15:35 / 11.12.2016
14 919

Shohrux nomi shaxmat bilan bog‘liq…mi?

Shohrux nomi shaxmat bilan bog‘liq…mi?

Sohibqiron Amir Temur shatranj (shaxmat)ga shunchaki ermak yoki vaqtini xush o‘tkazish uchungina emas, balki hozirgi zamon tili bilan aytganda, taktik nazariy bilimlarni mustahkamlash vositasi sifatida ham qaragani manbalarda keltirilgan. Sarkarda shaxmat o‘ynashni zinhor kanda qilmagan, atrofidagilarni ham shunga undagan, o‘rgatgan. Temuriylar saroyidagi bu an’ana yillar o‘tib uning avlodlari hayotiga ko‘chgan.

AMIR TEMUR SEVGAN O‘YIN


Aslida ham shaxmat o‘yinining taraqqiy etishida Markaziy Osiyo xalqlari muhim o‘rin tutgan. Masalan, Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai Sa’dayn va majmai bahrayn”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Lison ut-tayr”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si va boshqa tarixiy asarlarda shaxmatga doir qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Amir Temur davrida esa kuchli shatranjchilar ro‘yi zamin sayqali — Samarqandda jamlangan, bir-birlari bilan dona surgan. Temur tashkil etgan musobaqalarda ko‘p bor g‘oliblikni qo‘lga kiritgan tabrizlik ash-Shatranjiy (Oloviddin at-Tabriziy) shatranj haqida kitob yozib, unda o‘zi hamda XIV asrgacha Markaziy Osiyoda yashagan ko‘plab oliya (grossmeyster)lar haqida ma’lumot bergan. U hattoki Sohibqironning o‘zi bilan ham shatranj o‘ynab turgan.

Ikki yilcha avval Fransiyada nashr etiladigan “Le Figaro” kundalik gazetasida “Jahon tarixidagi buyuk sarkardalar. Amir Temur” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda maqola muallifi — fransiyalik tarixshunos olim Arno Blin davlatchilik qurilishi, ilm-fan, ma’rifat va madaniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk sarkarda va davlat arbobi to‘g‘risida diqqatga sazovor fikrlarni bayon qiladi. Jumladan, maqolada shaxmat o‘yinining mohir ustasi bo‘lgan Amir Temur harbiy yurishlari chog‘ida, jang jarayonini to‘laqonli va aniq idrok eta olish, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘lgani aytiladi. Darhaqiqat, Amir Temur shaxmat o‘yinining ishqibozi bo‘lgan, uni juda qadrlagan. U muhim masalalarni shaxmat taxtasi atrofida hal etgan. Tarixiy manbalarning shohidlik berishicha, buyuk sarkarda haddan ziyod band bo‘lishiga qaramay, doimo shaxmat uchun vaqt ajrata olgan. Misol uchun, davlat ishlari, oila tashvishlari bilan band bo‘lganida ham yoki olis mamlakatlarga safarlari, ayovsiz janglar oralig‘ida ham shaxmat bilan hamnafas bo‘lgan. Chunki shaxmat bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlari o‘zida ruhiy xotirjamlik va ishonchni his qilgan, qolaversa, bo‘lajak taktik yurishlari reja hamda g‘oyasi ayni shu onlarda tug‘ilgan ekan. Manbalarda aytilishicha, Sohibqiron umrining so‘nggi kunlariga qadar deyarli har kuni shaxmatga vaqt ajratgan.

Shaxmatga mehr unda yoshlikdan boshlangan. Dastavval “aql charxi”ning qonun-qoidalarini otasidan, keyinchalik ustozi shayx Shamsiddin Kuloldan qunt bilan o‘rganadi. Temurning kuchli xotirasi uning qisqa vaqt ichida shaxmatning mohir ustasi bo‘lishida muhim o‘rin tutadi. U usullarni, qaysi raqib bilan qanday o‘ynash kerakligi va shaxmat psixologiyasini kuchli o‘zlashtiradi. Shamsiddin Kulol yosh shogirdiga shaxmat orqali uzoqni ko‘ra olish, rejali, mulohazakor va tadbirkorlik bilan ish yuritish, shaxmat o‘yini va haqiqiy hayot o‘rtasidagi masofani ajrata olish va o‘z navbatida, ulardagi o‘zaro o‘xshash jihatlarni payqashni o‘rgatadi. Shu bois uning tarixiy g‘alabalarida shaxmatning o‘rni yuqori, deyish mumkin.

Sohibqiron shaxmatda muhim yurish oldidan odatiga ko‘ra, quyuq soqolini o‘ychan siypalardi, bu odat unga kerakli kombinasiyani tanlash, bor imkoniyatlarni chamalash va hisoblab chiqishda yordam bergan. E’tiborlisi, u har doim qora donalarda o‘ynagan. Sababi u “qora”larda o‘ziga xoslik va chuqur teranlikni his qilgan. Ma’lumki, Amir Temur biror dushmanga hujum qilish oldidan o‘sha yurt hukmdori bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatishga, ziddiyatni tinchlik yo‘li bilan hal qilishga uringan. Chunki shaxmatda ham o‘yinni “qora”lar emas, aksincha, “oq”lar boshlaydi. Oq donalar tashabbus va imtiyozga ega bo‘ladi, “qora”lar esa ularning zarbasiga qarshi javob qaytaradi. Temurni bu holat qanoatlantirgan. Shu bois u ko‘pincha oq dona surgan raqibiga hujum qilishiga, maqsadi va niyatini ochiq-oydin ko‘rsatishiga imkoniyat bergan. Sarkarda agarda qora donalar orqali mustahkam mudofaa yo‘lga qo‘yilsa, “oq”larning har qanday hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, deb hisoblagan.

