108 nafar millionerdan pullar, muvaffaqiyat va hayot haqida 9 saboq

  • 06 mart 2017, 19:55
  • 4 901
  • Hayot tarzi
  • 108 nafar millionerdan pullar, muvaffaqiyat va hayot haqida 9 saboq

    Forbes sharhlovchisi Brendon Terner 108 millioner ishtirokidagi uch kunlik konferensiyadan o‘zi uchun olgan qimmatli saboqlari bilan bo‘lishdi.

    Tasavvur qiling, 108 nafar millioner bilan bir xonadasiz va uch kun ketma-ket ularga istagan savolingizni berishingiz mumkin.

    Ulardan nimalarni so‘rardingiz?

    Ulardan nimalarni o‘rganishga harakat qilardingiz?

    O‘tgan dam olish kunlari men xuddi shunday vaziyatda qoldim va bu hodisa mening hayotimni to‘liq o‘zgartirdi. Umid qilamanki, o‘zim uchun olgan saboqlarim sizga ham yordam beradi.

    Yaqinda men GoBundance nomi ostidagi millioner kishilardan iborat kichik guruhga qo‘shildim - men o‘zimdan aqqliroq va omadliroq kishilar bilan muloqot qilgim keldi.

    "Agar siz xonadagi eng aqlli inson bo‘lsangiz, unda siz o‘zingizga kerakli xonada emassiz" - ehtimol, bu hikmatli so‘zlarni eshitgandirsiz. Men o‘zimdan aqllilar xonasida bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim.

    Quyida o‘zim uchun olgan saboqlarimdan bir necha maslahatlar bilan bo‘lishaman:

    1. O‘zingizdan aqlliroq kishilar bilan muloqot qiling.

    Men o‘n yil davomida ko‘chmas mulkka sarmoya kiritib kelganman. Bundan tashqari, iTunes'dagi eng mashhur podkastlardan birini boshqaraman. Biroq moliyaviy masalalarda atrofimdagi aksariyat kishilarga nisbatan hech narsa bilmasdim hisob.

    Millionerlar o‘zlari uchun qulay muhit qidirishmaydi - ular uchun o‘zlaridan-da omadli va mohir hamsuhbat topish qiziqroq.
    • O‘zingizni tartibga keltirmoqchimisiz? Qora belbog‘ sohibi va uch karate maktabi egasiga murojaat qiling.
    • Sarmoya jalb qilishni o‘rganyapsizmi? 100 million dollardan ziyod kapitali bo‘lgan venchur kapitalistning oldiga boring.
    • Turmushingizda muammolar paydo bo‘ldimi? U holda turmush qurganiga 40 yildan oshgan insonlargagina murojaat qiling.

    Millionerlar biror yangi narsa o‘rganish mumkin bo‘lgan kishilar bilan muloqot qilishadi.

    2. Boylik faqat pullardan iborat emas.

    Men bu gapni mutlaqo barcha millionerlardan eshitdim: boylik faqat pullardan iborat emas.

    Men ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgan suhbatlar ko‘pincha pul ishlash emas, munosabatlar, sarguzashtlar, fitnes va xayriyaga oid edi. Do‘stim va hamkasbim, ko‘chmas mulk sarmoyachisi Mark Uoker bu g‘oyani shakllantirishda yordam berdi:

    "Juda boy bo‘lish bilan bir qatorda bankrot bo‘lish ham mumkin - salomatlik, munosabatlar, ijtimoiy hayotga qo‘shayotgan hissasi va shaxsiy dunyoqarash masalalarida".

    Aksariyat kishilar badavlat kishilarga havas bilan qaraydi, biroq bu boylikning bahosi qanday? Agar insonning 10 million puli bo‘lsa-yu, lekin farzandlarini deyarli ko‘rmasa, uning hayoti boshqalarga o‘rnak bo‘la olarmikan? Ushbu klub ishtirokchilarining fikricha, yo‘q.

    Hayotda muvozanat muhim ahamiyatga ega.

    3. Odamlarga yordam bering va evaziga hech narsa kutmang

    Uchrashuv ishtirokchilari bilan suhbatlashib, qayta-qayta bir savolni eshitdim: “Sizga qanday yordamim tegishi mumkin?”

    Millionerlar atrofdagilar ularga foyda keltirishdan ko‘ra o‘zlari birovga foyda keltirishlari muhimroq ekanligini yaxshi tushunishadi. Tadbirdan keyin men turli sohalarda faoliyat yurituvchi ishbilarmonlarning telefon raqamlariga ega bo‘ldim va ishonchim komilki, istagan paytimda ularga qo‘ng‘iroq qilib yordam olishim mumkin.

