19:52 / 10.03.2017
14 114

Yugurishda amal qilish kerak bo‘lgan qoidalar

Yugurishda amal qilish kerak bo‘lgan qoidalar

Yugurish — butun kun uchun quvvat to‘plash yoki aksincha, ish kunidan so‘ng charchoqni tarqatish uchun ajoyib usul. Biroq bunda ba’zi muhim qoidalarga rioya qilish kerak, shundagina yugurish foyda va samara keltiradi.

Qadamni to‘g‘ri tashlang

Yugurishni yangi boshlaganlar og‘irlikni butun oyoq kaftiga birdek taqsimlashga harakat qilishi kerak — bu bo‘g‘imlarga tushadigan yukni ancha kamaytiradi.

Qizib oling

Yugurishdan avval albatta tanangizni qizitib oling. Bunday tayyorgarliksiz yugurib ketish natijasida biroz masofadan so‘ng tizza yoki oyoq kafti bezovta qila boshlashi mumkin.

Tanangiz oldinga qarab og‘ishiga qo‘yib bering

Tana vazmin holatda turganida, uning harakati muvozanatning buzilishi bilan boshlanadi. Gravitasiya ta’siri ostida gavda oldinga qarab og‘a boshlaydi, erga yiqilishdan uni tayanchning almashishi qutqaradi. U tayanchni qanchalik tez o‘zgartirsa, shunchalik tez harakatlanadi. Asosiysi, shuni unutmangki, irg‘ib ketish, oyoqni ancha oldinga tashlash va keng qadam qo‘yish mumkin emas.

To‘g‘ri poyabzal tanlang

Krossovkaning tovon qismi baland bo‘lsa, gavda holati o‘zgarib, kishi uchun tabiiy bo‘lmagan holat yuzaga keladi. Natijada og‘irlik noto‘g‘ri taqsimlanib, kishiga shikast etishi mumkin. Biroq ortiqcha vaznli kishilarda tekis tagcharm tizzaga zarar etkazadi. Shu sababli modani chetga surib qo‘yib, tovoningiz zarbini yumshatuvchi modelni xarid qiling.

Yugurishni asta-sekinlik bilan ko‘paytirib boring

Og‘irlik asta-sekinlik bilan oshib borishi kerak. Yugurish masofasini bir haftada 10 foizga ko‘paytirishingiz mumkin.

To‘g‘ri nafas oling

Nafas to‘g‘ri olinmasa, organizmga etarlicha kislorod bormaydi va yugurishning samaradorligi pasayadi. Nafas olishda ham og‘iz, ham burunni ishlatgan ma’qul. Diafragmadan foydalangan holda chuqur nafas oling, bunda qorin ichga tortiladi.

Etarli miqdorda suv iching

Jadal yugurganda organizm ko‘p suyuqlik yo‘qotadi va suv-tuz balansi buziladi. Yugurish chog‘ida kam-kamdan, biroq tez-tez suv ichish tavsiya etiladi. Mashg‘ulot paytida o‘rtacha 0,5—1,5 litr suv ichish lozim, aniqroq aytganda 80 kilogrammlik odam 1 litr suv ichishi kerak. Suv gazlanmagan va xona haroratida bo‘lgani ma’qul.

Gavdaning tepa qismini qimirlatmang

Gavdani tik tutib, oldinga ham, orqaga ham egilmaslik kerak bo‘ladi. Bu bo‘g‘imlar va umurtqani shikastlanishdan asraydi. Shuningdek, qo‘l joylashuviga ham e’tibor berish zarur. U tirsakda to‘g‘ri burchak ostida bukilgan bo‘lishi, kaftlar biroz siqilgan bo‘lishi lozim. Bosh ham pastga egilmagan bo‘lishi va nigoh 10—15 metr oldinga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Manba: Daryo

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yugurishda amal qilish kerak bo‘lgan qoidalar