23:26 / 16.09.2017
7 938

Omonat g‘or siri (8-qism)

Omonat g‘or siri (8-qism)
Bir mahal yuragi bo‘shab, sal yengil tortgach, og‘zidagi qonni tupurdi. Bir qo‘liga tayanib, ramaqijon kampirday zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Aqlini yig‘ib, kelgan tomonini chamaladi-da, oyoqlarini sudrab bosib yurib ketdi.

Ufqqa yonboshlagan quyosh qontalash tusga kirib botib borayotgan palla. Atrofga shom qorong‘isi yoyila boshlagan. Lola to‘xtashni xayoliga ham keltirmay yurib borayotir. Yonidan g‘izillab o‘tib turgan mashinalar tobora siyraklashib qoldi. Oyoqlari toliqib, tomog‘i qaqragan qiz yo‘l yoqasidagi xarsangga o‘tirib nafasini rostlamoqchi bo‘ldi. Ammo tosh allaqachon sovib qolgandi, qizning qizigan badaniga zax o‘tdi va u ilojsiz o‘rnidan turib o‘n besh daqiqacha yurdi. G‘ira-shira yorug‘da “dala hovli” degan yozuv bitilgan ustunga ko‘zi tushdi. Lola boshqa lo‘li bolalardan farqli ravishda to‘qqizinchi sinfgacha o‘qigandi. Maktabni bitirishiga esa uyidagilari qo‘ymagandi. “Pul sanashni bilsang bas, yetadi, — deyishgandi ota-onasi, — o‘qiganing bilan shahar oberarmiding! Qaysi lo‘li o‘qib olim bo‘pti? Undan ko‘ra, hozirdan eringni boqishni o‘yla. Erga tekkaningda qiynalib yurmaysan…”

Yozuvni o‘qib, qiz o‘zicha jilmaydi. “Bugun payshanba, — o‘yladi u, — hovlining egalari kelmaydi. Birontasiga kiraman-da, qotgan-qutgan non topib qornimni to‘yg‘azib olaman, keyin ertalabgacha maza qilib uxlayman”.

Muyulishdagi birinchi hovliga u bosh suqib qaradi. Hovli etagida bir odam kuymalanib yurardi. Lola tovush chiqarmay ohista qadam bosib keyingi hovliga yaqinlashdi. Atrofga qarab oldi-da, odam bo‘yi devorga osilib, sekin mo‘raladi. Hovlida chiroq o‘chgan, hammayoq suv quyganday jimjit. “Shu uyga kiraman” degan qarorga keldi u. Tirmashib devorga chiqishga urindi. Devor balandlik qildi. Lola qaytib tushib, atrofga timirskilanib ikkita g‘isht topdi. G‘ishtlarni ustma-ust taxlab, oyog‘ini qo‘ydi-da, tag‘in devorga tirmashdi. Bu safar bir amallab devorga chiqib oldi va sekin sirg‘alib hovliga tushdi. Bir zum muz qotib tevarakka quloq tutdi. Dukduklayotgan yuragining urishidan boshqa tovush eshitilmadi. Hovli o‘rtasida ikki qavatli imorat qo‘qqayib turardi. U mushukday mayin odimlab uyga yaqinlashdi. So‘ng to‘xtab orqasiga o‘girildi-da, atrofga yana bir qarab oldi. “Tiq” etgan tovush eshitilmasdi. Ko‘ngli xotirjam tortib, uy eshigini itarib ko‘rdi. Ochilmadi. Xotirjamligi ortib, endi bemalol birinchi qavatdagi derazalarni itarib ko‘ra boshladi. Baxtiga derazalardan biri bekitilmagan ekan.

Uy ichiga kirgach, Lola qorong‘ida paypaslab oshxonani topdi. Jo‘mrakni ochib yuz-qo‘lini yuvdi. Keyin ishlab turgan muzlatgichni ochdi. Bir bo‘lak kolbasa bilan shapaloqday pishloqdan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi. Qiz yutoqib katta-katta tishlab, avval pishloqni, keyin kolbasani yedi. Bir xayoli chiroqni yoqib, non qidirmoqchi ham bo‘ldi-yu, ammo cho‘chidi. Nafsi qonganday bo‘lib, ikkinchi qavatga ko‘tarildi, xonalarni birma-bir ochib mo‘raladi. Hammasi yotoq ekan. Ulardan biriga kirib, yumshoq o‘rindiqqa cho‘zildi. Tani huzur tuydi va charchoq kuchini ko‘rsatib, ko‘zlari yumilib-yumilib ketaverdi. Lola nimalar bo‘lganini o‘ylab ko‘rishga urindi, ammo charchoqni yengolmay uyquga ketdi.

