon bo‘g‘zidan nari chiqolmadi. So‘ng yana bemajol, bemador yostiqqa cho‘kdi. Yana qattiq uxlab qolishni, tushida o‘sha barqut bulutlar ustida uchishni, yana o‘sha sohir tovush sohibasiga yo‘liqishni va u bilan olis-olislarga uchib ketishni istardi. U ko‘zlarini yumib-yummay yana tush ko‘ra boshladi. Tushida ayni navqiron yigit yoshida ekan. Allaqanday shaharda yurganmish. Odamlarga teskari yurib borarmish, yonida o‘sha oppoq kiyimli, yuzlari oydin, ko‘zlariga g‘am cho‘kkan, kipriklarida yosh qotib qolgan chiroyli qiz emish. Bir payt qizning momiq qo‘lchalaridan tutib olgan qo‘llari bo‘shab, havoda muallaq osilib qolibdi. U jon holatda o‘zini o‘nglab qizni izlamoqchi bo‘larmish-u, tosh qotgan joyidan hech jila olmasmish…

Ular balog‘atning nurafshon lahzalarida, talabalikning en g unutilmas, oltin damlari bo‘lgan paxta-yig‘im terimida tanishishgandi. U kursdosh yigitlarning barchasi Tibbiyot institutida o‘qiydigan, sochlari shaloladek, shirmoydek qirmizi yuziga yarashiqli qora xoli bor, kipriklari uzun qizga shaydo bo‘lib yurganidan xabardor edi. Pachaqqina, ko‘rimsiz, boz ustiga otasizlikda o‘sgan yigitning unday pariruxsorlarga hushi ham, ishi ham yo‘q edi. Inchunin, u o‘zini o‘sha ta’rifi dunyolarni tutga hurliqoga munosib bilmasdi ham. Ammo…

Etimlikda ko‘p mashaqqatu mehnat ichida ulg‘aygan yigit, kuzning izg‘irin yomg‘iri ostida paxta tergan kuni isitmalab yotib qoldi. Pedagogika institutining to‘rtinchi bosqich talabalari va tibbiyot institutining ikkinchi kurs talabalari bir jamoa xo‘jaligining shiyponiyu kichkinagina klubini egallashgan edi. Qishloq do‘xtirlari yoppasiga boshqa tumanga paxtaga olib ketilgani uchun, unga jillaqursa hamshiralikni eplaydigan tibbiyot institutining talabasi – o‘sha shaydolari sochidan ko‘p sanamni ro‘para qilishdi. Hurkak, mag‘rur, go‘zal, ammo nihoyatda sodda, samimiy suluv bilan tanishuvi o‘shandan boshlangandi. Keyin ko‘pning orzusi bo‘lgan o‘sha malak uning sevgilisiga aylandi. Tunda oy nurlari ostida shirin suhbatlar, anhor bo‘ylarida so‘zsiz termulishlar… So‘ng esa… So‘ng jilovlanmangan ehtiros… Aqlni dog‘da qoldirgan hissiyot… Keyin esa…

– …Endi nima qilamiz?.. – dardchil ohangda so‘radi qiz. – Nega bunday bo‘ldi o‘zi?.. Qayg‘ularimning cheku chegarasi yo‘q…

U esa indamay turaverdi. Qattiq qarshilik qilmagani uchun, ehtiroslarga tez berilgani, o‘zini o‘nglolmay qolgani uchun qizdan nafratlandi. Boshini kaftlari orasiga olib o‘tirganida qiz, mahzun jilmayish bilan:

– Buncha cho‘kib qolyapsiz? Ko‘p kuyinmang, nari borsa to‘y qilamiz-da, – dedi. Uning shundoq ham lovillab turgan g‘azabi battarroq avjga chiqdi:

– Tushunmadim, qanaqa to‘y?! Kimga to‘y?! Men senga qanday uylanaman?! Meni bir ko‘z bilan, ne-ne umidlarda boqqan onamga nima deyman? O‘zini asrab bilmay bir kechada ixtiyorini topshirib qo‘ygan qizga uylanaman, deymanmi?! Ko‘zimdan yo‘qol!

Qiz indamadi. Uzun sochlarini tang‘ib qo‘ygan durrachasiga ko‘z yoshlarini arta-arta, uchrashuv joyini tark etdi. Shundan keyin u qizdan o‘zini olib qochib yurdi. Qiz ham uni boshqa bezovta qilmadi. Shu ketgan bo‘yi qorasini ham ko‘rsatmadi.

