13:01 / 26.10.2016
11 118

Bolani qo‘rqitmang, asorati yomon!

Bolani qo‘rqitmang, asorati yomon!

Kichkintoyingiz qaysarlik qilganida uni albatta so‘zingizga kirishga majburlaysiz. Bunda ko‘pincha qo‘rqitish usulini tanlaysiz. Masalan? u «dori ichmayman» deb xarxasha boshlasa, darrov «do‘xtirni chaqiraman, ukol qiladi», deysiz. Bola qo‘rqqanidan «zahardekkina» tabletkani shu zahotiyoq yutib yuboradi. Yoki uzun qish kechalarida bola hadeganda uxlayvermasa, «ajinalarga berib yuboraman» deya dag‘dag‘a qilasiz. Shu gapni eshitganidan keyin bolakay ko‘zlarini qattiq yumib oladi. Xullas, mana shu qo‘rquv hissi bola ruhiyatida saqlanib qoladi. Ulg‘ayganida dev-ajinalar haqida eshitsa, qo‘rqmaydi-yu, lekin vujudi seskangandek bo‘ladi. Demak, bolaligida his etgan qo‘rquv tuyg‘usidan «asorat» qolgan!

Qo‘rquv ifodasi

Ruhshunos olimlarning aniqlashicha, qo‘rquv bolada bir necha holatlar orqali ifodalanar ekan. Masalan:

agarafobiya — maydoncha yoki ko‘chada yurishdan qo‘rqish;
kaustrofobiya — eshikni berkitib, uyda o‘tirishdan qo‘rqish;
monofobiya — uzoq vaqt yolg‘iz qolishdan qo‘rqish;
nazofobiya — kasal bo‘lishdan qo‘rqish;
eyrotrofobiya — ko‘pchilik oldida uyalib qolishdan qo‘rqish.

Fobiyaning asoratlari

Go‘dakdagi qo‘rquv holati o‘z-o‘zidan jur’atsizlikni yuzaga keltiradi. Chunki bunda bolakayning irodasi susayib, o‘ziga nisbatan ishonchi yo‘qoladi. Shu holat bora-bora vahimachi bo‘lib qolishga olib keladi. Vahima esa anchagina xastaliklarni keltirib chiqarishini yaxshi bilamiz.

Aytaylik, bola qorong‘ulikdan qo‘rqadi. U qo‘rqqan paytda bosh miyasidagi qo‘rquvga nisbatan asab markazi boshqa asab markazlarini tormozlab, qorong‘ulikdan himoyalanishni yuzaga keltiradi. Kichkintoy qorong‘ulikka qaragani sari turli qo‘rqinchli sharpalar bosh miyasida aks etadi. Shunda u hadiksirab, qorong‘ulikka qarayveradi, asta-sekin vahimaga tushadi. Qarabsizki, bu ruhiy holat fiziologik o‘zgarishlarni vujudga keltiradi: yuragi gupillab tez uradi, ko‘z qorachiqlari kengayadi, qon bosimi pasayadi, rangi oqarib, sovuq ter bosadi. Ba’zan qattiq qo‘rquv ta’sirida bolada nutq faoliyati buzilishi, og‘iz qiyshayib qolishi kuzatilishi, yoki u hushdan ketishi ham mumkin.

Bola o‘spirinlik yoshiga etganda qorong‘ulikdan qo‘rqishi, atrof zim-ziyo bo‘lganda hadiksirashi ko‘pincha odat tusiga kiradi. Natijada bu hadik ortida bola o‘zining ko‘plab qobiliyatlarini boy beradi, hatto uning iqtidori yo‘qqa chiqadi.

Umuman, ayrim o‘smirlarning ko‘pchilik oldida so‘zlashdan uyalishi, hatto fikr va maqsadlarini birovga aytishdan iymanishi bolaligidagi qo‘rquvlar «asorati»dir. Bundaylar bora-bora odamovi bo‘lib qolishadi, kichikligida ko‘p qo‘rqitishgani bois o‘zlaridagi iqtidorni yuzaga chiqarolmay qiynaladi.

Duduqlansa, jazolamang!

Aksariyat hollarda bolalarda duduqlanish ularning 3 yoshida yoki maktabga tayyorgarlik oldidan paydo bo‘ladi. Olimlarning kuzatishicha, bu vaqtda qo‘rquv hissi kuchayib, bolaning asab tizimida zo‘riqishlar yuz beradi. Ayniqsa, ilk bor bog‘chaga borgan yoki 1-sinfga chiqqan bolalar qo‘rquv hissini har lahzada sezib turishadi. Shuning uchun ular yangi joyga moslasholmay qiynaladi. Bu esa bolalarda duduqlanishni keltirib chiqaradi.

Qo‘rquv tufayli duduqlanadigan bolalarni ota-ona battar siquvga olishadi. Hatto unga «to‘g‘ri gapir» deb qo‘l ko‘tarishi ham mumkin. Bu esa boladagi kasallikni yanada kuchaytiradi. Kattalar duduqlanadigan bolalarga qo‘pollik qilish, ularni jazolash va uyaltirishdan saqlanishlari kerak. Shundagina bola asta-sekinlik bilan to‘g‘ri gapirishga o‘rganadi. Agar bolaga etarlicha mehribonlik ko‘rsatilmasa, uni oiladagi kattalar huda-behuda qo‘rqitaversa, kichkintoyning ruhiyati shikastlanadi. Dahshatli filmlarni ko‘rish ham bola asab tizimi faoliyatini susaytirishi mumkin.

Irodali bo‘lsa, dard yuqmaydi

Doim qo‘rquv ostida yashagan bolaning fe’l-atvori yomon tomonga o‘zgaradi. Yomon xulq esa mizoj buzilishlariga ham olib keladi. Shunday ekan, bolani oiladagi nosog‘lom muhit va qaltis vaziyatlardan yiroq tutish zarur.

Farzandlari dovyurak va qo‘rqmas bo‘lib o‘sishlari uchun ota-ona qunt va chidam bilan harakat qilmog‘i kerak. Masalan, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bola irodasini chiniqtiradi. Buni hech bir ona unutmasligi lozim. Agar bolaning irodasi kuchli bo‘lsa, jismonan va ruhan sog‘lom holda voyaga etadi. Qo‘rquv hissi esa uni har jihatdan ojiz qilib qo‘yadi.

Xulosa

Farzandlarimizni qo‘rqitib yoki unga dag‘dag‘a qilib emas, yaxshi muomala va shirin so‘z bilan yo‘lga solishimiz kerak. Unutmaylikki, qo‘rqoq bola jur’atsiz bo‘lib, biror maqsad yo‘lida kurashishga o‘zida kuch topa olmaydi. Qo‘rquv hissi asoratlari keyinchalik bolaga aziyat etkazmasligi uchun uni salbiy voqea-hodisalardan asrab yashamog‘imiz shart.

Ruhshunos Zulxumor AZIZOVA tavsiyalari asosida

G.JAMILOVA tayyorladi

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bolani qo‘rqitmang, asorati yomon!