    Marhum Zig Ziglar aytganidek:

    “Agar odamlarning ehtiyojlarini qondirishga yordam bersangiz, hayotdan istagan narsangizni olishingiz mumkin”.

    4. Tashabbusni qo‘lga oling

    Aksariyat odamlar hayotda oqim bo‘ylab harakatlanishadi. Boshqacha qilib aytganda, ular doim hujum emas, himoya pozisiyasini egallashadi.

    Biroq men dam olish kunlari uchrashgan millionerlar boshqacha yo‘l tutishadi. Ular tashabbusni qo‘lga olib, o‘z kelajaklarini o‘zlari belgilashadi va shu maqsadda harakatlanishadi.

    5. Keng ko‘lamda fikrlang

    O‘tgan yili men ikki uyimni sotdim va bundan faxrlanib yurdim. Biroq zalda men o‘tgan yilning o‘zida 80 ta uyni sotgan va yana bir, 950 ta ko‘chmas mulk ob’ektini xarid qilgan, yana bir, bezgakka qarshi kurashuvchi yangi texnologiyani ishlab chiqqan kishilarni uchratdim.

    Men esa ikki uyni sotish – katta yutuq deb o‘ylardim.

    Bu kishilar orasida men keng ko‘lamda fikrlay boshladim.

    Men ko‘chmas mulk sarmoyachisi sifatida yangi hayotni boshlashga qaror qildim. Mazkur tadbir yakuniga ko‘ra, o‘z oldimga yangi maqsad qo‘ydim: joriy yilda 50 yoki undan ham ko‘p mobil uylarni xarid qilish.

    Siz ham o‘ylab ko‘ring, ehtimol, sizning hayotingizda ham 10 karra ko‘tarish mumkin bo‘lgan imkoniyatlaringiz bordir?

    6. Boylik saxiylik sari yo‘l ochadi

    Bolalik paytimda men millionerlarni xassis, faqat o‘zini o‘ylovchi, tilla tangali suzish havzalarida dam oluvchi kishilardek tasavvur qilardim. Buning uchun Skruj Makdakka rahmat.

    Biroq haqiqiy hayot sezilarli darajada farqlanadi. Takrorlashdan charchamayman: men uchratgan insonlar boshqalarga yordam berishga harakat qilishardi. Tadbir davomida spiker bilan shaxsiy trening o‘tkazish huquqi uchun ko‘plab kimoshdi savdolari o‘tkazilib, 100 ming dollardan ziyod xayriya pullari to‘plandi.

    7. Sog‘liqni pullarga sotib olib bo‘lmaydi

    Men doim jismoniy tetiklikni bir maromda ushlashga harakat qilaman, biroq tadbirdagi aksariyat ishtirokchilar oldida men o‘zimni juda noqulay his qildim.

    Millionerlar sport bilan shug‘ullanish naqadar muhimligini yaxshi bilishadi. Ular to‘g‘ri ovqatlanish va fitnesga katta e’tibor qaratishadi va kun tartibiga rioya qilishadi.

    8. Ishbilarmonlikka bolalikdan o‘rgatish kerak

    Muvaffaqiyatli odamlar o‘z farzandlarini ham shunga o‘rgatishadi.

    Men tadbir ishtirokchilarining farzandlari bo‘lgan to‘qqiz bolani ko‘rdim – ular konferensiyada futbolkalar va suvenirlar sotuvi biznesini yo‘lga qo‘yishdi. Ularning barchasi uyiga o‘z qo‘llari bilan topilgan daromad bilan ketdi!

    Bolalar o‘z tovarlarini ulgurji sotib olib, chakana savdo qilishdi, daromadning bir qismini xayriyaga sarflab, shunda ham foyda ko‘rishdi. Ajoyib! Ular tadbirkorlik asosini tushunib etishgan.

    9. Doim o‘sish uchun imkon izlang

    Men tadbir boshlovchisidan konferensiya davomida nimani ko‘proq xotirasida saqlab qolganini so‘radim. U shunday javob berdi:

    “Bu katta muvaffaqiyatga erishib bo‘lgan kishilardan iborat guruhdir. Ular bu erga kelish uchun nafaqat vaqt va pullarini ayashmadi, balki tadbir davomida katta qiziqish bilan yanada rivojlanish uchun yangi imkoniyalarni izlashdi. Ularning kamtarligi, ochiqligi va o‘z ishiga bo‘lgan muhabbati ulkan hurmatga loyiq. Aynan shu sifatlari ularning kelajakdagi ulkan muvaffaqiyatlari garovidir”.

    Manba: Kun.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » 108 nafar millionerdan pullar, muvaffaqiyat va hayot haqida 9 saboq