Yigit o‘qishni tamomlab, yurtiga qaytdi. Onasi ko‘z ostiga olib qo‘ygan, oilasiga ko‘p yordami tekkan rais tog‘asining qiziga uylandi. Xotinining qop-qora, yo‘g‘on gavdasini quchganida, durkun, oppoq tanada qolgan qo‘l izlari uni ta’qib qilardi. Yonidagi ayolning qisiq, ko‘rimsiz ko‘zlariga hissiz tikilganida, meh r bilan yonib turadigan maftun kor ko‘zlardagi nadomat uni qarg‘ardi. U esa parvo qilmay yashayverdi. Go‘yoki yuraksiz edi. Me’dasidan sal teparoqda junbushga kelayotgan tuyg‘ulari, muhabbatini engishga urinar, tunlari vijdon so‘rog‘iga javob topolmay uyqusizlikdan to‘lg‘onib chiqardi. Balki yurgagiga o‘rnashgan og‘riq aslida vijdon azobidir? Negaki, u bugun rasmiy ravishda yurak xastaligi bilan kasalxonaga tushgan bo‘lsa-da, bir necha yildan beri chap ko‘ksida dard simillayotganini o‘zi his qilib turardi. Birinchi marta bu og‘riqni, xotinidan otasi qurib bergan uy borasidagi ta’nani eshitganida sezgandi.

– «Singlimning o‘g‘li, jigarim», deb, dadam meni xo‘p kuydirdi. Yana ikki gapning birida o‘qimishli, deyishi-chi! O‘rgil dim sizdaqa o‘qimishlidan, kitob qo‘ltiqlab, kaltak ko‘tarib yurasiz, cho‘ntagingiz qachon qaramay qup-quruq! Men etim qaynilarni boqish uchun erga tekkanman-da!

Keyinchalik bu dashnomlar tez-tez jaranglaydigan, har bir jarangi uning ko‘ngliga adoqsiz dard, alam va o‘kinch to‘ldiradigan bo‘ldi. U o‘tmishdagi kechmishi hisobini beryapman, deb o‘ylardi. Hatto bir necha bor, garchi kechikkan bo‘lsa-da, hayotini izga solishni, shang‘i xotin bilan ajrashib, bu yurtlardan bosh olib ketishni, o‘sha hayotidagi yagona muhabbati, yanglish qadami, ko‘ngil xatosini izlab topishni, uning poyida xoru xas bo‘lib yolvorishni, kechirim so‘rab o‘tinishni, agar u izn bersa, kech bo‘lsa-da xatosini isloh qilishni – unga uylanishni ham mo‘ljal qildi, ammo… Ojiz va sust irodasi unga har gal pand berar, qolaversa, u ichkilikka berilib, diyonatdan tobora uzoqlashayotgandi. Birin-ketin tug‘ilib ulg‘ayayotgan qizu o‘g‘illariga qarab, bir paytlari o‘zi qilgan gunohini takror va takror eslardi.

To‘ng‘ich qizi bir oyog‘i kalta tug‘ildi. Mana o‘n beshga to‘libdiki, har kuni eshikdan ko‘z yoshini selob oqizib kirib keladi: «Ertaga maktabga bormayman, o‘g‘il bolalar kalaka qilishadi, maymoq, cho‘loq, deb haqorat qilishadi, qizlar men bilan dugona bo‘lishni istamaydi, endi ko‘chaga chiqmayman…» Ikkinchisi o‘g‘il, harna to‘rt muchasi sog‘lom… deb o‘ylashgan ekan. Chaqaloq sal bundayroq bo‘lgan edi, shifokorlar unda tutqanoq xastaligi alomatlari sezilayotganini aytishdi. Shundan beri bola sho‘rlikning umri kasalxonada o‘tyapti. Bor umidi uchinchi farzandidan edi… Do‘mboqqina, shiringina bolakay ulg‘aygani sari uning kemtik ko‘ngli to‘lganday bo‘lar, hech bo‘lmaganda bittagina o‘g‘lining sog‘lom ekanidan, farzandim bor, deb elga ko‘rsatgulik sababi borligidan taskin topardi. Biroq… bolakay katta bo‘lib, maktab yoshiga etganida ko‘rikdan o‘tkazgan shifokor, go‘dakning ko‘z nurlarida muammo borligini aytdi. So‘ng u borini sarflab, topganini xarjlab shu shirin o‘g‘lini davolatmoqchi bo‘ldi. Davolatdi ham… ammo bolasining tobora pastlab borayotgan ko‘z nuri to‘rt yildan keyin tamoman xiralashib, sho‘rlik bolakay kimningdir etovisiz bir qadam ham tashlay olmaydigan bo‘lib qoldi.

