18:43 / 03.03.2017
6 769

​Eringizni bir qarashda tushuning!

​Eringizni bir qarashda tushuning!

Biz — ayollarning izquvarligimizga Sherlok Xolms ham havas qilsa arziydi. Rost-da, axir eshikdan kirib kelgan juftimizning xatti-harakatiga qarab, uning qanday kayfiyatda ekanligiyu maosh oldimi-yo‘qmi, to‘g‘ri uyga kelayaptimi yoki onajonisining eshigidan ham mo‘ralab qo‘ydimi, xullas, hamma-hammasini bilib olamiz. Biroq qanchalik ziyrak bo‘lmaylik, o‘tayotgan hayotimiz kutilmagan «sovg‘a»larga boy bo‘lib, ba’zan nazoratni qo‘ldan chiqaramiz. Xo‘sh, shunday vaziyatga tushib qolmaslikning iloji bormi? Keling, shu haqda suhbatlashamiz.

SEVADI-SEVMAYDI?

Muhabbat borasida erkaklar ikki guruhga ajratilar ekan. Biri eshitish orqali, ikkinchisi ko‘rish hissi bilan sevadiganlar.

Ko‘rish hissiyoti ustunlik qilgan erkaklar chiroyli manzaralar, xushbichim liboslar va albatta, go‘zal ayollarga shaydo bo‘lishadi. «Ko‘ramiz...», «Ko‘zimga issiq ko‘rindi...», «Menga qarab gapir...» kabi jumlalar bu toifadagilarning tez-tez qo‘llaydigan so‘zlari. Bunday go‘zallik shaydosini faqat ziyraklik bilan nazorat qilish mumkin.

Eshitish sezgisiga bo‘ysunadigan erkak bilan yashash bir qarashda oson tuyulsada, ularning bir qator kamchiliklari ham yo‘q emas. U xuddi diktofonga o‘xshaydi. Qachon, qaysi vaziyatda nima deganingizni yaxshi eslab qoladi. «Sen qanday fikrdasan?» «Gaplaring ishonchsiz...» «Kel, gaplashib o‘tiramiz» kabi jumlalar ularga xos. Ular yaxshi umr yo‘ldosh va maroqli suhbatdosh bo‘lishadi. Yagona e’tiroz: har bir gapni o‘ylab so‘zlamasangiz, bir kun kelib, qarshi «qurol» sifatida foydalanishi mumkin.

HIS TUYG‘ULAR ASIRI...

Yana bir toifa erkaklar ham bor. Ularda juftini his etish tuyg‘usi etakchilik qilib, ko‘proq ruhiy holatga bo‘ysunishadi. Biror qaror qabul qilishlari uchun ham ancha vaqt talab etiladi. Siz uni «...deb o‘ylayman», «...menga shunday tuyuldi», «Shunday bo‘lishini ko‘nglim sezgandi» kabi so‘zlaridan tanib olasiz. Agar juftingiz tuyg‘ular asiri bo‘lsa, undan dadillikni kutmang. Yaxshisi, mustaqil bo‘lishi uchun ko‘maklashing.

E’TIBOR TALAB QILSA...

Turmush o‘rtog‘ingizning dasturxon atrofida o‘tirib, piyolani taqillatish yoki sochiqni buklash odati bo‘lsa, u shu yo‘l bilan e’tibor talab qilayotganini bildiradi. «Menga ahamiyat berishingni istayap­man» degan ichki nidoni shu tarz­da namoyon etadi. Odatda, bunday erkak­lar biroz jahldor, qaysar va meniki to‘g‘ri, deyishsa-da, rafiqasining diqqat-e’tibori bilan muloyimlashadi.

KO‘ZLARI NIMA DEYDI?..

Bu eng sinalgan va ishonchli usullardan biri. Ammo «tergov» qilayotganingizni bildirib qo‘ymang. Ya’ni ko‘zlariga tik qaramang. Bo‘lmasa, sirlarimizni bilib olishadi-ya...

Eringiz siz bilan suhbatlashayotib, ko‘zlarini tez-tez pirpiratsa, yo yolg‘on gapirayapti, yoki biror voqeadan qattiq ta’sirlangan. Balki gaplaringizdan to‘lqinlanib ketgandir? Masalan, «Maoshingizni bering, yangi ko‘ylak olaman», degan bo‘lsangiz...

