14:04 / 19.08.2017
15 541

Erkaklarni jalb qilish uchun ayollar bezanishi kerakmi?

Erkaklarni jalb qilish uchun ayollar bezanishi kerakmi?
Tabiat go‘zalligi insonni o‘ziga mahliyo qiladi. Ongli mavjudot inson olami esa shu darajada mukammalki, u o‘ziga tabiatni mahliyo qildirgisi keladi. Bu o‘rinda ayollarning o‘ziga pardoz andoz qilishi aynan mana shu yo‘nalishdagi harakatlar, desa bo‘ladi.

Biz bilgan tabiatda jinslar orasidagi tafovut mavjud. Bu tafovutda tabiatda urg‘ochi, zaif, palla ikkinchi tomonining har doim ham negadir mukammal va go‘zal qilib yaratilmaganini ko‘ramiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayollar o‘ziga oro berishni yoqtiradi va bu shunday bo‘lishi ham kerak. Biz erkaklar o‘ziga unchalik qaramaydigan, ma’lum ma’noda pardoz andoz qilinmagan, zeb ziynatlar bilan o‘zini “bezamagan” ayollarga unchalik suq nazar bilan qaramaymiz. Demak, faqat bizning, erkaklarning nazarini o‘ziga jalb qilish uchun ayollar bezanishi kerak deb o‘ylaganlar birqancha adashadi desak bo‘ladi. Ruhiy jihatdan olganda insonning ichki kayfiyati normal bo‘lishi, hatto o‘ziga yoqqan holda birqancha yuqoriroq bo‘lgani yaxshi. Shuning uchun har bir kishi, ayniqsa ayollar, erkaklar ham o‘zlariga, o‘zlarining tashqi ko‘rinishlariga, shu bilan bir vaqtning o‘zida o‘z ichki ko‘rinishlariga ham kundalik hayotlarida jiddiy e’tibor berib yurishlari maqsadga muvofiqdir.

Ushbu mulohazalardan keyin ayollarimizga qaratilgan bir necha maslahatlarni o‘rtaga tashlamoqchi bo‘ldik va buning qulay usuli sifatida suhbatimizni savol javob tarzida bayon qilishni ma’qul ko‘rdik. Chunki bu savollar menga psixolog sifatida turli yig‘ilish va uchrashuvlarda berilgan edi. Ularni umumlashtirib, ba’zilarini bo‘rttirib keltirmoqdaman.

-Men ayol kishi bo‘lganim uchun bejirim kiyinishni yoqtiraman. Ammo, ko‘pincha o‘zimning kiyinishimdan unchalik qoniqmay yuraman. Buning sababi nimada?

- Kiyinish san’ati faqatgina ayollarga emas, erkaklarga ham juda o‘rganishga arzigulik san’at. Ammo biz hammamiz ham o‘z tarzimizga mos ravishda kiyinib yuramiz, deb aytolmaymiz.

Kiyinish birinchi o‘rinda insonning ichki ruhiyati bilan bog‘liq bo‘lishi shart va bu shartga yana bir qo‘shiladigan tomoni shundaki, ayni bugun ushbu tarzda kiyinishning asosiy maqsadidan kelib chiqish lozim. O‘z kayfiyatingizni bugungi qiladigan ishlaringiz va maqsadlaringizga bo‘ysundiring. O‘ta rasmiy idoraga borishingiz kerak bo‘lgan holda teatrga boradigan kiyimlarni kiymaysizku axir. Demak… .

Kecha oilada ba’zi narsalardan ko‘ngli xira bo‘lgan ayol ertalab ishga o‘ta ko‘rkam yo‘nalishda kiyinmaydi. Bunga uning ichki ruhiyati yo‘l qo‘ymaydi. Ammo ishda ma’lum tadbir mo‘ljallangan bo‘lsachi, bunda o‘z ruhiyatingizni ataylab mana shu tadbir ruhiyatiga moslashtirgan holda kiyinishingiz maqsadga muvofiq bo‘lishini unutmang. Bu kayfiyatingizga ijobiy ta’sir qiladi.


