17:15 / 27.03.2017
8 388

Nega ziyorat qilamiz?

Nega ziyorat qilamiz?
Yurtimizda ziyoratgohlar ko‘p. Qadimda yashab o‘tgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yoki buyuk sarkardalarning xizmatlari va nomlarini xalqimiz chin yurakdan e’zozlab o‘rgangan. Imkon topgudek bo‘lsa, besh-o‘n kishi jamlashib, hali Buxoro, hali Samarqand, hali Xorazm yoki Farg‘ona tomonlarga ulug‘larning qadami tekkan maskanlarga safarga chiqadilar. Qadimgi avlod-ajdodlarimizdan qolgan yodgorliklarni, Imom Buxoriy, Marg‘iloniy, Termiziy, Pahpavon Mahmud singari azizlarning maqbaralarini ziyorat etib, ruhlariga Qur’on baxshida qiladilar. Nazru niyozni, sadaqai ehsonni ilgariroq ko‘ngliga tukkanlar qadim Turkiston yoki ko‘hna Urganch tomonlarga borishga ham xafsala qiladi, albatta.

Bugun bu ziyorat maskanlari obodonlashtirilgan. Respublikamizda din-diyonatga, o‘tmishdagi aziz zotlarga e’tibor naqadir jiddiy ekanini shundan ham ko‘rish mumkin. Biz yurtimizning iftixori bo‘lmish ulug‘ shaxsiyatlarni sevamiz, «al-Xorazmiy» yoki «Ibn Sino» ismlari dunyodagi eng mashhur va ommaviy fan sohasi uchun atama holiga kelganini g‘ururlanib ta’kidlashni ham yaxshi ko‘ramiz. Ammo biz ularning izdoshlari ilm-fanda, odob-axloqda, din-diyonatda, imon-e’tiqodda qay holdamiz? O‘zimizdan o‘zimiz uyalib, qisinib-qimtinib ketmaymizmi? Baharnav bu jiddiy va uzoq o‘ylash lozim bo‘lgan bir mavzu. Bu o‘rinda men ayni savollarga uyqash bir masalani o‘rtaga qo‘ymoqchiman. Biz o‘sha zotlarning abadiy maskanlarini aqalli ziyorat qilish odobidan boxabarmizmi?

Yaqinda men Toshkent ostonasidagi Zangi ota maqbarasi ziyoratiga bordim. Yuqoridagi savol ham, maqolaga qo‘yilgan sarlavha ham, ushbu qoralamalar ham o‘sha ziyorat asnosida tug‘ilgan mulohazalardir.

Ziyoratgohda odam nihoyatda gavjum, turli viloyatlardan kelgan qariyalar, xotin-qizlar ko‘p. Ixlos bilan Zangi ota ziyoratiga kelgan ular. Men shu o‘rinda ziyoratgoh mutasaddilari tomonidan qabrdagi aziz zotning kimligi, tahsili, ustoz va shogirdlari, kasbi-koriga doir yozib qo‘yilgan ma’lumotlarni o‘qib mamnun bo‘ldim. Va o‘sha ma’lumotlar oxirida qabrga sig‘inilmaydi, Allohga sig‘iniladi, qabrdan biror narsa so‘ralmaydi, Allohdan so‘raladi, aks holda, Allohga shirk keltirgan bo‘lasiz, mazmunidagi tanbehni o‘qib yana bir bor xursand bo‘ldim.

Darhaqiqat, ma’lumotnoma lavhasidagi yozuv shunday shariatimizning ahkomlariga to‘la mos. Ammo ziyoratchilarning ba’zi amallari - qabr oldida o‘tirib, undan farzand yoki kasaliga shifo tilash, maqbara ichida ochiqli-yopiqli «namoz» o‘qishlari (namoz so‘zini qo‘shtirnoqqa oldik, chunki ular amalining neligini anglash qiyin, sajdaga bosh qo‘yilishi namozning bir unsuri, xolos), shuningdek, ko‘cha-ko‘yda qadamjoga kelguvchilardan tanga tilanib yurgan bolalarning ko‘pligi — bular haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydigan voqeliklardir.

Niyatimiz yaxshilik, ulug‘ allomalarini sanamlashtirmay, oddiy g‘ishtdan, toshdan bo‘lgan qabrlarni g‘ayritabiiy, g‘aroyib bir holda qabul etishdan ehtiyot bo‘lishni ta’kidlamoqdir. Tabiiyki, ulug‘ ziyoratgohlarga ibrat uchun boriladi. Har es-hushli banda mozorni ko‘rib, shunday holatda yotish bir kun kelib o‘zining ham boshiga tushajagini anglaydi. Oxiratni, qiyomatni, hisob-kitobni, savol-javobni, gunoh va savobni o‘ylaydi.

Yurtimizning ba’zi viloyatlarida qadamjolar atrofidagi novda-nihollarga latta bog‘lash, mozorlar atrofidagi mayda toshlarni yig‘ib «minora» yasash odati borkim, Xudo haqqi, buning ma’nosini ham, manfaatini ham aslo tushunmayman...

Mehnat-mashaqqatlar chekib Bahovuddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Zangi ota yoki Najmiddin Kubro ziyoratiga borgan kishi o‘sha ulug‘lar haqiga duolar qiladi. Ayni damda, o‘sha ulug‘larni insonlar ko‘zi oldida aziz qilgan ajib fazilatlarni bir-bir esga oladi. Ularning nomini tarix sahifalariga muhrlagan sabablarni o‘ylab, o‘ziga, o‘z borlig‘iga, o‘tgan kuniga, ertasiga, otasi va bolasiga nazartashlaydi, chin yurakdan ibratlanadi.

Menimcha, dinimizni xolis o‘rganish imkoniyati yuzaga kelgan bugungi kunda turli xurofotlarga berilgandan ko‘ra, ko‘ngilni, tafakkurni ma’rifat nuri ila oydinlashtirish ko‘proq foyda beradi.

Ziyorat ulug‘, yaxshi amal. Ota-onani ziyorat qilishning savobligini yaxshi bilamiz. Bemordan hol-ahvol so‘rab, duosini olish jannat yo‘llarida yurgandek xayrli... Umuman, har qanday safar maqsadini va ziyorat odoblarini bilish har kim uchun foydalidir.

Manba: www.qadriyat.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega ziyorat qilamiz?