Bu payt dala hovli darvozasi yoniga oppoq “Neksiya” kelib to‘xtadi. Undan tushgan yigirma ikki yoshlardagi yigit darvozani ochdi. Mashina hovliga kirib, undan bir qiz to‘rt yigit hamrohligida tushdi. Ular birinchi qavatdagi chiroqlarni yoqishdi, yigitlar mashinadan sudrab tushirishgan qiz ayyuhannos solib baqirar, yigitlar xoxolashar, ammo yumshoq o‘rindiqda pishillab uxlayotgan Lola bulardan bexabar edi. Darvozani ochgan yigit “asira”ni sudrab ikkinchi qavatga olib chiqdi-da, Lola uxlayotgan xonani ochib, chiroqni yoqdi. Lola tok urganday seskanib uyg‘onib ketdi. Yotog‘ida bemalol yastanib yotgan qizni ko‘rib yigitning ko‘zi kosasidan chiqib ketayozdi.

— Kimsan?! — dedi u o‘shqirib.

— O‘zing kimsan? — so‘radi Lola o‘rnidan sekin turarkan.

— Bu yerda nima qilib yotibsan?

— Sanga niyma? Sotvoganmisan?

— Bu nima deganing, bu dacha meniki!

— Hujjating bormiy?

— Hozir men sening ko‘zingga hujjatni ko‘rsataman! — yigit o‘zi sudrab olib chiqqan qizning qo‘lini qo‘yib yuborib, ortiga qaytdi.

* * *

Lazokat bo‘yniga chirmalgan arqon bilan yerda cho‘zilib yotardi.

— Qizim, qizginam!.. — Xalil boyvachcha uning boshini ko‘tarib quchoqladi. — Nima qilib qo‘yding?!

Qizining nafasi boyvachchaning dimog‘iga urildi. U qizining boshini biroz chetga surdi-da, yuziga tikilib turdi. Lazokat pishillab nafas olar edi. “Tushunarli, — dedi ichida Xalil boyvachcha, — hozir hammasi yaxshi bo‘ladi”. U yuvinish xonasiga kirib, chelakni suvga to‘ldirib chiqdi-da Lazokatning ustidan sepib yubordi. Sovuq suvdan seskanib sapchib o‘rnidan turgan qiz ko‘zlarini lo‘q qilib otasiga qaradi. Shundagina Xalil boyvachcha qizining ichki ko‘ylakdaligini payqadi. “Shu mening qizimmi? — degan o‘y kechdi otaning xayolidan. — Yoki Lazokat bo‘lib ko‘rinayotgan boshqa qizmi?..” Favqulodda kelgan bu fikr kiprik qoqqulik fursatda xayolidan ko‘tarildi. Boyvachchaning nafrati qo‘zidi, biroq bu safar u jahlini bosa oldi va vazminlik bilan:

— Qizim, o‘zini osish hammaniyam qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun ham iroda kerak, — dedi.

Lazokat esa hozir otasi kamarini yechib qo‘liga olib savalashini yoki tizzalab o‘tirib uvvos solishini kutgandi. Biroq o‘ylaganlari o‘yligicha qoldi.

— Nilufar, — dedi Xalil boyvachcha xonadan chiqarkan, — singlingga ozgina ta’lim bersang bo‘lmasmidi, qizim?

Katta qizi boshini egib otasiga yo‘l bo‘shatganday o‘zini chetga oldi.

Bunday holatida, odatda, boyvachcha xotinini ayab o‘tirmas, xumordan chiqquncha tepkilardi. Lekin hozir indamadi. Faqat yonidan o‘tayotib:

— Sen ham xotinmisan! — dedi muloyim ohangda.

Zarba qizga ham, xotinga ham bir xil — yumshoqqina, biroq jon joyiga berildi. Nishon juda aniq olingandi. Lazokat Nilufarning dashnomlarini deyarli eshitmadi. Mo‘’tabarxonning ko‘nglidan “O‘ldirsangiz rozi edim”, degan o‘y kechdi. Ammo qizu onaning izzasi ikki daqiqadan ko‘pga cho‘zilmadi — ular yana o‘z asl hollariga qaytishdi.