Xotini otasiga, «Meni qarindoshga berdingiz, na bolalarim sog‘lom, na baxtim bor, na davlatim», deb yozg‘irsa, u ichida armon qiladi: «Qarindoshlarning turmush qurgani kammi?! Qarindoshlik deyilsa, bittasi bo‘lar, ikkitasi bo‘lar, uchovi ham dard ustiga chipqon bo‘lmaydi-ku! Yo‘q, mening to‘rt muchasi sog‘lom, onasiga o‘xshagan go‘zal farzandim bor. Ammo qayerda u? Kim bilan u? Kimni dada, deb bag‘riga otiladi? O‘g‘ilmi u yo qizaloq? Kimning yarim ko‘nglini to‘ldiryapti? Yo valadi zino, deb boyaqish bolamni nari itarishadimi? Begona odam uni o‘z farzandidek ko‘rolmay, bolam otasi bag‘riga bosh qo‘yishni armon qilib yashayaptimi? Qaerda u? Qaylarda u?..» Hasrati ham, o‘kinchu iztirobi ham ichida edi. Dardlaridan bir Xudo, bir yuragi boxabar edi. Yuragi-ku, uni kechirolmay bedavo dardga mubtalo etib qo‘ydi, Xudo-chi, u kechirarmikan? U Yaratgandan astoydil uzr so‘rab tavallo qilish o‘rniga, u harom qilgan «shayton suvi»ni ma’qul ko‘rdi. Allohga yuzlanib, tavfiq, yorlaqash o‘tinish o‘rniga, vaqtinchalik shayton oromini tanladi. Ertaga Uning dargohiga borganida, bu qaro yuzlarini qayga yashirar ekan?!.. U-chi, u bu nomardni, bir begunohning hayotini barbod qilgan, ko‘nglini sindirgan notavonni kechirarmikan?.. Kechirarmikan?..

* * *

– Ertaga men tushgacha ishga kelolmayman. Bosh shifokorning xabari bor, agar bemorga muolaja zarurati paydo bo‘lsa, darhol Azamat Shokirovichni chaqirasizlar. Agar bundayroq tadbir bo‘lganida-ku, bormay qo‘ya qolardim, lekin ilojim yo‘q, ertaga Yodgoraxonning kollejida ota-onalar yig‘ilishi bo‘larkan. Xudo xohlasa, yig‘ilish tugagan zahoti qaytaman, – u o‘sha sohir tovushdan cho‘chib uyg‘ondi. Uyg‘ondiyu ilkis qulog‘iga «Yodgora» degan ism urildi. Qulog‘ida jaranglagan ism, yuragida aks-sado berdi: «Yodgora?! Nega endi Yodgora?! U mening qizim bo‘lishi kerak… Mening… bir paytlari tan olmagan, tashlab ketgan, hozir bo‘y etib qolgan qizim… U sog‘lommikan?..»

– Opa qizlarini juda yaxshi ko‘radilar-da. Uni deb, o‘gay ota qizlarini xor qilmasligi uchun yolg‘iz o‘tib ketyaptilar, – hamshira pichirlagan ko‘yi yonidagi navbatchi davolovchi shifokorga qaradi.

– Sobiq erlari haqida hech gap ochmaydilar, nega ajrashishgan ekan-a, shundoq suluv, oqila, muloyim xotinning qadrini bilmagan qanday noshukur ekan?!..

Boshida o‘tirgan shifokor bilan hamshira doktor opaning «er»ini rosa po‘stagini qoqishdi. Bu suhbatdan anglagani shu bo‘ldiki, uning qizi o‘zining pushtikamari bo‘lib, o‘zi tanholikda umr o‘tkazayotgan ekan. «Hammasiga men aybdorman, men. Har ne qarg‘ishingiz bo‘lsa, menga yog‘diring, la’natlar ayting, men shunday ayolni baxtiqaro qildim…» degan so‘zlarni tiliga ko‘chirolmay, xayolida hayqirgancha ko‘zlarini yumgan edi, yana chap ko‘ksida ayovsiz og‘riq uyg‘ondi. Bu gal u hushidan ketmadi, balki ko‘nglining tub-tubida shukronalik hissi uyg‘ondi. Demak, uning farzandi bor. Sog‘lom, onasiga o‘xshagan go‘zal, aqlli. U albatta baxtli bo‘ladi. Onasi uchun ham, baxtli bo‘ladi…

Uning jismi og‘riqdan osoyish topdi. Barqut bulutlar aro uchishga shaylandi. Va ko‘rinmas qanot bilan ucha boshladi… Endi u yolg‘iz edi… Samo uzra uchayotgan ruhi jigarbandini izlab, chor-atrofda zor aylanardi…

Ruxshona FARRUX.

Manba: Diydoraziz.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oppoq bulutlar uzra sargardon (Hayotiy,ibratli hikoya)