11:26 / 30.05.2017
10 527

Yozda qanday ro‘za tutiladi?

Yozda qanday ro‘za tutiladi?
Yozning issiq kunlarida Muqaddas Ramazon oyi ro‘zasini qiynalmay tutishni istasangiz, quyidagi ko‘rsatmalarga amal qiling.
Bu oyda taomingiz odatdagidan farq qilmasligi kerak. Iloji boricha, oddiy bo‘lishi lozim. Sababi, taomnomadagi keskin o‘zgarishlar ayrim a’zolarni zo‘riqtirishi, turli muammolarga duchor qilishi mumkin. Ko‘proq sabzavotlar, mevalar, parranda, baliq, non, donli va sut mahsulotlarini iste’mol qiling. Ularning hazmi oson va to‘yimli sanaladi. Qovurilgan taom eyishdan o‘zingizni tiying. Bunday taomlar hazm qila omaslikka, jig‘ildon qaynashiga, kuchli chanqoqqa sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, issiqdan saqlanish ham lozim. Bu tanani suvsizlantirib, chanqashga olib keladi.

Amal qilish lozim bo‘lgan narsalar:
— Yog‘li va qand miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilmang. Ular tufayli sizni chanqoq qiynashi mumkin.
— Saharlik vaqtida ko‘p eb qo‘yishdan, ko‘p miqdorda suv ichishdan cheklaning. Buning oqibatida kun davomida organizmni tonusda ushlab turuvchi mineral tuzlar chiqib ketadi.
— Chekmang, agar bu odatingizni tashlay olmasangiz, bugundan chekishni kamaytirib boring.
— Saharlik vaqtida qaynatilgan, yengil, ammo uzoq vaqt davomida hazm bo‘luvchi taomlarni tanovul qiling. Bularga dukkakli (loviya, no‘xat, mosh kabi) va don mahsulotlari kiradi.
— Organizmingizda suvni me’yorda ushlab turish uchun iftor vaqtida va kechki uyqu orasida ko‘proq suv va sharbatlar iching. Bu tanangizning suv bilan to‘yinishiga yordam beradi.

Ramazon ro‘zasini tutmaslikka ruxsat etilganlar quyidagi kishilardir:
1. Balog‘atga etmagan bola.
2. Aqlini yo‘qotgan majnun.
3. Hushidan ketgan kishi.
4. Kasalga chalinib, ro‘za tutolmaydigan kishilar.
5. Safardagi musofir.
6. Ro‘za tutishga madori yo‘q keksalar.
7. Hayz yoki nifos ko‘rgan ayollar.
8. Homilador va emizikli juvonlar.

Kutiladigan muammolar:
Ramazon ro‘zasining issiq kunlarga to‘g‘ri kelishi tanamizda turli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Albatta, bu o‘zimizning noto‘g‘ri oqatlanishimiz tufayli bo‘ladi. Ana shunday ko‘ngilsizliklar va ularni oldini olish haqida to‘xtalamiz.

Qabziyat
Sabablari: ko‘p miqdorda quyuq ovqat eyish, suv va sabzavotlarni etarlicha iste’mol qilmaslik.
Davosi: suyuqlik iste’molini ko‘paytiring, non mahsulotlarini pishirishda dag‘al yanchilgan undan foydalaning.

Hazm qila olmaslik va qorinning dam bo‘lishi
Sabablari: haddan ziyod eyish (bo‘kib qolish), ko‘p miqdorda qovurilgan, yog‘li, achchiq taomlarni iste’mol qilish, shuningdek meteorizm (ichaklarda havo to‘planishi) chaqiruvchi mahsulotlarni iste’mol qilish. Masalan, tuxum, karam, gazlangan ichimliklar kabi.
Davosi: haddan ziyod ko‘p emang, meva sharbati, undan ham yaxshisi distillangan suv iching.

Holsizlik (qon bosimining tushib ketishi)
Sabablari: etarlicha suyuqlik va tuz iste’mol qilmaslik
Davolash: ortiqcha issiqlikdan saqlaning, suyuqlik va tuz iste’molini ko‘paytiring.

Bosh og‘rishi
Sabablari: chekish va kofein iste’mol qilish, o‘ta charchash, uyqu etishmasligi, kun davomida paydo bo‘luvchi va kuchayuvchi ochlik hissi. Agar bosh og‘rishining sababi qon bosimining pasayishi bo‘lsa, bosh og‘rig‘i ancha kuchayib, iftor vaqtida ko‘ngil aynishni keltirib chiqarishi mumkin.
Davolash: tamaki va kofein iste’molini ramazondan 1-2 hafta oldin asta-sekin kamaytiring. O‘tli yoki kofein saqlamaydigan choy ichish mumkin. Ramazon vaqtida kuningizni yaxshi uxlab olishga ham qulay qilib taqsimlang.

Manba: Hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yozda qanday ro‘za tutiladi?