16:57 / 18.05.2017
8 685

«Tabibman, qushnochman, folbinman, azayimxonman», degan muttahamlarga qachongacha ishonamiz?

«Tabibman, qushnochman, folbinman, azayimxonman», degan muttahamlarga qachongacha ishonamiz?
Qachongacha sodda bo‘lamiz?
Nega bizning xalqimiz tabibman, qushnochman, folbinman, azayimxonman degan muttahamning har qandayiga ishonadi?
Nega xalqimiz tovlamachiman deganning har biriga aldanadi?
Nega xalqimiz bunchalar sodda?
Axir qachongacha jaholat botqog‘iga botib yotamiz?
Yapon deng, dunyo biladi. Nemis deng, ingliz deng, dunyo biladi. Biz o‘zimizni har qancha ulug‘laganimiz bilan chetga chiqqanlar ko‘rib kelayapti, o‘zbek deng, birov bilmaydi.
Sababi na yapon, na nemis, na ingliz o‘zbekchalik johil emas-da. O‘zbekchalik tabib-u, qushnochga, folbinga yopishib olmagan-da.
Yoki Yaponiyada bolalarning tomog‘ida qolgan narsani oladigan “gir-gir”lar borligini eshitganmisiz? Ular Germaniyada bormi? Angliyada bormi?
Hammasi O‘zbekistonda. Har bir shahar, har bir tuman, har bir mahallaning o‘z “gir-gir”i, o‘z folbini, o‘z qushnochi, o‘z azayimxoni, o‘z “issiq-sovuqchi”si bor.

Yana bir sababi
O‘zbeklar tabibga, azayimxonga chopishining, hech iloji qolmaganidan keyingina vrachlarga borishining yana bir sababi vrachlarning ham azayimxondan battar bo‘lib ketganidadir. Vrachlar diagnostika markazlari va aptekalar bilan maxfiy bitim tuzib olib, huzuriga kelgan bemorlarni ayovsiz “shilayotgani”. Buni bugun yashirishning ham, xaspo‘shlashning ham hojati yo‘q, har bir yurtdoshimiz buni ko‘rib, bilib turibdi.
Boshqasini qo‘yib turing, hazillashib ham “Sarimsoqpiyoz egandim, og‘zimdan noxush hid kelayapti”, deb vrachga murojaat qilsangiz, sakkiz xil qon va siydik “analiz”larini topshirtiradi, “UZI”ga tushiradi, “MRT” qildiradi, “shlang” yuttiradi, “EKG” qildiradi, rentgenga tushiradi va oxirida yigirma to‘rt xil dori buyuradi. Dorini qaysi aptekadan olshingizni, tahlilni qaysi diagnostika markaziga topshirishingizni “qattiq” tayinlaydi. “Boshqasiniki bo‘lmaydi”, deydi. Boshqasiga tekshirtirib kelsangiz, boshqatdan “o‘ziniki”ga yuboradi.
Undan ko‘ra sho‘rlik o‘zbekka tabibga borgani yaxshi-da. O‘zi ko‘radi, o‘zi tekshiradi, o‘zi tashhis qo‘yadi, o‘zi da’vo kursini tayinlaydi, o‘zi dori buyuradi, o‘zi dori beradi, o‘zi davolaydi, o‘zi hisob-kitob qiladi. Eng muhimi, vrachga o‘xshab, milliondan gapirmaydi.

Kallavaramlar paradi
Bu paradni ko‘rmoqchi, aniqrog‘i, Samarqandda nechta kallavaram borligini bilmoqchi bo‘lsangiz, shaharning “Limonadniy” degan joyiga chorshanba kuni saharda etib keling, tomoshani ko‘rasiz.
Ming-minglab samarqandliklar shu kuni o‘zlarining kallavaramliklarini namoyish qilishadi. Ularning teng yarmi “Bibi Chorshanba ona”dan madad so‘rab kelsa, qolgan yarmi “Ro‘shnoyi ota”dan najot istab keladi.
E’tibor berdingizmi, bu johil odamlar bu erda yotganligining ehtimoli bo‘lgan kishining nima karomat ko‘rsatganligi tugul, erkak yoki ayolligini ham aniq bilmaydilar, ammo sig‘inadilar. Ko‘r-ko‘rona! Kallavaramlarcha! Har chorshanba sahar mardondan daryoday oqib kelaveradilar va bu erdagi buloqdan chiqadigan suvdan idishlariga olib ketadilar. Eng qizig‘i, bu “muqaddas buloq”ning suviga haftaning qolgan kunlarida it ham qaramaydi…