- Ba’zi ayollarning odamlar orasida qimtinib uyoq buyog‘ini, soch va kiyimlarini yaxshigina turgan bo‘lsa ham notabiiy harakatlarda to‘g‘rilayverganini ko‘raman, oxirgi paytlarda mening o‘zimda ham shunday harakatlarni sezmoqdaman, buning sababi nimada, undan qutulishning iloji bormi?

- Insondagi notabiiy harakatlar uning o‘zini boshqalar orasida naqadar komfort holda sezishi bilan bog‘liq. Bu albatta uning o‘ziga bo‘lgan munosabati, ichki o‘ziga bergan bahosi va ayniqsa o‘zini boshqalardan qay bir ma’noda salbiy baholashi bilan bog‘liq holda kechadigan ichki jarayondir.

Demak, birinchi o‘rinda o‘z ichki holatingizni, ruhiyatingizda kechgan oxirgi o‘zgarishlarni tahlil qilib chiqing.

Bunday holatning kelib chiqishi ikki xil ta’sir kuchidan kelib chiqishi mumkin. Birinchisi, ayniqsa, o‘ziga ancha yuqori baho berib o‘ziga bino qo‘ygan ayollarda, men boshqalardan go‘zalroqman, nimaga menga e’tibor qaratilmayapti, degan kuch ta’sirida va ikkinchisi, ayolning qandaydir sabablarga ko‘ra ichki ruhiyatining tashqi ruhiy ta’siri ostida «sindirilishi» bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Boshqalar oldida ayol bo‘lsin, erkak bo‘lsin o‘zining uyoq buyog‘ini to‘g‘rilayverishi nomadaniy, xulq sifatida salbiy harakat bo‘lib undan qutulsa bo‘ladi. Birinchidan, ichki ruhiyatingizga e’tiborni kuchaytirib kayfiyatingizni ko‘tarib yurishga urining; ikkinchidan, kiyinish tarzingiz bilan ichki ruhiyatingizning mosligini tahlil qilib chiqing (Bir narsani unutmang, birovning oldida pardoz-andoz qilish madaniyat chegarasiga kirmaydi).


- Men ayol sifatida anchagina o‘zimga qarab yuraman. Albatta upa enliksiz, pardoz-andozsiz ko‘chaga chiqmayman. Ammo o‘zimni ba’zan zamonadan orqada qolganday sezaman. Buning sababi, yoshlardagi ba’zi o‘ta yorqin ranglardagi pardoz-andozdagi ko‘rinishlar sababmi, deb o‘ylayman.

- Sizdagi yoshlarga nisbatan ruh ancha sog‘lomligi ko‘rinib turipti. Aslida kattalar doimo yoshlardan norozi bo‘lishadi. Yoshlarning ba’zan hatto keragidan ortiqroq yorqin ranglarda pardoz-andoz qilishi ularning yoshi bilan bog‘liq bo‘ladi. Siz o‘z ruhiyatingiz, bugungi shunday kiyinishdagi maqsadingizdan uzoqlashmang. Har qanday kiyinish shaxsning ichki kechinmasi va mo‘ljallanayotgan tadbir ruhiyatidan kelib chiqishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Axir azaga yorqin rangdagi atlaslarda bormaysizku. O‘ta yorqin, chalam-chalpa ranglarni, farosatsiz, go‘zallikni his qilish tuyg‘usi past, bu yo‘nalishdagi tarbiyasida kemtikligi bor shaxslar qilishadi.

- Psixologlarning aytishicha yaxshi kiyingan pardoz-andozni o‘rniga qo‘ygan, bir so‘z bilan aytganda orasta, o‘ziga qaragan ayolar bir joy yoki biror idora, tashkilotga borsa muammosi tezroq hal bo‘ladi deyishadi. Siz bunga nima deysiz?

