23:39 / 16.12.2016
15 575

Vaqt besamar ketmasin desangiz...

Vaqt besamar ketmasin desangiz...

Inson tabiati qiziq: yoshligida behuda sarflagan vaqt qadrini ancha yil o‘tgach, vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydigan davrga kelib anglab etadi. Ko‘p bor eshitganimiz — yoshi ulug‘ kishilarning “Agar yoshligim qaytib kelsa, mana bu ishni qilgan bo‘lardim, mana bu xatoni takrorlamasdim” degan so‘zlari ham fikrimizni isbotlaydi.

Hozir ayrim yoshlarimizga vaqtni behuda sarflamaslik to‘g‘risida gap ochsangiz fikringizni ma’qullamaydiganlari ham topiladi. O‘ylab qolasiz, balki ayni shu yoshlar ham yillar o‘tib, havoga sovurilgan vaqti-yu imkoniga achinar.

Xo‘sh, so‘nggi pushaymon o‘zingga dushman bo‘lmasligi uchun nimalarga ahamiyat berish lozim?

Yoshlikdan maqsadni aniq qo‘yish va unga aql, bilim va tinimsiz harakat bilan intilish.


Bu hayotda inson uchun eng muhimi yashashdan maqsad nima ekanligini aniqlashtirish va maqsadga erishish uchun aniq reja ishlab chiqish. O‘zingizga savol bering: siz nimani xohlaysiz, nimani orzu qilasiz, kelajakda o‘z o‘rningizni qayerda ko‘rasiz? Ayni shu yo‘lda sizga mutlaqo keraksiz bo‘lgan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishdan saqlaning. Zero, o‘tayotgan vaqt umr deya atalmish binoning bir g‘ishti.

Kasbingizni to‘g‘ri tanlang va uning sir-asrorlarini boshqalardan ko‘ra ko‘proq o‘rganing. Insonning tanlagan kasbi unga bir umr hamrohlik qiladi, moddiy ehtiyojlarini qondiradi va hayotiga mazmun bag‘ishlaydi. Tanlagan kasbingiz bo‘yicha bilim, malaka va ko‘nikmalarni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq egallang. Shunda siz hamkasblaringiz va xalq o‘rtasida obro‘-e’tibor topasiz.

Zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalardan samarali foydalanish.


Kompyuter va telefondan faqat bilimingizni oshirish, xorijiy tillarni o‘rganish, ishingizni osonlashtirish, so‘nggi va tezkor axborotlarga ega bo‘lish yo‘lida maqsadli va samarali foydalanishga odatlaning. Kompyuter va telefondagi o‘yinlar, internetdagi ayrim ijtimoiy saytlar, kinofilmlarni ko‘rishga qimmatli va qaytarilmas umrni sarflamang!

Xorijiy tillarni o‘rganish.

Yoshlikda xorijiy tillarni o‘rganish oson kechadi, shuning uchun vaqtdan unumli foydalanib til o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, xalqimizda “Til bilgan – el biladi”, degan naql bor. Bugun ommaviy axborot vositalari, jumladan, internet tarmog‘idagi ma’lumotlar, materiallar, badiiy va ilmiy adabiyotlarning asl varianti bilan tanishish imkoniyati keng.

Ish joyingizni to‘g‘ri tanlash.

Inson umrining aksariyat qismi ishxonada o‘tadi. Shuncha vaqtni o‘zingiz yoqtirmagan mashg‘ulotga sarflab, biror natijaga erishib bo‘lmaydi. Sizga aynan qaysi joyda ishlash yoqadi, o‘ylab ko‘ring va o‘sha ishda ishlashga harakat qiling. Shunda siz har kuni ertalab uydan ishga ishtiyoq bilan borishga shoshilasiz, uyga esa yaxshi kayfiyatda qaytasiz. Hayotga nisbatan qiziqishingiz ortadi.

Yaqinlaringiz qadriga etish.

Bu hayotda hech kim abadiy umr sohibi emas va buning imkoni ham yo‘q. Lekin yaqinlarimiz, ayniqsa, ota-onamiz doim biz bilan birga bo‘ladigandek tuyuladi. Ming afsuski, bunday emas. Shuning uchun yaqinlaringizga va avvalo ota-onangizga ularni yaxshi ko‘rishingizni tez-tez aytib turing. Qachondir shunday paytlar keladiki, buni xohlasangiz ham ayta olmaysiz. Ularning holidan xabar olishni zinhor ortga surmang. Yoshi keksalarning duosini oling, tajribalari bilan o‘rtoqlashing. Zero, mazmunli kechgan umr sohibi – hayotni, yashashni o‘rgatuvchi eng yaxshi murabbiy hamdir.

Bo‘sh vaqtni kitob mutolaasiga bag‘ishlash.

Bu ish siz uchun odat tusini olsin. Kitob sizga ma’naviy ozuqa beradi, tafakkuringizni charxlaydi. Shu asnoda dunyoqarashingiz kengayadi. Atrofingizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga teran munosabatda bo‘la boshlaysiz. Do‘st va yaqinlaringiz uchun siz bilan muloqotda bo‘lish qiziqarli bo‘ladi.

Muntazam jismoniy faollik sog‘liq garovi ekanligini unutmang.

Zero, mustahkam sog‘lik rivojlanish poydevori. Chunki, sog‘lom kishi o‘qishida, ishida va shaxsiy hayotida tez muvaffaqiyatlarga erishadi, o‘zi, yaqinlari va jamiyat uchun foydasi ko‘proq tegadi. Sog‘lik esa muntazam ravishda jismoniy faollik orqali saqlanadi. Shuningdek, jismoniy faollik o‘z-o‘zidan kayfiyatingizni yaxshilaydi. Yaxshi kayfiyatda bajarilgan ishning natijasi ham yaxshi bo‘ladi.

Yoshlikdanoq ishbilarmon va tadbirkor bo‘lishga odatlanish.

Yoshlikdanoq halol pul topishga va jamg‘arishga odatlaning, o‘z shaxsiy biznesingizni yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylang. Hozirda hukumatimiz tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu imkoniyatdan albatta foydalaning. Biznes uchun dastlabki qadamni tashlashdan qo‘rqmang.

Doimiy ravishda o‘z-o‘zingizni nazorat qilib borishga odatlanish.


Hayotda to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganingizni, oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizga erishayotgan yoki erishmayotganingizni nazorat qilib boring. O‘zingizga bergan “Men to‘g‘ri yo‘ldan ketayapmanmi?” degan savolingizga tasdiq javobi qaytishini rejalashtiring. Hayotingiz davomida erishmoqchi bo‘lgan orzu-istaklaringizning ro‘yxatini tuzib oling va qaysi biriga erishsangiz ko‘rinarli tarzda belgilab boring. Shunda o‘zingizni nazorat qilib borish imkoni tug‘iladi hamda bu hayotda juda ham omadsiz inson emasligingizni his etishingizga yordam beradi.

Xulosa shuki, bizga berilgan qisqa umrni mazmunli va samarali o‘tkazishimiz faqat o‘zimizga bog‘liq. Avvalo, baxtli yashashni insonning o‘zi xohlashi zarur, so‘ngra shu istakni hayotiy maqsadga aylantirish lozim. Agar inson hayotida biror to‘siqqa uchrab “yiqilsa”, tezda o‘zini o‘nglab olishi, yanada tezroq, aniqroq va tinimsiz harakat qilish bilan muammoga echim topishi zarur. Shundagina o‘tgan umr va vaqt besamar ketmaydi.

Ravshan ChORShANBIEV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Vaqt besamar ketmasin desangiz...