BUYuK SARKARDANING «PIYoDA»LARI


Ayrim muarrixlarning yozishicha, harb ilmi va shatranjda tengsiz Sohibqiron Amir Temur odatdagi shaxmatning qonun-qoidalarini isloh qilib, murakkab shaxmat turini yaratgan va unga “Shatranji komil” yoki “Shatranj al-kabir”, deb nom bergan. Bu o‘yin Sohibqiron hukmronligi davrida Forsda, O‘rta Sharqda aholi orasida keng tarqalgan. Bu qanchalik haqiqatligi ma’lum emas. Biroq ishonchli manbalarda mazkur shaxmat turi hozirga qadar Temur nomi bilan bog‘lanadi.

Aslida 1658 yili fors olimi hoji Xalifa ilk bor Amir Temur shaxmati, uning qonun-qoidalari haqida yozib qoldiradi. Ammo u ham mazkur ma’lumotlarni boshqa bir muallif, ya’ni Sohibqiron saroyida yashagan mashhur shaxmat ustasi Ali ash-Shatranjiy nomidan keltiradi. Yana shuningdek, Amir Temurning shaxmatga qattiq mehr qo‘yganini tarixchi Ibn Arabshohning asarlaridan ham o‘qish mumkin. Evropada esa Temur yaratgan murakkab shaxmat turi haqida birinchi marta 1860 yili angliyalik tilshunos olim Dunkan Forbs “Shaxmat tarixi” kitobida ma’lum qiladi.

Ma’lumki, 1360 yildan boshlab temuriylar imperiyasi va Oltin O‘rda o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar yuzaga kela boshlagan. Amir Temur To‘xtamishxon qo‘shiniga qarshi bir qancha yurish qilib, g‘alabaga erishgan. Ammo To‘xtamishxon har safar yana bosh ko‘taraveradi. Nihoyat, 1395 yili u batamom mag‘lub etildi. Eng qizig‘i, manbalarda aytilishicha, aynan shu yillar mobaynida Mo‘g‘ulistonda “Amir Temur shaxmati” xalq orasida juda ommalashib ketgan.

Bir kuni Amir Temur o‘zi yaratgan 112 katakli shaxmat taxtasida mulozimlari bilan dona surib o‘tirganida, choparlar unga ikkita quvonchli xabar keltirishadi. Birinchi xabar, u o‘g‘il farzand ko‘rgani, ikkinchisi esa uning amri bilan Sayxun bo‘yida barpo qildirilayotgan shahar bitgani haqida edi. Sarkarda bu ikki xushxabarni shaxmatda raqibiga endigina rux bilan shoh bergan payti eshitgani uchun o‘g‘liga Shohrux, shaharga esa Shohruxiya deb nom beradi. Bu haqda Georgiy Aleksandrovich va Efim Stolyarning shaxmat tarixiga oid yozilgan “Ko‘pqirrali Kaissa” to‘plamida ham aytib o‘tilgan.

Xo‘sh, buyuk sarkarda yaratgan shaxmat o‘yini zamonaviy shaxmatdan nimasi bilan farqlanadi? Avvalo, “Temur shaxmati” taxtasi bir xil rangda bo‘lib, o‘n qator, o‘n bir ustun va 112 katakdan iborat (zamonaviy shaxmat esa 64 katak va 8 ustun hamda qatorga bo‘lingan). E’tiborlisi, shaxmat doskasiga ikkita qo‘shimcha katak ham qo‘shilgan. Ulardan biri chapdagi o‘ninchi qatorda, ikkinchisi esa o‘ngdagi ikkinchi qatorda. Bu qo‘shimcha ikkita katak o‘yin davomida suyanch “qo‘rg‘oncha” vazifasini o‘tashi ko‘zda tutilgan va u mazkur shaxmat turida juda muhim o‘rin tutgan. Boshqacha qilib aytganda, “qo‘rg‘oncha” “shoh” uchun boshpana yoki chekinish yo‘li funksiyasini bajargan. “Shoh”dan tashqari, boshqa sipohlar “qo‘rg‘oncha”ga kirish huquqiga ega bo‘lmagan. Ahamiyatlisi, o‘yin davomida qaysidir shaxmatchi o‘z “shoh”ini raqibning “qo‘rg‘oncha”siga joylashtirsa, o‘yin durang natija bilan yakuniga etgan.

Ma’lumki, odatdagi shaxmatda “piyoda”larning imkoniyati ham, yurish qoidalari ham bir xil. “Amir Temur shaxmati”da esa “piyoda” sipohlar ham bir-biridan farq qiladi. Masalan, “piyoda-shoh”, “piyoda-vazir”, “piyoda-qo‘mondon” kabi, shuningdek, “piyoda-piyoda” sipohi ham mavjud edi. Ammo mazkur shaxmat turi qaysidir davrda izsiz yo‘qolib ketgan, bugun esa shaxmat ustalari va muxlislariga uning ayrim qonun-qoidalari ma’lum, xolos.

Hozirga qadar mazkur murakkab shaxmat turini buyuk sarkarda yaratgan yoki yaratmaganiga oid mavzu hamon bahsli. Ammo ko‘plab ishonchli manbalarda bu shaxmatni aynan Sohibqiron o‘ylab topgani aytiladi. Zero, Amir Temur o‘z davrining etuk sarkardasi bo‘lishi bilan birga ko‘pgina dunyoviy ilmlarni ham chuqur egallagan zukko shaxs bo‘lgan. Shu boisdan mazkur gapga ishonsa bo‘ladi. Negaki, bunga uning salohiyati ham, benazir aql-idroki ham etarli edi…


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Shohrux nomi shaxmat bilan bog‘liq…mi?