- Kishining o‘ziga qarab, orasta kiyinib yurishi tabiiy hol bo‘lishi kerak. Aksincha, o‘ziga qaramagan kishi, ayniqsa u ayol bo‘lsa bu notabiiy holdir. Bizning biron kishi bilan uchrashishimiz bizning u kishi ruhiga va u kishining bizning ruhimizga tashqi ko‘rinishimiz orqali kirib borishini unutmaslik kerak. Birinchi ta’surot muloqot va keyinchalik muomala o‘rnatishda juda katta rol o‘ynaydi. Buni unutmagan kishi o‘z tashqi ko‘rinishiga befarq bo‘lmaydi. Demak, biron joyga borib ishingizning ijobiy hal bo‘lishida sizning tashqi ko‘rnishingiz katta rol o‘ynashini unutmang. Kattagina idoraga hovlida ishlaydigan ish kiyimingizda kirib boringda o‘z maqsadingizni ayting, sizni hatto qabul qilmasliklari mumkin va to‘g‘ri ham qilishadi.

- Nega ba’zi erkaklar o‘z ayollarining pardoz-andoz qilib o‘ziga qarab yurishiga qarshi bo‘ladilar, bu xudbinlikmi yoki o‘ta rashkchi erkaklar shunday yo‘l tutadilarmi. Buni normal hol deb bo‘ladimi?

- O‘z ayolining pardoz-andoz qilib yurishiga qarshi erkaklarda, agar bu holat faqat erkakning ruhiy holati bilan bog‘liq bo‘lsa uni erkaklardagi egoistik ruh bilan izohlasa bo‘ladi. Ammo, ko‘pincha buni boshqa sabablar bilan ham izohlashga to‘g‘ri keladi. Masalan, ushbu shaxs ruhida madaniy tarbiyaning etishmasligidan, ya’ni sen endi turmush qurgan ayolsan, senga endi pardoz-andoz kerak emas. Hatto, qurumsoqroq erkaklar ayollarining bu yo‘nalishdagi xarajatlariga ham rashk qilishadi. Demak, har bir holatda undan qutulish uchun alohida suhbatlashish lozim.

O‘z ayoliga shunday nazarlar bilan qarashiga qaramasdan ushbu erkakning boshqa orasta kiyinib, pardoz andozni joyiga qo‘yib yurgan ayollarga suq ko‘z bilan qarashlari uning o‘z xudbinligini oshkor qilib turadi.


- O‘z ayolining o‘ziga qarab yurishini istamagan erkaklar nega endi boshqa, o‘ziga oro berib yurgan begona ayollarga suq bilan qarashadi.

- Bunday erkaklardagi ruhiy holat va bunday xususiyat bir necha yo‘nalishda izohlanishi mumkin. Birinchidan, erkakning o‘z ayoliga nisbatan egalik tushunchasi bilan, ikkinchidan, ichki madaniy, ma’naviy kemtiklik bilan, uchinchidan, ayolining pardoz-andozga bir vaqtlar o‘ta ruju qo‘yganligidan bezor bo‘lganidan, ba’zan hatto oddiy qurumsoqlikdan va boshqa shunga o‘xshash sabablar bo‘lishi mumkin.

Savolning ikkinchi qismi, erkaklar tabiatan doimo izlovchan ruhda bo‘lishadi. Ular doimo go‘zallikni, go‘zal ayolni izlab yashashadi. Demak, o‘ziga oro bergan ayollarga hech bir erkak befarq qaray olmaydi. Buni ayollarimiz unutmasligi lozim. Erkaklar ruhida ayolga nisbatan tabiat joylagan hirsni ham unutmaslik kerak.

- Biz sevgi, muhabat barcha to‘siqlarni hatlab o‘tadi, deb bilamiz. Ba’zan bu yuksak tuyg‘u ham aynan mana shu narsani, pardoz-andozni hatlab o‘tolmay qoladi, unga qoqilib yiqilganini ko‘rish mumkin.

