22:31 / 07.12.2016
15 338

«Seni tanlab adashdim, xotin…»

«Seni tanlab adashdim, xotin…»

Turmushning «to‘rt mushti»ga chidaganlar ham, chidamaganlar ham bor. Axir «guruch kurmaksiz bo‘lmaydi», deb bekorga aytishmagan-ku! Bugungi sahifamiz ishtirokchilari esa o‘zini turmush o‘rtoq tanlashda «kurmak»ka duch kelgan deb hisoblaydi. Xo‘sh, ularning muammosi nimada? Keling, yaxshisi, xulosani o‘zingiz bera qoling…


«MEN NOShUKRMANMI?»

Anvar, 32 yosh, Jizzax viloyati:

— Bu gaplarimni kimdir sabrsizlik, kimdir qanoatsizlik, der. Aslida men ham o‘zim yoqtirgan ayol bilan turmush qurganman. Lekin ko‘chada gaplashib yurgan dam bilan turmush boshqa-boshqa ekan. Men ayolim o‘zim istagandek bo‘lishini xohlayman: chaqqon, pazanda, doim o‘ziga qaragan… Nazarimda, boshida shunaqadek edi. Ayniqsa, to‘ydan oldin pardoz-andozlarni joyiga qo‘yardi. Kelin bo‘lgach, u bilan chiqisha olmay qolganmizda onam yonini olardi:

— Har bir kelin yangi uyga kelganida dovdiraydi. Bilmaganini o‘rganadi. Qaynona keliniga o‘z ro‘zg‘orini o‘rgatmasa nima qilib yuribdi! Men ham o‘rgataman. Xudo xohlasa, hammasi o‘rniga tushib ketadi.

Boshida rostdan ham bizning yashash tarzimizni yaxshi bilmagani uchun uddalay olmayapti, deb o‘yladim. Keyin homilador bo‘ldi. Onam yana koyishimga yo‘l bermadi:

— Hozir unga oson emas. Qarashish o‘rniga tergayverma…

Yana indamadim. Lekin biror marta ko‘nglimdagidek ovqat pishirgan emas. Hatto, uyimizga o‘rgangan, bemalol bo‘lgan davrida ham.

— Oyi, o‘zingiz ovqat qiling, — derdim shuning uchun doim.

Manti qilsa — xamiri qalin, chuchvara tugsa — ezilib ketadi, qaynatma sho‘rva pishirsa — no‘xati pishmaydimi-ey… Xullas, qilgan ovqatida albatta birorta kamchilik bor.

Ishonasizmi, besh yil onamlar bilan ro‘zg‘orimiz bitta bo‘ldi. Avvaliga singlim, uning to‘yi o‘tgach, onam qozonning yonidan jilmadi. Xotinim esa yaxshi ovqat pishirishni o‘rganay, erimning ko‘nglidan chiqay demadi. Mana endi bir yildirki, ro‘zg‘orimiz bo‘lak. Uy qurib, ko‘chib chiqdik. Shundan buyon biror marta mazali ovqat eganimni eslay olmayman. Har kuni mendan gap eshitadi. «Injiqsiz, noshukrsiz», deydi doim. Axir o‘z-o‘zidan gapirmasam kerak. Undan boshqa ayol bo‘lganida olti yil ichida pazanda bo‘lib ketishi kerak edi. Uning o‘rniga men bilan janjallashgani-janjallashgan. Nima qilishga hayronman. Bora-bora uydan bezib ketayotgandekman…

Maslahat: — Bu muxlisga og‘irroq bo‘lishni maslahat bergan bo‘lardim. Aslida oilaviy masalalarda har bir odam o‘zi xulosa qilishi va to‘g‘ri yo‘lni tanlay bilishi zarur. Oila bir qo‘rg‘on, har tomonlama uni himoya qilish, asrash erkakning vazifasi. Shunday ekan, ukamiz muammoni bosiqlik bilan hal qilishi lozim. Chunki u kishi ta’kidlagan vaziyat echimi yo‘q, qiyin masala emas. U ayoliga o‘zining istagini to‘g‘ri tushuntirishi kerak. Tushuntirish bilan tushuntirishning farqi bor. Baqir-chaqir qilib, urib-so‘kkani bilan ayolini o‘zgartira olmaydi. Uraversangiz, temir ham dag‘allashadi-da. Shuning uchun turmush o‘rtog‘ingizni yoningizga o‘tqazib, yaxshi kayfiyatda, vazminlik bilan gapirsangiz, uyaladi. Yaxshi bo‘lishga intiladi. Bu — eng yaxshi yo‘l.


«TILI ShIRIN, O‘ZI ESA…»

Mahmudbek, 36 yosh, Navoiy viloyati:

— Ayolimni hamma maqtaydi. Muomalasi, o‘zini tutishi rostdan ham havas qilgulik. Ota-onamning, qarindoshlarimning ko‘ngliga yo‘l topgan. Buning ustiga pazanda ham. Tili shirinligi uchun hamma bilan chiqishib ketaveradi. «Urishib qoldim» desam, onam meni koyiydi.

— Xotining yaxshi, hech kimning dilini og‘ritmaydi, — deydi!