Puli etib, aqli etmaganlar
Nurobod tumanidagi Oqsoy qishlog‘ida yashaydigan o‘rtog‘imnikiga bordik. Qishloq ko‘chasidagi mashinalarning tirbandligidan uning uyiga o‘tolmay, bir soatdan ortiq vaqt yo‘qotdik. Ishonasizmi, ming-minglab mashinalarning ichida davlat raqamlari “01” dan boshlab “95”gacha bo‘lganlarini ko‘rdik. “Mersedes”lar, “Leksus”lar, “Toyota”lar, “Kaptiva”lar, “Orlando”lar, “Moskvich”lar, “Zaporojes”lar, avtobuslar, …
Nima emish, Hazrati Dovud shofyorlarning piri emish! Mashina olgan odam bor-ki, Hazrati Dovudni ziyorat qilishi shart emish!
Nima emish viloyat hokimining o‘zi bu erni obod qilayapti emish!
Nima emish, Yulduz har yili ikki marta kelar emish!
Baraka topgur, viloyat hokim obod qilsa, bu er juda bohavo joyligi uchun, odamlar maza qilib dam olsin, deb obod qilayotgandir? Boshqa ishi qolmagan bo‘lsa, Yulduz ham kelgandir. Qolaversa, u ham o‘zingga o‘xshagan o‘zbek…
Qimmat mashinani olishga puli etib, qaerni ziyorat qilishga aqli etmaganlarga “Hazrati Dovudning Oqsoyga kelishga vaqti ham, bu erda qiladigan ishi ham bo‘lmagan, u tarixiy shaxs, Isroilda yashagan, payg‘ambar va podshoh bo‘lgan”, deganingiz bilan aslo tushunmaydi. “Senga pir bo‘ladigan bo‘lsa, Isroilga borib, ziyorat qil”, desangiz sizning esingiz joyidaligiga shubhalanib qarab qo‘yadi.
Ammo chiqish birmuncha qiyin bo‘lgan toqqa chiqib, g‘orga kirib, “Hazrati Dovudning qo‘l izlari”ni tavof qilib chiqadi va o‘sha erdagi daraxt sho‘rlikning shoxiga albatta, latta bog‘lab qaytadi: “O‘g‘il ko‘rsam, kelib echaman!”

Do‘mpaygan joy bo‘lsa bas
Bir kishi eshagini minib, qo‘lida uzun bir tayoqni tutib, bir dashtdan o‘tib borayotgan edi. Nogahon bir toshga qoqilgan eshagi yiqildi va bo‘yni qayrilib, eshaklikni bajo keltirib qo‘ydi. Kishi eshagini ko‘p yaxshi ko‘rar edi, darrandalar tilka-pora qilib tashlashini istamay, bir chuqur kavladi va eshagini ko‘mdi. Tabiiyki, eshagi ko‘milgan er anchagini do‘mpayib qoldi. Kishi do‘mpaygan joyning bir chetiga qo‘lidagi uzun tayoqni tiqib qo‘ydi va yo‘lida davom etdi.
Kishi biror yildan so‘ng yana shu erdan o‘tdi va eshagi ko‘milgan joyda o‘n besh-yigirma chog‘li ayol yig‘lab o‘tirganini ko‘rib, nima gapligiga tushunmay, ularga yaqin bordi. Eshagi ko‘milgan do‘mpaygan joy yoniga bir toshni qo‘yib, uning ustiga o‘tirib olgan bir ko‘sa ming‘irlab bir nimalarni o‘qir, ayollar uning oldidagi belboqqa pul tashlar, kishi suqib ketgan tayoqqa latta bog‘lar edi.
− Kel, ey, adashgan kimsa, sen ham ataganingni tashla va avliyo otamizdan najot so‘ra, albatta, murodingga etursan! – dedi ko‘sa haligi kishiga.
Kishi sekin ko‘sani aylanib do‘mpaygan joyning orqasiga o‘tib, tiz cho‘kdi va dedi:
− Meni kechir, eshagim, sen avliyo bo‘lib ketgan ekansan-u, men nodon buni bilmasdan, adashib, seni minib yurgan ekanman!
Bu bir latifa. Ammo bir o‘ylab ko‘ring-chi, do‘mpaygan joy O‘zbekistonning qaerida yo‘q? Yonida bir tayoq tiqilmagan “avliyoning qabri” qayerda yo‘q? Do‘mpaygan joyning yonida o‘sib qolib, bor shoxiga latta-putta bog‘lanmagan daraxt qayerda yo‘q?
Bizning xalq shunaqa, bir do‘mpaygan joyni ko‘rsa, ziyorat qiladi, yonida bir tayoqni ko‘rsa, latta bog‘lab, niyat qiladi.