- Muhabbat tabiatning insondagi eng buyuk tuyg‘ularidan biri bo‘lishi bilan birga u shaxsning ichki mohiyatiga, madaniyatiga ham aylanib ketishi lozim. Shundagina biz buyuk muhabbat namunasini ko‘ramiz. Buyuk muhabbatga mos bo‘lish o‘ta noyob holdir va bunday muhabbatni hammamiz ham o‘zimizda mutanosib ravishda namoyon qila olamiz, deb aytolmaymiz. Ammo, baholi qudrat hammamiz ham sevamiz va sevilamiz. O‘z madaniy, bilim, tarbiya va ma’rifiy mavqeimizda biz sevar ekanmiz boshqalardan ham shunday sevgini kutamiz. Ammo, ko‘pincha biz kutgan sevgining me’yor va darajasi bir tomonni ichki mohiyati bilan qoniqtirsa tashqi va boshqa jihatlari bilan shu darajadagi mohiyatga ega boshqa shaxsni uchratgach uning tashqi ko‘rinish tomonlari ustun bo‘lsa, aynan mana ustunliklari biz uchun oxirgi sabablarga aylanib o‘ziga og‘dirib olib qo‘yishi mumkinligini unutmaslik kerak.

Axir siz ikkita mohiyatan bir xil narsa ko‘rib turganda birining tashqi ko‘rinishlari boshqasidan ustun bo‘lganda albatta o‘sha ustunligi borini tanlaysiz. Demak, bizning fikrimizni jalb qilgan ob’ektlar o‘zaro teng xususiyatda emas, birining ustunligi bor, mayli, bu ustunlik faqatgina tashqi jihatlarda ifodalansa ham. Demak siz o‘z tanlovingizda madaniy mavqeingizda adashmasangiz bo‘lgani.


- Ba’zi qizlarimiz qanchalik aqlli, qanchalik mulohazalik bo‘lmasinlar husn borasida omadlari chopmagan bo‘lsa umr yo‘ldosh topishda qiynalishadi. Nima, husn o‘ziga oro berish inson ichki dunyosidan ham muhimroqmi?

- Ko‘pincha erkaklar ayollari bilan ancha yil yashab achchiq chuchukni birga totib bir birlariga qadrdon bo‘lib qolganlaridan keyin ham ba’zan o‘ziga pardoz bergan ayollarning orqasidan ilakishib yurishadi. Bu o‘sha erkakning ichki dunyosining kemtikligi necha yillar o‘tib yuzaga chiqqanligini ko‘rsatishi mumkin. Yoki ma’lum sabablarga ko‘ra ayoli unga o‘sha paytlari yoqqanu, keyinchalik turli ma’lumotlarning, tushuncha va ko‘nikmalarning aniqlashib borganidan keyin yoqmay qolganligi bo‘lishi mumkin

Ayollar o‘ylaydiki, to‘g‘rirog‘i, istaydiki, barcha erkaklar barcha ayollarga o‘z onalariga, o‘z singgillariga, qizlariga qaragandek munosabatda bo‘lishsa, bunday ruhiyatga erishish uchun ayollardan ko‘proq nima talab qilinadi, ular nimaga e’tibor berishlari kerak.

Dunyoda eng ulug‘ zot onaligini hamma biladi, ona esa bu o‘sib kelayotgan jajji qizaloqlarimiz va keyinchalik ayollarimiz, shunday ekan ularni e’zozlash, hurmatini joyiga qo‘yish uchun nahotki upa enlik, har xil pardoz-andoz shunchalik muhim rol o‘ynasa. Ayolning ichki dunyosini izlang.


Mahmud Yo‘ldoshev,
psixologiya fanlari nomzodi



Manba: Tafsilot.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkaklarni jalb qilish uchun ayollar bezanishi kerakmi?