Qora “Mers”iga o‘tirgan Xalil boyvachcha mashinani o‘t oldirib, qo‘l telefonda raqam terdi. Negadir kulgisi qistab, piqilladi.

— Allo, — dedi u go‘shak ko‘tarilganini eshitib, — namuncha ko‘tarishing qiyin!

— Oshxonadaydim, — degan nozik ovoz eshitildi, — siz uchun pirog pishirayotgandim.

— Undan ko‘ra zahar tayyorlasang bo‘lardi, — kesatdi boyvachcha.

— Voy, naga unaqa deysiz? Siz mening novvotimsiz-ku-u-u…

— Ering-chi? U shikalatmi?

— Qo‘ying o‘shani, — dedi ayol nozli tovushda, — eslatmang. Hozirgina esimdan chiqargandim.

— Ungacha tinmay eslayotganmiding?

— Namuncha unaqa qilovrasiz! — bu safar juvonning tovushi po‘pisa qilayotganday chiqdi. — Ko‘zim to‘rt bo‘lib kutib o‘tirsam-u, gapirayotgan gapingizga qarang!

— Bo‘pti, — dedi Xalil boyvachcha, — mayda-chuydangni tayyorlab qo‘y, bir dam olaylik.

— Xo‘p bo‘ladi.

Xalil boyvachcha bu juvonni olti yil burun yo‘lda uchratib qolib tanishgandi. O‘sha paytlari, garchi o‘ziga to‘q bo‘lsa-da, hali Xalil boyvachchaga aylanmagandi. Hartugul tagida minsa birov kulmaydigan mashinasi, otasidan meros qolgan hovlisi bor edi. Bir kuni mashinada ketayotib, yo‘l chetida turgan bejirimgina kiyingan, kichkina sumka ko‘tarib olgan juvonga ko‘zi tushdi. Yomg‘ir sevalab turar, juvonning esa soyaboni yo‘q edi. Unga Xalilning ichi achidi, mashinasini to‘xtatib, borar manzilini so‘radi. Yomg‘irda ivib, sovuqdan qo‘li, yuzlari qizarib ketgan juvon lip etib mashinaga o‘tirib oldi-da, keyin qayerda yashashini aytdi. Uning qilig‘i Xalilga yoqmadi, ammo juvonning muloyim ovozi uni o‘ziga rom etdi. Yo‘l-yo‘lakay juvonning ismi Nigora ekanini, turmushga chiqqaniga bir yil bo‘lganini, lekin hali bolasi yo‘qligini bilib oldi.

Ertasiga ular xuddi o‘sha — Nigora yomg‘irda ivib turgan joyda yana “tasodifan” duch kelishdi. Keyin yana va yana… Shu tariqa Nigora Xalilning jazmaniga aylandi. Olti yilda juvon ikkita farzand ko‘rdi, ular Xalildanmi yoki eridanmi, buni uning o‘zi ham bilmasdi. Aksiga olib na o‘g‘li, na qizi eriga ham, jazmaniga ham o‘xshamasdi. Shunga qaramay, Nigora bolalarini Xalil kelganida unga, eri bilan gurunglashganda esa eriga o‘xshash tomonlarini istagancha topardi.

Xalil ikkinchi qavatga ko‘tarildi. O‘zi kiradigan xonadonning eshigi qiya ochiqligini ko‘rib tirjaydi. Bu faqat Xalil bilan Nigoraga ma’lum belgi bo‘lib, uning tagida: “Tezroq kiring, qo‘shnilar ko‘rib qolmasin”, degan ma’no bor edi. Nigora: “Agar eshigim ochiq bo‘lsa, “lip” etib kiring, tag‘in g‘iybatchilarning tiliga tushib qolmaylik”, deb tayinlab qo‘ygandi.

Boyvachcha bo‘sag‘adan ichkariga hatlab, eshikni yopdi. Shu payt ro‘parasida yoshi o‘ttizni qoralab qolgan esa-da, xuddi o‘n sakkiz yoshli qizday pardoz-andoz qilgan go‘zal Nigora paydo bo‘ldi. Juvon erkakning bo‘ynidan ohista quchib, labidan bo‘sa oldi va uni mehmonxonaga boshladi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (8-qism)