Yana tabiblar haqida
Avvalgilarini qo‘yavering, mustaqillikdan keyin chiqqan, dong taratgan tabiblarni oling, qanaqalari chiqib ketmadi?
Qashqadaryodan yalab tuzatadigani chiqdi. Astag‘firulloh! Borganlar aytdi, navbatda turgan odamlarni qo‘yavering, mashinalarning oxiri viloyat chegarasiga etar ekan. Odamlar oylab navbatda turishar ekan. Navbat kutib yotgan davotalablarni haligi tabibning qishloqdoshlari uylariga ijaraga qo‘yib, pul ishlab yotibdi ekan. Qanchasi shularga narsa sotgan, ovqat qilib bergan va hokazo.
Qarshidan qasam ichirib davolaydigani chiqdi. (Adashmasam, haliyam “ishlayapti”.) Asosan, “01”ni davolar ekan, ya’ni alkashlarni ichmaydigan qilar ekan. “Ichsam, eshak bo‘lay!” deb qasam ichdirar ekan. (Eshak ko‘payib ketishiga ana shu tabib sababchi bo‘ldi-yov…)
Eng qizig‘i, xuddi shu kasalni Toshkentdan ichirib davolaydigani chiqdi. Joniga tegib ketguncha ichirar emish! “E, bo‘ldi-ey, endi ichmayman-ey!” deb yuborar emish.
Surxondaryodan so‘kib davolaydigan tabib chiqdi.
Andijondan aftingga qarab, Qoraqalpoqdan rasmingga qarab davolaydigan tabib chiqdi.
Namangandan ettitalab kasalni bir yo‘la ko‘radigani, Gulistonda hammani birdan “optom” seans qiladigani chiqdi.
Xorazmdan o‘z oshxonasida tayorlangan taomlar bilan boqib davolaydigan tabib chiqqan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘ondan “ochingdan o‘ldirib” davolaydigani chiqdi. Eng qizig‘i, ozish uchun borgan odam ham, semirish uchun borgan odam ham bir xil “lechina”dan murodi hosil bo‘lib ketayapti. Vo ajab!

Endi lisenziya haqida

Maqola tepasidagi soxta tabibga lisenziyani qaysi akademiya berganiniga e’tibor berdingizmi?
Qozog‘iston Xalq tabobati Akademiyasi!
Xuddi ana shu Akademiya mening bir qishloqdoshimga “Bir balo fanlari doktori” degan unvon va jimjimador lisenziya ham bergan edi. Ekstrasensorikami, elektorbionikami, esimda yo‘q. Biz uni “taqsir” der edik. Ko‘zidan qo‘rqar edik, yomon tikilar edi. Turmada qozoqlarning mashhur Abay degan tovlamachisi bilan o‘tirgan, mashhur aktyorimiz Tal’at Nigmatullinning qotili bo‘lgan bu nusxadan gipnoz sirlarini o‘rgangan edi.
O‘sha Akademiya biz g‘irt giyohvand deb bilgan bir tanishimizga “Giyohlar bilan davolovchi etuk mutaxassis, tabib”, deya lisenziya beribdi.
Bir narsani bilib qo‘ying, aziz yurtdoshlarim, biz bir mahallar “Pulim kuygan deb, qozoq sovunni egan ekan”, deb askiya qilganimizdek, qozoqlar ham bugun bizni askiya qilmoqda. Traktorchilarimizga ham, cho‘ponlarimizga ham, alkash va giyohvandlarimizga ham, uchiga chiqqan “apiris”larimizga ham “Eng zo‘r tabib shu” degan lisenziya berib, o‘zlari ustimizdan kulib o‘tirishibdi.
Biz, landovur, lapashanglar esa, hammaga kulgu bo‘lib o‘tiribmiz.

So‘ngso‘z o‘rnidagi o‘ngso‘z
Xafa bo‘lmang, sizni landovur, lapashang, hatto teparoqda kallavaram ham dedim.
Bunday deganimga zinhor ranjimang, yurtdoshim!
Siz kallavaram bo‘lmasangiz, men kallavaram bo‘lmasam, kechagina traktorchilik qilib yurgan “avliyo”ning uyidan millionlar chiqarmidi?
Ana shu millionlarni biz, siz, borib turgan landovurlar berganmiz!
Qachongacha sodda bo‘lamiz, odamlar?!
Qachon bizning ko‘zimiz ochiladi?!
Qachon bizning aqlimiz ishlaydi?!

To‘ra Murod

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Tabibman, qushnochman, folbinman, azayimxonman», degan muttahamlarga qachongacha ishonamiz?