21:38 / 02.06.2017
19 181

Kuyovnavkarni bilamiz, «Kelinnavkarlik» ham paydo bo‘libdi

Kuyovnavkarni bilamiz, «Kelinnavkarlik» ham paydo bo‘libdi
“Kelinnavkarlik” muborak!
O‘tgan yilning avgust oyida dugonam Zarnigorning (ismi o‘zgartirilgan) nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Visol oqshomida kelin bilan kuyovning sevgi tarixini, zamonaviy til bilan aytganda “Love Story” namoyish etish maqsadida ikki yosh toqqa chiqishgan edi. Suratga tushish jarayonida bexosdan kelinning oyog‘i toyib, pastlikka dumalab ketdi. U bilan birga borganlar karaxt ahvolga tushib qoldilar. Dugonalar kelin bo‘lmishni bir amallab ko‘tarishdi va zudlik bilan kasalxonaga olib borishdi. Shukrki, Zarnigor tirik, ammo… bir umrga yarimjon bo‘lib qoldi. Shu birgina suratga tushish deb sog‘lom dugonam nogironga aylandi. Kimga aza, kimga to‘y?..

Co‘nggi paytlarda to‘ylarda katta ekranlarda namoyish etiladigan kelin-kuyovning “sevgi tarixi”, ya’ni “Love story”ga yangi rusum deb qarasak, u qachon paydo bo‘ldi va qachon urfga aylandi? Sharqona odatlarimizga ko‘ra, aksariyat nikoh to‘ylari sovchi orqali yigit-qizning uchrashuvlari va tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida hal bo‘ladi, ikki yosh dabdurustdan bir-birini sevib qolmaydi, balki yoqtirishadi. Hayotida yigitga yaqin turib suratga tushmagan qiz, kechagina tanishgan odam bilan qanday qilib “sevgi tarixi”ni yaratishi mumkin? Deylik, sevishib turmush qurayotgan ikki yosh ham to‘yga kelgan yuzlab mehmonlarga “mana bizning sevgi tariximiz” deya o‘zlarining intim kechinmalarini namoyish qilishi qanchalik to‘g‘ri? Axir bu yolg‘ondan boshlanayotgan hayot emasmi? Na kulishingni, na yig‘lashingni bilmaysan kishi.

O‘sha – tog‘dan yiqilgan dugonamning holati yuzasidan, boshqa dugonam bilan gaplashsam, “Nima bo‘libdi, bu hozir moda, zamon zayli shu bo‘lsa, xalqimiz “Oshing halol bo‘lsa ko‘chada ich”, deb bejiz aytmagan” deydi. Bunisiga nima deysiz. Oshim halol ekan deb har qanday noma’qulchilikni qilish mumkin ekan-da…

Oradan ko‘p o‘tmay yana boshqa bir dugonamdan to‘yiga taklif qog‘ozi oldim. Taklifnoma berishga kelgan dugonamning gaplarini eshitib hayron qoldim, uning aytishicha, to‘yda kelinning hamma dugonalari bir xil libosda bo‘lishlari shart emish. Avvaliga bu holat menga kulgili tuyildi. Axir dugonamning men tanimagan tanishlari ham bo‘lishi mumkinku, qanday qilib ular bilan bir xil kiyinaman, hammaning didi turlicha bo‘lsa. Etirozimni bildirishga endi og‘iz juftlagan edim, yigirmatacha qizga etadigan libos uchun gazlamani kelin o‘z bo‘yniga olishini aytdi. Ota-ona qiziga sarpo qilgani etmaganidek, endi kelinning dugonalari (kelinnavkarlar)ga ham kiyim olishi kerakmi? Bir xil matodan kiyim kiygan kelinning qurshovidagi qizlarning suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yilishiga ham ko‘zimiz o‘rganib qoldi. Eng qizig‘i, bunday suratlarning ostiga “kelinnavkarlar” deb yozib qo‘yilishiga kimdir etibor berdi, kim esa yo‘q.

Udumlarimizga ko‘ra kuyov bo‘lmishning do‘stlari bilan kelinning uyiga kelishini kuyovnavkarlarni kutish marosimi sifatida bilamiz. Navkar so‘zi ham erkaklarga tegishli. Ammo endi bir xil libosdagi kelinning dugonalarini “kelinnavkar” deyilishidan hech qanday ma’no topolmadim.

Hozir ayni nikoh to‘ylari mavsumi. Har bir to‘y egasining orzu-havasi bo‘ladi, albatta. To‘g‘ri, farzand o‘stirib voyaga etkazgan ota-onaning, shuningdek, uylanayotgan yigit, turmushga chiqayotgan qizning ham. El qatori bo‘lib, birovdan kam bo‘lgisi kelmaydi. Ammo ana shu “el qatori” bo‘lish ham keyingi paytlarda qiyinlashib ketyapti nazarimda. Eldan ortda qolmayman deb o‘zimizga tashvish orttirib olyapmiz.

So‘nggi paytlarda to‘ylarni ixchamlashtirish haqida ko‘p gapirilayapti, mahalla-ko‘yda tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ammo shunga qaramay yangi-yangi, hech kim o‘ylamagan urflar paydo bo‘lyaptiki, hayron qolasan kishi. Umuman bunday udumlarning “ijodkori” kim? O‘zimiz emasmi? Ana shunday udumlar natijasida o‘zimizga sotib olgan nomimiz kelinnnavkarlik muborak bo‘lsin, aziz dugonalar!

Shohsanam NIShONOVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kuyovnavkarni bilamiz, «Kelinnavkarlik» ham paydo bo‘libdi