Ko‘zlari katta ochilgan bo‘lsa, suhbat unga zavq bag‘ishlayapti. Shu bilan birga, erkakning ushbu holati u bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishingiz kerakligiga ham ishoradir.

Bir nuqtada «qotib qolgan» nigoh ojizlik belgisi. Bunday insonlar muammolarga tez taslim bo‘lib, chora topishga qiynalishadi.

Chaqnab turgan ko‘zlar bir xil hayot tarzidan tez zerikadigan erkaklarga xos. Juftingiz ana shunday inson bo‘lsa, munosabatlaringizga yangilik kiritishdan erinmang.

Olma terayotgan ko‘zlar. Erkak biror aybini yashirayapti, og‘iz juftlab, nimadir demoqchi-yu, jur’ati etmayapti yoki hadik, xavotir, qo‘rquvni ifodalashi mumkin.

«MENING YoRIM ALDOQChI...»

Biror aybi yoki kamchiligini yashirmoqchi bo‘lgan erkak, avvalo, nigohini olib qochadi. So‘zlayotganda ko‘zini ishqalashi, burnining ustiga tez-tez qo‘l tekkizishi mumkin. «Rosa­ charchadim...» «Ertaga gaplashaylik...» va so‘ramasangiz ham «Aldayotganim yo‘q» degan jumlalar biror nimani yashirayotganini anglatishi shubhasiz. Siquvga olganingizning foydasi yo‘q. Bir tarafdan ba’zilar kabi «Borim shu, istamasang, katta ko‘cha» demayotganiga ham shukr. Biroq yolg‘on gapirish odatiga barham berish uchun uning ishonchini qozonishingiz kerak. Har zamon «Men sizga ishonaman» kabi so‘z­lar bilan o‘rtadagi masofani qisqartiring.

QO‘LI ChO‘NTAGIDA...

Ilk uchrashuvga chiqqaningizdayoq kuyovto‘ra qo‘llarini shimining cho‘ntagidan chiqarmagani, e’tiboringizni tortdi, shundaymi? «Namuncha o‘zini osmon bilmasa» degansiz-a ichingizda? Xo‘sh, endi-chi?! Chindan «osmon»mikan yoki bu odati xarakteridanmi? Aslida, bu xarakter. Jiddiy, har narsada aniqlik va rejali ish ko‘rishni afzal bilgan erkaklarga xos odat. Ha-ya, bunday erkaklar ayolini qadrlaydigan va oilasi oldida mas’uliyatni his etadigan bo‘lishadi.

QO‘LLAR HARAKATIGA KO‘RA...

Qo‘llar nafaqat ayollarning tashrif qog‘ozi, balki qarshi jins vakillarining fe’l-atvorini ayon qilguvchi vositadir ham. Demak, diqqatni qo‘llariga qaratamiz.

Suhbat chog‘i eringiz qo‘l kaftini tashqariga qaratib harakatlantiradi yoki shu yo‘l bilan biror nimani tushuntiradi. Bunday erkaklar qo‘li ochiq va mehribon bo‘lishadi.

Gaplashayotganda biror narsa-buyumga tegsa, u juda ziyrak va har bir ishni o‘ylab amalga oshiradigan puxta inson.

Savol berganingizda peshanasi, sochi, qulog‘ini ushlayverish qat’iyatsizlikni namoyish etadi.

Qo‘lini musht qilib tukkan erkakni ko‘pincha, uradigan erlar toifasiga kiritishadi. Aslida esa bu harakat agressiya yoki biror voqeadan jahllanishni bildiradi. Qo‘rqmang, ularni shirin so‘z bilan mumdek eritib olasiz.

Kechagina yuvibdazmollangan ust-boshini besabab qoqaversa, sizdan yoki biror ishingizdan norozi. Uning yo‘q joydan muammo axtaradigan odati bor. Tinch yashayman desangiz, «Sizniki ma’qul» deya, maqbul ish tuting.

Muxtasar aytganda, erkaklarni fosh qilish uchun alohida tayyorgarlik shart emas. Imo-ishoralar tilini o‘rganish uchun soatlab kitob varaqlashning ham hojati yo‘q. Muhimi, ayollik zakovatingizni ishga solsangiz, har qanday holatni ham to‘g‘ri tahlil qilolasiz.

Marjona tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » ​Eringizni bir qarashda tushuning!