22:07 / 24.11.2016
24 322

Erkak kishi qachon ayolni qadrlaydi?

Erkak kishi qachon ayolni qadrlaydi?

Bilasiz, kishi halol mehnat qilib, zahmat cheksagina qandaydir yuksak mukofotlarga erisha oladi. Erkaklar bilan munosabatlarda ham xuddi shunday. Agar yigit kishi o‘zini ijobiy tomondan namoyon qilmas ekan, siz ham uni taqdirlamang. Mehr va g‘amxo‘rlik bilan siylayvermang. U o‘zining shunday munosabatga munosib ekanligini isbotlay olsa, bu boshqa gap. Albatta, bunga qadar siz unga hurmat bilan muomala qilishda davom etishingiz kerak. Lekin sinov muddati zarurligini yoddan chiqarmang. Zero, har kimning asl maqsadini anglashda sinov eng yaxshi vositadir, deyiladi Darakchi nashrida.

Muammolaringizga befarq emasmi?

Aytaylik, siz qandaydir muammoli vaziyatga duch keldingiz. Erkak kishi sizdan “Nima gap?”, “Ishlaringiz nima bo‘layapti?”, deb so‘rasa, bilingki, u loqayd emas. Unga muammoingiz nimadalagini aytdingiz, deylik. Agar erkak shunchaki “Mayli, ishlaringiz hal bo‘lganida qo‘ng‘iroq qilib qo‘ying”, desa hech ikkilanmay uni “yaxshi”lar ro‘yxatidan o‘chiring. Negaki, bunday paytda chinakam mard yigit hech bo‘lmasa jo‘yali bir maslahat bera olishi kerak. Masalan, siz unga telefon (kamera, noutbuk, kompyuter, mashina)ingiz buzilib qolganini aytdingiz. U darhol usta topishga, hech bo‘lmasa, o‘zi tuzatishga unnab ko‘rishi kerak. Erkak kishi o‘zi yoqtirgan ayolga yordam qo‘lini cho‘zishga doimo tayyor turadi. Aks holda unga ishonish noto‘g‘ri.

Tasavvur qiling, sizga begona bir yigit xiralik qilayapti. Bu haqda o‘zingiz yoqtirgan yigitga aytdingiz. U aybni sizga to‘nkab, munosabatlarga oydinlik kiritishga tushib ketsa, albatta, dilingiz og‘riydi. Agar u sizni tushunsa va haligi “xira” bilan o‘zi “gaplashib qo‘yish” fikrini bildirsa yoki undan qutulishning qandaydir boshqa chorasini maslahat bera olsa, bu boshqa gap. Esingizda bo‘lsin, hamma ham qachondir mushkul vaziyatga tushib turadi. Bu hayot. Agar siz tanlagan erkak ana shunday paytda sizni himoya qila olsa, vaziyatdan chiqishingiz uchun birgalashib chora izlasa, demak, u sizga befarq emas. Siz unga kerakli insonsiz.

Mushkul damda tirgak bo‘lsin

Xudo asrasin-u, biror yaqin kishingizdan ayrildingiz, deylik. Sizni qadrlaydigan erkak bunday damda darhol yordam qo‘lini uzatadi va taskin choralarini izlaydi. “Falonchim dunyodan ko‘z yumganida menga ham rosa qiyin bo‘lgan edi”, deb gapni o‘zi tomonga burmaydi. Haqiqiy erkak ayolni yig‘latib qo‘ymasligi kerak. U qiyin kunlarda yoningizda bo‘ladi. Ishsiz qolganingizda, o‘qishdan haydalganingizda, ishdan bo‘shatishganida — nima bo‘lishidan qat’i nazar, u sizga tirgak bo‘lishni istaydi. Hech bo‘lmaganda yaxshi gap bilan sizni qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday erkak mehr-muhabbatga loyiqdir.

Unutmang, yolg‘on kechirilmaydi!

Siz esa aziz ayollar, qizlar, erkaklarga o‘zingizni boshqacha ko‘rsatishga urinmang. Bu sizning oilaviy ahvolingiz, ijtimoiy kelib chiqishingiz va kasb-koringizga ham taalluqli. Agar kichkina bo‘lsa-da, siringiz fosh bo‘lsa, endigina qura boshlagan munosabatlaringiz poydevori qulaydi, munosib nomzodni boy berasiz. Hatto ismingizni boshqacha aytsangiz, keyinchalik rostini bilib qolgach, sizga nisbatan munosabati o‘zgaradigan odamlar ham bor. Zero, bu qilig‘ingiz sizga ishonib bo‘lmasligidan dalolatdir. Nimanidir darrov aytmaslik mumkin (masalan, tug‘ilgan kuningizda ota-onangiz sizga yangi mashina sovg‘a qilishganini, keyingi yil o‘qishingizni Singapurda davom ettirmoqchi ekanligingizni), lekin boshqa masalalarda yolg‘on aslo mumkin emas. Deylik, avval turmush qurganingizni, bolalaringiz borligini, yoshingiz undan kattaligini, ma’lumotingiz undan yuqoriroq yoki pastroq ekanligini, ota-onangiznikida yashashingiz... va hokazolar haqida erkak sizga astoydil qiziqayotganini sezishingiz bilan aytishingiz kerak. Siz bilan birgalikda umr kechirish istagidagi erkak bunday ma’lumotlarni o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib, xolisona tahlil qila oladi. Siz o‘z shartingiz, holatingiz, shart-sharoitingizni muloyim tarzda, yotig‘i bilan tushuntira bilsangiz, bas. Qabul qilish-qilmaslik — uning ishi.

Ham kuchli, ham ojiz ayol — mana, erkaklarning orzusi!

Avval ham aytgan edim, yana takrorlayman: erkaklar juda sodda bo‘lishadi. Siz esa o‘z ishining ustasisiz — kuni bilan ishlab uyga kelasiz, ayol, rafiqa va ona sifatida barcha vazifalaringizni uddalaysiz, oilaviy muammolarga echim izlaysiz... va hokazo. Xullas, siz bariga ulgurasiz. Biz, erkaklar esa bularni e’tirof etamiz va qadrlaymiz. Esingizda bo‘lsin, dunyoda bizni faqat bir narsa — sizning yoningizda bo‘lish istagi harakatga soladi. Buning uchun biz sizda yaxshi taassurot qoldirishga urinamiz. Barcha-barcha urinishlarimiz faqatgina shuning uchundir. Siz — bizni har tong uyg‘otishga qodir kuchsiz. Bizni ishlab, pul topishga undovchi, mashina, uy sotib olishga, orasta va po‘rim kiyinishga, soch-soqol tarashlashga, atir sepishga ham siz unnaysiz. Bir so‘z bilan aytganda, erishishimiz mumkin bo‘lgan eng yuksak mukofot — siz. Ba’zan sizni ranjitib, hayotda asosiysi, ayollar emas, degan bo‘lishimiz, muhabbatsiz ham yashash mumkinligini aytib, katta ketgan bo‘lishimiz mumkin. Lekin biz, har qachon va har erda siz, ayollarning bizlarga erkakka qaragandek munosabatda bo‘lishingizni, mehringiz bilan siylashingizni istaymiz. Sizga kerak ekanligimizni his etsak, deymiz. Yana ham aniqrog‘i, siz izn bersangizgina biz haqiqiy erkak bo‘la olamiz. Buning uchun siz AYoL, ham kuchli, ham ojiza bir ayol bo‘lishingiz kerak, xolos.

Mavluda TOShPO‘LATOVA

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkak kishi qachon ayolni qadrlaydi?