Lekin har to‘kisda bir ayb, deganlaridek. Uning ham tuzalmas bir kamchiligi bor. Bu kamchilikni yo‘qotish uchun hamma narsa qilib ko‘rdim. Aytishga ham xijolat bo‘laman. Aybi — ozodalikka rioya qilmaydi. Ishdan charchab kelaman — uyga bosh suqib bo‘lmaydi. Bolalarning kiyimi, o‘yinchoqlari sochilgan, ertalabki dasturxon shu holicha turgan, oyoq kiyimlar ayqashib yotgan bo‘ladi. Kira solib asabim buzilganidan baqirib yuboraman:

— Qachon toza-ozoda bo‘ladi bu uy? Kirgim ham kelmaydi!

— Boshqasini topib olgandirsiz-da, shuning uchun kirgingiz kelmaydi, — deya og‘zimga «uradi» u.

Shu bilan indamay qolaman. Lekin sabr kosam to‘lib boryapti. Kiyimlarimni yuvishni tayinlamasam, o‘zi bilib yuvib qo‘ymaydi. Yuvsayam, dazmollanmay turaveradi. Ba’zan o‘zim dazmollab olaman. Ko‘rpa-to‘shakka-ku, qarab bo‘lmaydi. Bilaman, janjal, baqir-chaqirdan foyda yo‘q. Lekin hamma narsaning cheki-chegarasi bor-ku!

Maslahat: — Agar bilsangiz, Xudo hamma insonni bir xil yaratmaydi. Hammamizda ham kamchilik bor. Bu ukamiz kabi kuygan erkaklarni hayotda ko‘p uchratganman. Albatta, ularga qiyinligini his etganman. Chunki mehmonga borsak, ivirsigan uyga kirganimizda xijolat tortardi-da. Nazarimda, bu vaziyatda faqat ayol aybdor emas. Ozodalikni faqat ayol saqlaydi, degan qoidani qayerda ko‘rgansiz? Buning uchun biz — erkaklar ham mas’ulmiz. Masalan, men ayolim uyda yo‘q bo‘lgan chog‘ida uyni ozoda saqlashga harakat qilaman. Bu ayb emas. Ukamiz yosh bolali ekan, ayoli ulgurmayotgandir? Chunki bola-bola-da, bu yoqdan yig‘ishtirsangiz, u yoqdan socha boshlaydi. Ukamiz noligandan ko‘ra, o‘zi ham ro‘zg‘orni ozoda saqlashga ko‘maklashsa, olam guliston.


«JAG‘I TINMASA, NETAY?»

Kamol, 29 yosh, Namangan viloyati:

— Uylanganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Uch yildan endi oshdi. To‘ydan oldin o‘rtoqlarim, tanish-bilishlar hazillashib, «Eh, bekor qilyapsan-da», deyishganda kulib qo‘ygandim. Ishonasizmi, oxirgi paytda o‘zim ham «uylanib bekor qildimmikan», deyapman. Sababi, boshim g‘avg‘odan chiqmaydi. Ayolim hech kim bilan chiqisholmaydi. Ayniqsa, qizchamiz yurib, tili chiqa boshlaganidan keyin janjal ham ko‘paydi. Har kuni har xil kelishmovchilik. Bir kuni ovsini bilan bolaning o‘rtasiga tushib urishadi. Boshqa kuni qo‘shni bilan… Bu orada onam yoki otam ham quruq qolmaydi. Xullas, umuman tilini tiyolmaydi.

— Hamma urish-janjalsiz kun ko‘ryapti-ku! Sen nega tinch o‘tirolmaysan?

— Voy, bolamizni jerkib bersa jim qarab o‘tiraymi?

— Bola bitta senda bormi? Bola degani urishadi-yarashadi…

— Kattalar ham urib-siltasa nima qilay?

— Kim? Ota-onammi? Yaxshi bo‘lsin deyishadi. O‘z-o‘zidan urishmas…

— Siz ham ular tomon bo‘ling. Hamma yaxshi, bitta men yomon! Kun yo‘q menga bu erda! Doim kim yomon — men yomon!..

Shu bilan uning jag‘i yopilmaydi. Uyda tinch kuning o‘zi yo‘q. Yuragim bezillab qoldi. Nima qilay?

Maslahat: — Bu — jiddiy masala. Biroq muxlisning yutug‘i — yosh oila ekanligida. Hali hammasini izga solsa bo‘ladi. Ayol kishi hammaning, ayniqsa bolalarning oldida baqir-chaqir qilishi, eri bilan gap talashishi eng yomon illat. Chunki bola o‘zlashtiradi, qush uyasida ko‘rganini qiladi-da. Ukamiz aynan mana shuni ayoliga tushuntirishi lozim. Albatta, hammaning yonida emas. Alohida o‘tirib, turmush o‘rtog‘iga bu qiliqlari qizchasiga qanday ta’sir qilishini, u ham shunga o‘rgansa, ertaga kelajagi nima bo‘lishini tushuntirsin. Hech bir ona, menimcha, bolasi yomon bo‘lishni istamaydi. Ukamizning rafiqasi ham farzandini o‘ylab, bu qilig‘ini tashlaydi, degan umiddaman.

Nargiza Usanboyeva

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Seni tanlab adashdim, xotin…»